Koronavirus qanday yo‘l bilan tarqalgani, kasallik manbai kim ekanligi aniqlanmagan holatlar ham bor
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov quyidagilarni ma’lum qildi:
– Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar soni 4 ming 448 nafarga yetdi. 3 ming 357 nafar bemor to‘liq sog‘aygan. Sog‘liqni saqlash vazirligi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, shifoxonalarda 1 ming 73 bemor davolanmoqda, 8 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir.
Koronavirus kasalligi bo‘yicha epidemik vaziyat murakkabligicha saqlanib turibdi. Yangi kasallanish holatlarining barchasi Toshkent shahri aholisi orasidan aniqlangan. Ushbu holatlar bo‘yicha epidemik surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Biz kasallikni, afsuski, kimdan, qanday yo‘l bilan tarqalganini, kasallik manbai kimligini aniqlolmagan holatlarimiz bor.
Shunday ekan, har birimiz ehtiyot choramizni ko‘rishimiz kerak. Birinchi galda o‘zimizni ehtiyot qilsak, oila a’zolarimizni ehtiyot qilgan bo‘lamiz. Doka niqob bu – himoya vositasi, undan foydalanishimiz shart. Muloqotda masofani saqlashimiz, odamlar to‘plangan joylarga borishdan tiyilishimiz, qolaversa, uyga qaytganda dastlab qo‘llarimizni antiseptik vositalar bilan zararsizlantirishimiz shart.