Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashishga ko‘maklashish maqsadida o‘zbekistonlik shifokorlar Tojikistonga yo‘l oldi
Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish, ushbu kasallikka chalingan bemorlarni samarali davolashda katta tajriba va malakaga ega bir guruh shifokor mutaxassislarimiz Tojikiston Respublikasiga yo‘l olishdi. Ularni Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov kuzatib qo‘ydi.
Ma’lumki, O‘zbekiston va Tojikiston xalqlarini ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, yagona din, o‘xshash madaniyat, urf-odat va an’analar bir-biriga mustahkam bog‘lagan. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi va oqilona siyosati tufayli so‘nggi yillarda mamlakatlarimizning keng qamrovli hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarildi, xalqlarimiz do‘stligi yanada mustahamlandi. Ikki mamlakat Prezidentlarining yaqinda telefon orqali muloqotida ham ikki tomonlama yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi mustahkam hamkorlik samarasi o‘laroq Tojikistonga yo‘l olgan shifokorlarimiz COVID-19ning oldini olish, nazorat qilish va davolashni tashkil etishda tojikistonlik tibbiyot xodimlariga yaqindan ko‘maklashadi.
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, dunyoda bo‘lgani kabi yurtimizda ham koronavirus infetsiyasi tarqalishining oldini olish, ushbu infeksiyaga chalingan bemorlarni samarali davolashdek ulkan mas’uliyatni chuqur his etgan tibbiyot xodimlari jasorat bilan, qahramonlarcha koronavirus balosiga qarshi kurashmoqda va samarali natijalarga erishmoqda. Jumladan, infeksiya tarqalishi sekinlashib, kasallikka chalinganlarga nisbatan sog‘ayganlarning soni ko‘payib bormoqda. Bundan tashqari, maxsus muassasalarda karantinda saqlanayotgan fuqarolarni tibbiy kuzatuvga olishda ham minglab tibbiyot xodimlari fidoyilik namunasini ko‘rsatib mehnat qilishmoqda.
Do‘st va yaqin qo‘shnimiz Tojikiston Respublikasiga yo‘l olgan tibbiyot guruhi tarkibiga anesteziolog-reanimatolog, pulmonolog, epidemiolog, infeksionist, virusolog, hamshira kabi koronavirusga chalingan bemorlarni davolashda katta tajriba to‘plagan malakali tibbiyot xodimlari jam bo‘lishgan.
Muhimi, shifokorlarimizning ko‘makka otlanishgani o‘zbek-tojik xalqlarining qadim-qadimdan yelkadosh bo‘lib, sinovli kunlarda yordamga tayyor bo‘lib, bir-biridan ko‘magini ayamasligidan dalolatdir.
Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.