Koreya davlatiga o‘qishga yuborish uchun 20 ming dollardan ortiq mablag‘ni qo‘lga kiritgan muassasa faoliyatiga chek qo‘yildi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Asaka tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshirishda “S.” nodavlat ta’lim muassasasi rahbari T.N. va boshqalar 2019 yil davomida bir necha fuqaroning ishonchiga kirib, ularni Koreya davlatidagi oliygohlarga o‘qishga kiritib qo‘yish hamda viza olib berish evaziga 3 ta holatda 20 300 AQSh dollari va 8 million so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganliklari aniqlangan.
Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur holat yuzasidan N.T. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.