Koronavirusga qarshi kurashga qancha mablag‘ sarflandi?

2020 yil dunyo davlatlari qatorida xalqimiz ham murakkab va har tomonlama sinovli kunlarni boshdan o‘tkazmoqda. Koronavirus COVID-19 pandemiyasi davlatimiz va odamlar uchun og‘ir ijtimoiy iqtisodiy vaziyatni yuzaga keltirdi.

Pandemiya sharoitida Prezidentimiz tashabbusi bilan xalqimiz ijtimoiy jihatdan kuchli himoya qilindi, o‘lim holati bo‘lmasligi uchun barcha choralar ko‘rildi. To‘g‘ri, ba’zi kamchiliklarni ham inkor etib bo‘lmaydi, jumladan, shifoxonalarda joy yetishmay qolishi va dori-darmon narxlarining sun’iy oshishi kabi. Lekin bu kamchiliklar ham xalqimizning birgalikda, jipslashib harakat qilishi va davlatimiz ko‘magi bilan bartaraf qilindi.

Eng muhimi, chet eldan O‘zbekiston fuqarolarini xorijdan olib kelish uchun charter reyslar tashkil qilinib, ko‘pchilik davlatlar uddalay olmagan mehr-muruvvat ko‘rsatildi.

Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlariga sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazlarida karantinda saqlanayotgan fuqarolarni saqlash, jamoat joylarini dezinfeksiya qilish va epidemik holat bilan kurashish bo‘yicha boshqa tadbirlarga - 82,7 mlrd. so‘m ajratildi.

Sanitariya — epidemiologiya osoyishtalik agentligiga shaxsiy himoya, dezinfeksiya, izolyasiya vositalari, test (PSR) diagnostikumlari, tibbiy texnika vositalarini xarid qilish uchun esa 123,5 mlrd. so‘m sarflandi.

Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida 107,4 mlrd. so‘m mablag‘ asosida aholini vaqtinchalik karantinda saqlash majmuasi va Zangiota tumanida maxsus shifoxona qurilib, Toshkent shahrida zamonaviy diagnostika laboratoriyasi kompleksi rekonstruksiya qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi orqali 30 mlrd. so‘m mablag‘ asosida kam ta’minlangan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilmoqda.

Sog‘liqni saqlash sohasiga davlat byudjetidan yo‘naltirilgan mablag‘lar miqdori 3,883 trln. so‘m yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1084,4 mlrd. so‘mga ko‘p mablag‘lar ajratilgan.

Joriy yilning mart oyidan iyun oyiga qadar O‘zbekistonda pandemiya oqibatlarini, aholining yashash tarzi va iqtisodiyot tarmoqlari darajasida yumshatishga qaratilgan 14 ta farmon va qarorlar qabul qilindi.

Shu asosda 500 mingdan ortiq tadbirkorlik sub’yektlari va 8 mln. nafardan ortiq fuqarolar 30 trln. so‘mga yaqin imtiyoz va preferensiyalarga ega bo‘ldi.

Maxsus so‘rovnomalar natijasida 583 ming nafar kam ta’minlangan oilalarga, xususan, “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida 307 mlrd. so‘mdan ziyod mablag‘ yetkazib berilgan.

Olib borilayotgan islohotlar samarasini yanada oshirish, davlat va jamiyat rivojini yangi bosqichga ko‘tarish, hayotning barcha sohalarini liberallashtirish, mamlakatimizni modernizatsiya qilish bo‘yicha eng muhim ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish maqsadida hamda butun xalqimiz, ayniqsa, uning eng faol qatlamiga aylanib borayotgan tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan dolzarb masalalarni har tomonlama o‘rganish, amaldagi qonunchilik, huquqni qo‘llash va ilg‘or xorijiy tajribani tahlil qilish asosida ishlab chiqilgan.

Xalqimiz bugungi og‘ir sinovli kunlarni o‘zining metin irodasi, sabru qanoati, fidoyiligi bilan yengib o‘tib, mustaqil O‘zbekistonimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shishiga ishonchimiz komil.

G‘ayrat ABDIYeV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi.