Koronavirus: qo‘shni Qozog‘istondagi vaziyat
Qozog‘iston Prezidenti qoshidagi Favqulodda vaziyatni ta’minlash Davlat komissiyasi Nur-Sulton va Olmaota shaharlarida 19 martdan boshlab karantin e’lon qildi. Bu haqda respublika hukumati matbuot xizmati xabar berdi. 16 mart sanasidan e’tiboran mamlakatda favqulodda vaziyat holati e’lon qilingan.
Qozog‘istonda koronavirus tarqalishi xavfi tufayli aholi hayoti va salomatligini asrash maqsadida bir oy muxlatga favqulodda vaziyat e’lon qilindi.
Ayni vaqtga qadar, mamlakatda tojsimon virus bilan kasallanganlar soni 44 nafarni tashkil etmoqda. 19 nafar Olmaota shahrida va 25 nafar Nur-Sulton shahrida koronavirus holati qayd etilgan.
“COVID-19 virusini Nur-Sulton va Olmaota shaharlarida tarqalganini hisobga olgan holda, shuningdek, koronavirusni Qozog‘istonning boshqa shaharlariga tarqalishining oldini olish maqsadida epidemiyaga qarshi qo‘shimcha cheklov va chora-tadbirlarni qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qildi”, deyilmoqda hukumat rasmiy saytida.
Berilgan xabarga ko‘ra, 19 martdan boshlab quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
- karantin joriy etilishi va epidemiyaga qarshi keng ko‘lamli sanitar tadbirlar o‘tkazilishi;
- karantin hududlari belgilanishi va u yerdan chiqish va kirish punktlari joriy etilishi;
- odamlar va transport vositalari haraktlanishini cheklash.