Koreya eksport-import bankidan tibbiyot muassasalari uchun imtiyozli qarz: Samarqandga 35 turdagi 655 ta tibbiy jihoz olinadi
Ushbu zamonaviy tibbiy jihozlarni xarid qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 31 iyuldagi "Koreya eksport-import banki bilan hamkorlikda “Hududiy tibbiyot muassasalarini tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida belgilangan.
Qarorga ko‘ra, loyihani amalga oshirish uchun respublikamiz bo‘yicha Koreya eksport-import bankining Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamg‘armasidan 10 yil imtiyozli davr bilan 40 yil muddatga jami 74 million AQSh dollari ekvivalentidagi Koreya vonida imtiyozli qarz ajratiladi. Loyihaning umumiy qiymati 88,78 million AQSh dollarini tashkil etadi.
«Hududiy tibbiyot muassasalarini tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash» loyihasi doirasida xarid qilinadigan tibbiy jihozlarning hududlar bo‘yicha taqsimotiga ko‘ra, Samarqand viloyatidagi tibbiyot markaz va birlashmalar uchun 35 turdagi 655 ta tibbiy jihozlar olinadi.
Masalan, har bir tuman, shahar tibbiyot birlashmasiga zamonaviy "C-ARM" rentgen uskunasi, viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi,
RShTYoIM Samarqand filiali va Samarqand davlat tibbiyot universiteti klinikasiga bittadan LOR kombayn (mikroskop va video tizimi bilan) xarid qilinadi.
Ushbu uzoq muddatli imtiyozli qarz berilishi va so‘nggri rusumdagi tibbiy jihozlarni olishdan maqsad aholining kafolatlangan va sifatli tibbiy yordam olish imkoniyatini kengaytirish, hududiy tibbiyot muassasalarida ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar ko‘lami va sifatini oshirish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashdan iborat.