Koronavirus: Hindistonda ahvol kunora og‘irlashmoqda

Har kuni uch mingdan ortiq odamlar vafot etyapti. Ikkinchi kuni ketma-ket yangi holatlar soni 400 mingdan oshdi. Kasallarga bepul koyka yo‘q, garchi Hindiston dunyodagi eng yirik dori-darmon ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblansa-da, dori vositalari yetmayapti. Eng katta muammo - bu sun’iy kislorod uskunalari yetishmasligi. 10-20 baravar qimmatroq sotiladigan kislorod ballonlarining ulkan qora bozori paydo bo‘ldi.

Hindistonga yordam boshqa mamlakatlar qatori, asosan, AQSh va Yevropadan kelmoqda. Bu kislorod uskunalari, IVL apparatlari va vaksina uchun boshlang‘ich materiallar. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, Hindiston singari aholi zich joylashgan mamlakatdagi nazoratsiz epidemiya butun dunyoga katta xavf tug‘diradi. Vaziyat emlashlarga beta’sir bo‘lgan koronavirusning yangi mutatsiyasi bilan murakkablashmoqda.

Ma’lumki, Rossiyaning «Sputnik V» vaksinasining birinchi partiyasi shanba kuni Haydarobodga yetib keldi. Emlash ikkinchi partiyani qabul qilib, sifati tekshirilgach, 10 kun ichida boshlanishi kerak. Shu bilan birga, rus vaksinasini joyida ishlab chiqarish variantlari ham ko‘rib chiqilmoqda.

«Sputnik V» - Hindistonda ishlab chiqarilgan «AstraZeneca» va «Covaxin»dan keyin foydalanish uchun tasdiqlangan uchinchi vaksinadir. 1 may kuni mamlakatda rasmiy ravishda aholining keng qatlamlarini ommaviy emlash boshlandi. Biroq, aksariyat shtatlar doza yetishmasligi haqida xabar berishmoqda.