Koronavirusdan ham dahshatli pandemiya

Germaniyaning Maks Plank nomidagi kimyo instituti olimlari butun jahon bo‘ylab tarqalayotgan havoning ifloslanishini global pandemiya deb atadi.

Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, iflos havo inson umrini o‘rtacha uch yilga qisqartirib, har yili 8,8 million kishining yostig‘ini quritmoqda. Iflos havodan nafas olish tufayli Sharqiy Osiyoda, Hindiston va Yaponiyada o‘rtacha umr davomiyligi salkam 4 yilga kamaymoqda, yurak, miya va qon tomirlari tizimi zararlanmoqda. Kompyuterda modellashtirish sayyoramizda hayot davomiyligi ikki yilu o‘n oyga kamayayotganini hisoblash imkonini berdi. Ikkinchi o‘rinda sigareta chekishdan umr qisqarishi – 2,2 yil, tamaki chekish hisobiga har yili 7,2 ming kishi hayotgan erta ko‘z yummoqda.

Ulardan keyin bezgak, parazitlar va viruslar, pashshalar keltiradigan kasalliklaridan o‘lim – 600 mingni tashkil qiladi. Ushbu statistikani umr qisqarishiga sabab bo‘ladigan turli turmush shakllari, shu jumladan, urushlar, ocharchiliklar yakunlaydi.

Eng avvalo, 60 yoshdan katta kishilar havo ifloslanishi qurboni bo‘lmoqdalar. Agar grippga qarshi (ehtimol yaqin orada koronavirusga qarshi) vaksinalar bo‘lsa, havo ifloslanishidan hech narsa, hatto eng zamonaviy dorilar ham insoniyatni qutqara olmaydi.

Tadqiqotlar hammuallifi Tomas Myunselning ta’kidlashicha, iflos havoning inson salomatligiga ta’siri kutilganidan ham battar ekan. Odamlar asosan yonilg‘ining qazilma turlaridan foydlanishdan halok bo‘ladi. Birinchi navbatda bu rivojlangan mamlakatlar, ayniqsa Yevropaga taalluqlidir, Afrikada esa inson organizmini chang zarralari ko‘proq zaharlayapti.

Nemis olimlari iflos havoni yurak-qon tomirlari kasalliklari, chekish, diabet, yuqori qon bosimi va xolesterinni keltirib chiqaruvchi xatarli omillar ro‘yxatiga kiritilishiga erishishmoqchi. Masalan, Buyuk Britaniyada har yili 11 ming kishi zaharli havodan halok bo‘lyapti.

Besh yil avval olingan ma’lumotlarga ko‘ra, ifloslangan havo hammadan ko‘p Xitoyda bir yilda 2 million 799 ming 443 kishini, Hindistonda 1 million 853 ming 455 kishini, AQShda 283 ming 228 kishini hayotdan olib ketgan. Ushbu ro‘yxatda Rossiya Yaponiyadan keyin oltinchi o‘rinni egallaydi. Havoning ifloslanishiga qarshi kurash insoniyatni halokatdan saqlab qolishning eng samarali usulidir, deydi olimlar.

«Mir novostey» (2020 yil 10-son) haftanomasidan T.Murod tayyorladi.