Korporativ obligatsiya nima va u qanday maqsadda chiqariladi?
Korporativ obligatsiya xususiy korxonalarni moliyalashtirish uchun chiqariladi. Tijorat banklarining yuqori foizli kreditlarini olish o‘rniga keng aholi uchun daromadli korporativ obligatsiyalarni chiqarish hisobiga xo‘jalik jamiyatining moliyaviy barqarorligini ta’minlashda ulardan foydalanish samarali hisoblanadi.
Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlar bilan ushbu moliyaviy instrument bank kreditining haqiqiy muqobiliga aylanishi uchun korporativ obligatsiyalarni chiqarish shartlari yanada soddalashtirildi.
Ya’ni:
- korporativ obligatsiyalar summasi jamiyatning o‘z kapitali miqdoridan oshishi mumkin, bunda oshgan qismiga ta’minot bo‘lishi;
- so‘nggi bir yilda (ilgari so‘nggi uch yilda) rentabellik, to‘lovga qobiliyatlilik, moliyaviy barqarorlik va likvidlilikning ijobiy ko‘rsatkichlariga ega bo‘lishi;
- obligatsiyalar chiqarilishidan oldingi bir yil uchun moliyaviy hisobot bo‘yicha xolis auditorlik xulosasi mavjudligi yetarli bo‘ladi.
Hozirgacha aksiyadorlik jamiyatlarida korporativ obligatsiyalar chiqarish uchun so‘nggi uch yillik moliyaviy hisobotlar hamda auditorlik xulosalari kabi amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda bir qator hujjatlar talab qilinganligi sababli banklar kreditlarining haqiqiy muqobilidan o‘z vaqtida foydalanilmagan. Ya’ni, yuqori foizli bank kreditlarini olish evaziga xarajat ko‘payib borgan sari jamiyat foydasi kamayib ketishi bilan birgalikda zarar ko‘rayotganligi hamda aksiyadorlarga dividend o‘z vaqtida to‘lanmasligiga sabab bo‘lardi.
Endilikda kapital bozorida yaratilgan qulayliklardan xo‘jalik jamiyatlari ishtirokchilari va rahbarlari samarali foydalangan holda korporativ obligatsiyalar chiqarishni yo‘lga qo‘yiladi. Keyingi yillarda aylanma mablag‘lar tanqisligiga ehtiyoj qoldirmaydigan haqiqiy muqobili orqali investorlardan bevosita shartnomalar orqali obligatsiyalar chiqarish hisobiga mablag‘ olish va obligatsiyada belgilangan muddat va foizlarda daromadlar to‘lanadi.
Bundan ko‘rinadiki, emissiyada belgilangan muddatdan so‘ng korporativ obligatsiyalar so‘ndiriladi va ushbu muddatda moliyalashtirilgan mablag‘lar hisobiga jamiyat ishlab chiqarishi bardavom o‘sadi, moliyaviy barqarorligi ta’minlanadi. Qimmatli qog‘ozlar chiqarilishini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha vakolatli davlat boshqaruvi organi - Kapital bozorini rivojlantirish agentligi va uning hududiy boshqarmalari, shuningdek, kapital bozoridagi litsenziyaga ega bo‘lgan investitsiya institutlari tegishli zaruriy hujjatlarni tayyorlashda maslahatlar beradi hamda yaqindan amaliy yordam ko‘rsatadi.
Yuqorida qayd qilinganlarni inobatga olgan holda xo‘jalik jamiyatlari korporativ obligatsiyalarni chiqarish to‘g‘risidagi taklif va mulohazalarini Agentlikning Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi xizmat ishonch telefon (66) 233-16-49 raqami orqali murojaat qilishlari mumkin.
Kapital bozorini rivojlantirish agentligi viloyat hududiy boshqarmasi axborot xizmati.