Koronavirus: Bugungacha dunyodagi vaziyat
AQShning nufuzli Jons Xopkins universiteti bergan ma’lumotga ko‘ra, dunyo bo‘ylab bugungi kungacha kasallanganlar soni 722.4 mingdan oshib ketgan (29 mart holatiga – 685 mingdan ortiq), ulardan 151.9 ming nafar bemor sog‘aygan (29 mart holatiga – 145 mingdan ortiq bemor).
Jons Xopkins universiteti taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, kasallik qayd etilish holati bo‘yicha AQSh yetakchilik qilmoqda. U yerda 142.5 ming nafar koronavirus yuqtirish holati qayd etilgan (29 mart holatiga – 125313 nafar holat). Ikkinchi o‘rinda Italiya – 97.6 ming nafar kasallanish holati (29 mart holatiga – 92472 nafar), uchinchi o‘rinda Xitoy – 82149 nafar kasallanish holati (29 mart holatiga – 82122). Birinchi uchlikdan keyingi o‘rinlarni quyidagi davlatlar band etib turibdi: Ispaniya – 80110 nafar kasallanish holati (29 mart holatiga – 78797), Germaniya – 62435 nafar kasallanish holati (29 mart holatiga – 58247) va Fransiya – 40723 nafar kasallanish holati (29 mart holatiga – 38309).
JSST ma’lumotiga ko‘ra, koronavirus oqibatida dunyo bo‘ylab jami 29957 nafar bemor vafot etgan (29 mart holatiga – 26.9 ming nafar bemor).
Rossiya Federatsiyasida koronavirus yuqtirganlar soni 1.5 ming nafardan oshib ketdi. Ulardan 59 nafar bemor sog‘aygan va 9 nafar bemor vafot etdi.
Moskva ma’muriyati, koronavirus aholining barcha yosh qatlamlari uchun bir xil xavf tug‘dirishini ma’lum qildi. Moskva maxsus shtabi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, og‘ir ahvoldagi bemorlarning deyarli yarmini 60 yoshdan kichik bo‘lgan bemorlar tashkil etmoqda. Shu bilan birga sun’iy nafas berish uskunalariga ulangan bemorlarning deyarli 40 foizi 40 yoshdan kichik bo‘lgan fuqarolar.
Moskva shahri va atrofdagi rayonlarda uy sharoitida o‘zini o‘zi karantinga olish rejimi joriy etildi. Odamlarga ehtiyoj bo‘lmagan hollarda ko‘chaga chiqish taqiqlandi.
AQSh Prezidenti Donald Tramp 100-200 ming nafar amerikalikning pandemiya oqibatida qurbon bo‘lishini “yaxshi ssenariy”, deb baholadi. AQShda o‘lim holatlarining avjiga chiqishi taxminan ikki haftadan keyin sodir bo‘lishi kutilmoqda.
Ukraina Prezidenti Zelenskiy agar mamlakatga hamkor davlatlar yordam ko‘rsatmasa, Ukrainaga defolt holati xavf solishi mumkinligini ma’lum qildi.
XXR hukumati mamlakatda koronavirus epidemiyasi to‘xtaganini ma’lum qildi. Mamlakat ichidagi kasallanish soni 3 ming nafarga yaqin ko‘rsatkichni qayd etdi. Biroq mamlakat hududiga kasallik tashqaridan kirib kelishi davom etmoqda. XXR Sog‘liqni saqlash qo‘mitasi rahbari Mi Fen mazkur holat virusga qarshi kurashning navbatdagi bosqichi bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi.