Koronavirus: tahdid, loqaydlik, saxovat, oqibat
Tarixdan ma’lumki, insoniyat 1918 yilda butun sayyoraga tarqalgan va 100 milliongacha odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan "Ispanka" nomli og‘ir epidemiyaga, bugungi kun iborasi bilan aytsak, pandemiyaga duch kelgan.
Ushbu epidemiya jamiyat a’zolarining oddiy intizomi, ya’ni niqobsiz yurmaslik va o‘zini ehtiyot qilish odobiga rioya etishi orqali bartaraf etilgan. U davrda axborot kommunikatsiya tizimi bugungidek rivojlanmagan, dunyo esa urush domida edi. Shunga qaramay, odamlar oddiy tartibga rioya qilgan va boshiga kelgan baloni daf etgan.
Bugun dunyoda Covid-19 virusi bilan zararlangan kishilar soni 1 million 800 mingdan, qurbonlar soni 109 ming kishidan oshdi. Virus dunyoning 185 mamlakatiga tarqalgan.
Bugun har birimiz uydan turib koronavirus pandemiyasi insoniyatga qanday zarar yetkazayotgani, uning shiddat bilan dunyoni qamrab olayotgani hamda pandemiya sharoitida odamlar o‘zi va yaqinlarini asrashi uchun nima qilishi zarur ekanligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kuzatib boryapmiz.
O‘zbekistonda pandemiyaga qarshi kurashish maqsadida butun mamlakat miqyosida qat’iy karantin tizimi joriy etildi va aholining mas’uliyatini oshirish maqsadida qisqa muddatda qonunchilikka tegishli o‘zgartirish kiritildi.
Oksford universitetining «Insoniyat kelajagi instituti» tadqiqotchilari tomonidan koronavirus pandemiyasining 150 mamlakat, jumladan, O‘zbekiston uchun ham uzoq muddatli bashorati e’lon qilindi. Bashoratda koronavirusga qarshi kurashish tadbirlari quyidagi to‘rt toifaga bo‘linadi: birinchisi, koronavirusga qarshi kurashishni o‘z holiga tashlab qo‘yish.
Ikkinchisi, koronavirus tarqalishi tezligini 20 foizga pasaytirish, mo‘’tadil karantin, 35-50 foiz odam izolyasiyada, chegaralarni yopish, transport harakatini cheklash.
Uchinchisi, koronavirus tarqalishi tezligini 50 foizga pasaytirish, qattiq karantin, 65-80 foiz odam izolyasiyada, ko‘chaga faqat zarurat bo‘lganda chiqish, ommaviy test, chegaralarni yopish, transport harakatini cheklash.
To‘rtinchisi, koronavirus tarqalishi tezligini 80 foizga pasaytirish, o‘ta qattiq karantin, 90-95 foiz odam izolyasiyada, ko‘chaga chiqish taqiqlanadi, ommaviy test, transport harakati butunlay cheklanadi.
O‘zbekistonda qo‘llanilayotgan karantin tadbirlari prognozning 3-modeliga mos bo‘lib, ushbu model mazmuniga ko‘ra, har bir odam o‘rtacha hisobda boshqa 1,3 odamga kasallikni yuqtirishi mumkin.
Lekin biz karantin talablariga rioya etmay ko‘chaga zaruriyatsiz chiqish, niqobsiz yurish, transportdan foydalanish tartibini buzish kabi oddiy deb hisoblagan harakatlarimiz evaziga salbiy natijaga qarab yurmoqdamiz.
Buyuk Britaniyada yuz minglab odamlar Milliy sog‘liqni saqlash xizmatiga (NHS) yordam berish uchun ko‘ngillilar safiga qo‘shilish chaqirig‘iga labbay deb javob berishdi. Dunyo bo‘ylab mijoz qabul qilmay, faqat yetkazib berish yo‘li bilan ishlayotgan ko‘plab kafe va restoranlarda tibbiyot xodimlariga qahva va sendvichlar bepul tarqatilmoqda.
Dunyo bo‘ylab tarqalayotgan koronavirus e’tiqodidan, irqidan, dunyoqarashidan qat’i nazar, barchani birlashtirdi, bir-biriga mehr ko‘rsatishga undamoqda. Virus insoniyatga tahdid solish bilan birga jamiyatimizdagi loqaydlik, kibr, yolg‘onchilik kabi salbiy illatlar va xavf-xatarga nisbatan befarq bo‘lmaslik, mehr-muruvvat hamda oqibat kabi ijobiy xislatlarni ham baholash imkoniyatini berdi.
Xo‘sh, koronavirusning O‘zbekiston sharoitida salbiy va ijobiy oqibatlari nimalarda namoyon bo‘ladi?
O‘zbekiston iqtisodiyoti koronavirus tufayli ishlab chiqarish, ijtimoiy tuzilmalar, biznes sub’yektlari faoliyatining vaqtinchalik to‘xtalishi oqibatida bozorda mahsulot tanqisligi paydo bo‘ladi, aholi daromadining pasayishi kuzatiladi, inflyasiya darajasi oshadi va byudjetga tushadigan soliqlardan daromad kamayadi.
Koronavirusning O‘zbekiston iqtisodiyotiga ijobiy ta’siri, fikrimizcha, birinchi navbatda raqamli iqtisodiyotni rivojlanishida namoyon bo‘ladi. "Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan ta’lim tizimining barcha bosqichlarida xalqaro andazalarga to‘liq javob beradigan zamonaviy axborot texnologiyalarini o‘qitish, "Aqlli maktab", "Elektron kutubxona" va boshqa loyihalarni amalga oshirish uchun infratuzilmani shakllantirish, raqamli texnologiyalar orqali o‘qitish markazlari sonini 80 taga yetkazish, "Bir million dasturchi" loyihasini amalga oshirish kabi vazifalar ijrosi joriy yil 1 mayigacha to‘liq ijro etiladi.
Hozirda ta’limning barcha turlari bog‘cha, maktab va oliy ta’lim, malaka oshirish to‘liq masofaviy tarzda amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yildi. Muqaddam ta’limni raqamlashtirish tizimiga o‘tkazishga turli vajlar bilan e’tiroz qilib turgan soha vakillari, rahbarlariga koronavirus hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Galdagi vazifa ta’lim sifatini raqamli nazorat qilishni tashkil etish hisoblanadi.
Shu o‘rinda ta’lim o‘rta, o‘rta maxsus va oliy ta’limda masofaviy ta’limni yo‘lga qo‘yilishi soha xodimlarining tahsinga sazovor xizmatidir. Onlayn dars berish uchun o‘quv ma’lumotlar tayyorlab, uni yo‘lga qo‘ygan barcha ustozlarga darslarni nazorat qilish, baholash va sifatini oshirish uchun hamjihatlikda yordam berishimiz zarur. Butun dunyo “Xan akademiyasi” ta’lim platformasidan onlayn dars olib, bilim olmoqda. O‘zbekistonlik bir guruh yosh volontyorlar o‘zlari hisobidan savob uchun ushbu platformani o‘zbek tilidagi variantini tayyorlashmoqda.
Bundan tashqari, pandemiya biznes sub’yektlarini kelajakdagi o‘z faoliyatlarini raqamli tashkil etish va boshqarish tizimiga o‘tkazishini tezlashtirishiga sabab bo‘ladi, deb o‘ylayman. Chunki karantin sharoitida tadbirkorlarda oddiy sharoitdagi faoliyat va raqamli sharoitdagi faoliyat yuritish samaradorligini real voqelikda taqqoslash imkoniyati yuzaga keldi. Shu sababli soha vakillari faoliyatini tezkorlik bilan ixtiyoriy ravishda raqamlashtirishga o‘tkazishga harakat qilmoqda. Bu holat pandemiyadan so‘ng iqtisodiyot rivojlanishi va innovatsiyalar uchun xususiy investitsiyalar miqdorini o‘sishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Karantin sharoitida ishlash mamlakatimiz hamda dunyoda amalga oshirilayotgan masofaviy faoliyatni huquqiy tartibga solish masalalari eng dolzarb masala ekanligini ko‘rsatmoqda. Chunki amaldagi qonunchiligimizda karantin sohasida ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni tartibga solish mexanizmlari nazarda tutilmagan.
Masalan, amaliyotda xodimlarga ish vaqti uchun 8 soatlik tabel yuritish belgilangan, masofaviy faoliyat yuritishda buning imkoniyati yo‘q. Masofaviy ta’lim berayotgan o‘qituvchining o‘z o‘quvchilari dars bo‘yicha topshiriqlarini bajarishini tartibga soluvchi me’yorlar ham mavjud emas.
Xuddi shu kabi masalalar har bir sohada mavjud. Shuning uchun sohaga mas’ul shaxslar, yuristlar va iqtisodchilardan har bir yo‘nalish bo‘yicha mavjud muammolarni aniqlashi talab etiladi. Ushbu masalalarni tartibga solish bo‘yicha esa hukumat qarori va ichki me’yoriy hujjatlar qabul qilinishi mavjud huquqiy bo‘shliqni to‘ldiradi.
Pandemiya bizga iqtisodiyot tarkibiy tuzilmalarining karantin faoliyatidagi faoliyatlari natijalari qaysi sohada oqsoqlik mavjudligini aniq ko‘rsatib beradi. Bu esa soha rahbariyatiga va barchamizga faoliyatni kelgusida to‘g‘ri yo‘naltirish hamda yuksaltirishni prognozlashtirishimizga yordam beradi.
Bahodir Isroilov,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor.