Koronavirus infeksiyasidan kasallanganlar soni 1 millionga yetdi

AQShning nufuzli Jons Xopkins universiteti bergan ma’lumotga ko‘ra, dunyo bo‘ylab bugungi kungacha kasallanganlar soni 1 milliondan oshib ketgan. Bemorlardan 211.4 ming nafardan ortig‘i sog‘aygan.

Ma’lumotda aytilishicha, kasallik qayd etilgan holat bo‘yicha AQSh yetakchilik qilmoqda. U yerda 245.2 ming nafar fuqaro koronavirus yuqtirgan. Ikkinchi o‘rinda Italiya – 115.2 ming nafar kasallanish holati, uchinchi o‘rinda Ispaniya – 112 ming nafar kasallanish holati. Birinchi uchlikdan keyingi o‘rinlarni quyidagi davlatlar band etib turibdi: Germaniya – 84.7 ming nafar kasallanish holati, Xitoy – 82.4 ming nafar kasallanish holati.

JSST ma’lumotiga ko‘ra, koronavirus oqibatida dunyo bo‘ylab jami 45.5 ming nafardan ortiq bemor vafot etgan.

Rossiya Federatsiyasida koronavirus yuqtirganlar soni 4319  nafarni tashkil etmoqda. Ulardan 235 nafar bemor sog‘aygan va 30 nafar bemor vafot etgan.

Xitoy hukumati 4 aprel sanasini koronavirus qurbonlari xotirasiga motam kuni deb e’lon qildi. Mamlakatda uch daqiqalik sukut saqlanadi, qurbonlar xotirasiga avtomobil, poyezd, kema va havo xujumiga qarshi mudofaa signalizatsiyalari bong uradi.

Filippin Prezidenti Rodrigo Duterte karantin vaqtida tartibsizliklar uyushtirgan aholiga nisbatan politsiya va qurolli kuchlar vakillari qurollardan o‘q otishini ma’lum qildi.