Koronavirusga qarshi O‘zbekiston olimlari yaratayotgan ikki vaksina JSSTning nomzod-vaksinalar ro‘yxatiga kiritildi
O‘zbekiston Respublikasi olimlari tomonidan yaratilayotgan ikki vaksina – Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazining koronavirus S oqsili asosidagi rekombinant vaksinasi hamda Fanlar akademiyasining Genomika va bioinformatika markazining SARS-Cov-2ning oqsil bo‘lagining uch sohasi: pcDNA3. 1 (+) plazmidasiga qo‘yilgan NTD, RBD va HR1-HR2 vaksinasi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining nomzod vaksinalar ro‘yxatiga kiritildi. Mazkur ikki vaksina hozirda klinik oldi sinovlaridan o‘tmoqda.
JSSTning ma’lumotlar bazasi COVID-19 vaksinasiga qarshi vaksina-nomzodlari to‘g‘risida to‘liq ma’lumotlarni yig‘ib boradi. Mazkur baza muntazam ravishda – haftasiga ikki marta yangilanadi. Unda COVID-19ga qarshi nomzod-vaksinalarning klinik va klinik oldi jadvali keltirilgan bo‘lib, nomzod-vaksinalarni tahlil qilish imkoniyatini beradi. Har bir vaksinaning 1-faza, 2-faza va 3-faza sinovlari kuzatiladi. Vaksinalarning xavfsizligi va samaradorligi to‘g‘risidagi ilmiy maqolalarga havolalar beriladi. Shuningdek, bu baza har bir nomzod-vaksinaning asosiy xususiyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. O‘z navbatida, mazkur platforma orqali COVID-19 ga qarshi yaratilayotgan vaksinalar turli kriteriylar, xususan, vaksina platformasi, vaksinatsiya grafigi, qo‘llash usuli, ishlab chiqaruvchisi, sinov fazasi, klinik natijalar bo‘yicha tasniflangan.