Korrupsiyaga qarshi kurashish - barchaning ishi
Samarqand viloyati moliya bosh boshqarmasida Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuniga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda korrupsiyaning jamiyatga zarari, davlat xizmatchilari tomonidan poraxo‘rlik, mansab mavqeini suiiste’mol qilish bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etilishi davlat hokimiyatining obro‘sizlanishiga, siyosiy, iqtisodiy, huquqiy tizimga putur yetishiga sabab bo‘lishi ta’kidlandi.
- Biror davlatda korrupsiyaning rivojlanishi o‘sha davlatning iqtisodiy-ma’naviy tanazzuliga olib keladi, - deydi boshqarma boshlig‘i Botir Mirzayev. - Korrupsiyaga qarshi izchil kurash olib borishda iqtisodiy-siyosiy, sud-huquq islohotlarini amalga oshirish dolzarb ahamiyat kasb etadi. Jumladan, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jamiyatda qonun ustuvorligi, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash uchun muhim poydevor bo‘ldi. Biroq hayot hech qachon bir joyda to‘xtab qolmaydi. Shaxs hamda jamiyat manfaatlarini yanada samaraliroq himoya qilish korrupsiyaning oldini olishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish ehtiyojini vujudga keltirdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining hududiy filialining 2020 yilda malaka oshirish kurslarini tamomlagan viloyat moliya bosh boshqarmasida faoliyat yuritib kelayotgan bo‘lim boshliqlariga sertifikatlar topshirildi.
Samarqand viloyati moliya bosh boshqarmasi axborot xizmati.