Koronavirusdan sog‘ayganlar ham vaksina qabul qilishi mumkinmi?
Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati “COVID-19” ga qarshi emlash tadbirlari qachon boshlanadi?", "Kimlar birinchi galda emlanadi?", "Ular qayerda emlanadi?" kabi savollariga vazirlik huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Botir QURBONOVdan javob oldi.
— Koronavirus infeksiyasidan kasallanib, sog‘ayganlar ham vaksina qabul qilishi kerakmi?
— Ha, virusning o‘zgaruvchan ekanligi, doimiy ravishda mutatsiyaga uchrashi, “COVID-19” bilan bog‘liq xavflarning yuqoriligi va koronavirus bilan qayta kasallanish ehtimolining borligi sababli ushbu kasallik bilan avval kasallangan bo‘lishidan qat’i nazar, emlanish tavsiya etiladi.
— O‘zbekistonda “COVID-19” ga qarshi kimlar birinchi galda emlanadi?
— Dastlab JSSTning tavsiyasiga ko‘ra va dunyodagi boshqa davlatlar tajribasini o‘rgangan holda, Sog‘liqni saqlash vazirining joriy yil 15 fevraldagi tegishli buyrug‘iga asosan, aholi kasallikni yuqtirib olish xavfiga qarab toifalarga bo‘lingan. Demak, olib kelingan vaksinalar bilan emlash ham shu ketma-ketlikda amalga oshiriladi.
Unga muvofiq:
🔴 Yuqish xavfi juda yuqori bo‘lganlar: 65 yoshdan katta bo‘lganlar (65-74, 75-84, 85 yosh va undan yuqori), tibbiyot xodimlari, surunkali kasalliklar bilan dispanser nazoratida turuvchilar;
🔴 Yuqori xavf ostida bo‘lganlar: Qurolli kuchlar va huquqni muxofaza qilish organlari xodimlari, jurnalistlar, blogerlar, OAV xodimlari, transport xodimlari (metro, temir yo‘l, aeroport), maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarda xizmat qilayotgan xodimlar, chet davlatlarda tahsil oluvchi talabalar, Mehnat migrantlari ketma-ketlikda emlanishi rejalashtirilmoqda. Shundan keyingina asta-sekin aholining boshqa qatlamlari ham qamrab olinadi.
— Fuqarolar qayerda emlanadi?
Koronavirusga qarshi emlash ishlari ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, oilaviy poliklinika, oilaviy shifokor punktlarida va mobil guruhlar tomonidan amalga oshiriladi. Hududiy ambulatoriya-poliklinika xizmati tomonidan fuqarolarga emlanadigan kuni, vaqti va joyi haqida, albatta, xabar beriladi.
Emlash ishlarini esa maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan, alohida sertifikatlarga ega bo‘lgan vaksinatorlar amalga oshiradi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.