Koronavirusning «britancha» shtammi bolalarda boshqacha alomatlar bilan kechmoqda
«Buyuk Britaniyada aniqlangan va yuqumliligi jihatidan kuchliroq ekani aytilgan COVID-19ning yangi shtammi bolalarda biroz boshqacha alomatlar bilan kechayotgani aniqlandi. Bu «ZOE Symptom Tracker» ilovasi yordamida olib borilgan tadqiqotlar tufayli ma’lum bo‘ldi.
Sog‘liqni saqlash bo‘yicha mutaxassislarning fikriga ko‘ra, kasal bolalarning aksariyati charchoqdan aziyat chekadi. Infeksiyani yuqtirgan chaqaloqlarda tez-tez yig‘lash holatlari uchraydi.
Kasallangan bolalarning yarmidan ko‘pi (53 foizi) bosh og‘rig‘idan shikoyat qilgan. Shu bilan birga, ularda qorin og‘rig‘i ham kuzatilmoqda. Shuning uchun, shifokorlar ota-onalarga qorin bo‘shlig‘idagi noqulaylik bilan bir vaqtda paydo bo‘ladigan bosh og‘rig‘i bor-yo‘qligini bolalaridan so‘rab turishlarini maslahat berishmoqda.
Yana bir alomat — 37 darajadan yuqori isitma. U koronavirusning «britancha» shtammi bilan og‘rigan bolalarning deyarli yarmida uchradi.
Shuningdek, betob bolalarning 38 foizi tomoq og‘rig‘idan shikoyat qilganini aniqladi. Bu alomat odatda virusli infeksiyaning belgisi. Tomoqdagi og‘riq shamollash, gripp yoki COVID-19ning belgisi bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, kasallanganlarning taxminan 35 foizi ishtahani yo‘qotganini aytishgan. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, ko‘pincha bir yoshga to‘lmagan chaqaloqlar bunga duch kelishadi. Shuning uchun ular ota-onalarga taomni kichikroq qismlarga bo‘lib, bolalarni kam porsiya bilan, ammo tez-tez ovqatlantirishni maslahat berishadi».