Koronavirus: Samarqand iqtisodiyotiga ta’siri qanday?

Dunyo iqtisodiyoti koronavirus pandemiyasi tufayli 2,7 trillion AQSh dollari miqdorida zarar ko‘rishi mumkin. Bu Buyuk Britaniyaning yillik yalpi ichki mahsuloti, degani. Yana 2020 yilda dunyoda iqtisodiy o‘sish 2,3 foizga pasayishi bashorat qilinmoqda.

Bank of Amerika mutaxassislarining fikricha, Xitoydagi vaziyat og‘irlashsa, iqtisodiy o‘sish jahonda 2,8 foizga pasayadi. Xitoy eksporti yanvar-fevral oylarida 17,2 foizga (292.45 milliard AQSh dollari) qisqardi. Import esa 4 foizga (299.5 milliard AQSh dollari), tashqi savdo aylanmasi 11 foizga qisqarib, 591.9 milliard AQSh dollarini tashkil etdi.

Viloyatimiz bo‘yicha 2019 yilda yalpi hududiy mahsulot 37593,9 milliard so‘mni tashkil qilib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 4,1 foizga oshgan. Tashqi savdo aylanmasi 1744504,7 ming AQSh dollarini tashkil etdi. Shundan, 77,6 foiz importga to‘g‘ri keladi. Importning hajmi eksportga nisbatan 3,5 barobar yuqoriligicha qolmoqda. Ijobiy o‘zgarish shundaki, eksport (24,1 foiz) importga (3,7 foiz) nisbatan yuqori suratda o‘sib bormoqda.

Viloyatimizning tashqi iqtisodiy faoliyatida Xitoy Rossiya va Turkiyadan keyin uchinchi o‘rinda turadi. Agar Xitoyning eksportdagi ulushi 10-12 foiz bo‘lsa, importdagi ulushi 21,75 foiz. Sodda qilib aytganda, viloyatimiz importining 1/5 qismi Xitoyga to‘g‘ri kelmoqda.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoydan import qilinadigan tovarlarning bir kunlik o‘rtacha summasi 783,4 ming AQSh dollarini tashkil etmoqda.

Xitoydan import qilinadigan tovarlarimiz asosan ilg‘or texnologiyalar, energetik uskunalar, kimyo mahsulotlari va xalq iste’mol tovarlari hamda butlovchi ehtiyot qismlarini tashkil etadi.

Bosh vazirning o‘rinbosari, davlat turizm qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimovning ta’kidlashicha, koronavirus pandemiyasi oqibatida bugungi kungacha mamlakatimiz turizm industriyasi 31 million AQSh dollari miqdorida zarar ko‘rdi.

Viloyatimizning iqtisodiy jihatdan yetakchi hamkorlaridan bo‘lgan Xitoy davlati bilan vaqtincha uzilish turizm sohasiga ham katta zarar yetkazdi. Agar o‘tgan yili yurtimizga Xitoydan kelgan sayyohlar 40 ming kishini tashkil etgan bo‘lsa, mavsumiylikni nazarda tutib olti oy hisoblansa, har bir turistning o‘rtacha uch kun vatanimizda bo‘lishi kuniga o‘rtacha 850 AQSh dollari miqdorida mablag‘ sarflashi e’tiborga olinsa, 51 million AQSh dollari miqdorida zarar ko‘rish ehtimoli bor.

Viloyatimiz tashqi savdo aylanmasining tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, 2019 yil yakuni bo‘yicha jami import hajmi eksportga nisbatan qariyb 3,5 barobar oshgan.

Xo‘sh, importni qisqartirib eksportni oshirish uchun nima qilish kerak?

Buning uchun avvalo, plastmas quvur, granula, xalq iste’mol tovarlari, sun’iy ip, gazlama va pryajani ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish lozim. Plastmassani qayta ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ham yaxshi samara beradi.

Ikkinchidan,  qishloq xo‘jalik mahsulotlarini ishlab chiqarish logistikasini tashkil qilish lozim. Tayyorlov korxonalarini barpo etib, aholidan qishloq xo‘jalik mahsulotlarini sotib oluvchilar o‘rtasida raqobat muhitini yaratish;

Uchinchidan, tomchilatib sug‘orish, yomg‘irlatib sug‘orish kabi innovatsion sug‘orish tizimlarini joriy etish;

To‘rtinchidan, aholidan avtomobil shinalari, akkumulyatorni xarid qilishni yo‘lga qo‘yish. Ishlatilgan avtoshinalarning restavratsiya va utilizatsiya jarayonlarini yo‘lga qo‘yish;

Beshinchidan, Xitoy va Koreya usulida ishlab chiqarilgan issiqxonalarni mahalliylashtirish, mahalliy issiqxonalarni yaratish;

Oltinchidan, ikkilamchi temir va chiqindi asosida xalq iste’moli va qurilish materiallarini ishlab chiqarish lozim.

Umuman olganda, barcha ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarini lokalizatsiya qilish masalalariga e’tiborni kuchaytirish kerak.

O‘tgan yil viloyatimiz bo‘yicha 297230 tonna tirik vaznda go‘sht ishlab chiqarilgan. Viloyatda ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jalik mahsulotlarining asosiy qismi dehqonchilik mahsulotlarini tashkil qilib, meva-sabzavotning hissasi respublika miqyosida qariyb 18 foizni tashkil etmoqda.

Koronavirus pandemiyasi munosabati bilan import keskin kamayib eksport hajmining ko‘payishi kutilmoqda. Epidemiya tarqalgan mamlakatlarda O‘zbekiston qishloq xo‘jalik mahsulotlariga, ayniqsa, meva-sabzavot va dehqonchilik mahsulotlariga talab keskin oshadi. Eksportni oshirish uchun avvalo, uning tarkibida asosan oziq-ovqat tovarlari (68,2 foiz) ekanligini nazarda tutgan holda viloyatning barcha sug‘oriladigan yer maydonlariga takroriy ekin ekishni joriy etish lozim. Bu maqsadga erishish uchun imtiyozli kreditlar, jarimalar kabi barcha mavjud iqtisodiy dastaklarni vaqtincha 1 yillik muddat bilan qo‘llash mumkin. Quritilgan meva va sabzavotlarni tayyorlash va eksport qilish logistikasini ishlab chiqish, mashina va uskunalar eksportining hozirgi 7,3 foiz hissasini yanada oshirish kerak. Bu tovarlarni eksport qilishda davlat proteksionizm siyosatini faollashtirish, import qilinadigan tovarlarni valyutalarga emas, balki mashina va uskunalarga ayirboshlashga turtki bo‘ladi.  

Bahodirxon SAFAROV,

SamDU professori.

Ahtam NIZOMOV,

SamDU dotsenti.