Kosmos to‘g‘risidagi “mif”lar

Bizning koinot juda katta va deyarli o‘rganilmagan, shuning uchun u bilan bog‘liq ko‘plab uydirmalar va har xil noto‘g‘ri tushunchalar mavjud. Bularga “kosmosga chiqish juda uzoq vaqtni talab etadi” va “qora tuynuklar atrofdagi hamma narsani so‘rib oladigan ulkan kosmik “changyutgichlar” kabi gaplar misol bo‘la oladi.

Bugun ADME sizlar uchun ular allaqachon rad etilishi kerak bo‘lgan kosmos haqidagi bir necha afsonalarni tayyorladi.

Kosmosgacha juda uzoq(mi?)

Tasavvur qiling-a, sizning tom ma’noda havoga ko‘tarila oladigan mashinangiz bor. O‘rtacha 100 km/soat tezlikda kosmosga “yetib olish” uchun qancha vaqt kerak, deb o‘ylaysiz? Atigi 1 soat! Aynan shu balandlikda atmosfera va kosmos o‘rtasidagi chegara hisoblanadigan Karman chizig‘i o‘tadi. NASA tomonidan qabul qilingan "standartlar"ga ko‘ra, kosmos 122 kilometr balandlikdan boshlanadi. Demak, bir soatimizga nari-beri yana 25 daqiqa qo‘shilar ekan.

1957 yilda uchirilgan sun’iy yo‘ldosh kosmosdagi birinchi ob’yekt bo‘lgan(mi?)

Nemis olimlari tomonidan yaratilgan «Fau-2» raketasi 1944 yilda yerdan 188 kilometr balandlikka ko‘tarilib, ham Karman chizig‘ini, ham NASA tomonidan tan olingan atmosfera va kosmos chegarasini buzdi. Aytgancha, ba’zi olimlarning fikriga ko‘ra, bugungi kundagi koinotni o‘rganishdagi barcha yutuqlar faqat «Fau-2»ni yaratish orqali ishlab chiqilgan texnologiyalar tufayli mumkin bo‘ldi.

Quyosh tizimidagi eng issiq joy Merkuriy(mi?)

Ko‘rinishidan barcha narsa mantiqiy - Merkuriy Quyoshga eng yaqin joylashgan, bu esa Quyosh uni boshqa sayyoralarga qaraganda ko‘proq isitadi, degan fikr tug‘diradi. Lekin quyosh tizimidagi eng issiq joy nominatsiyasi uchun boshqa Venera sayyorasi poygada g‘olib chiqadi: uning yuzasidagi kunduzgi o‘rtacha harorat Selsiy bo‘yicha taxminan 460 daraja issiq, Merkuriyda esa harorat nisbatan salqin, atigi 350 daraja. Quyoshga eng yaqin sayyorada 58 Yer kunigacha davom etadigan tundagi havo Selsiy bo‘yicha 170 daraja sovuqqacha tushadi.

Nega bunday? Gap shundaki, Venera sulfat kislotadan tashkil topgan zich bulutlar tufayli issiqxona effektidan "aziyat chekadi". Merkuriyda esa atmosfera deyarli yo‘q, shuning uchun bu yerda issiqlik qolmaydi. Aytgancha, olimlarning fikriga ko‘ra, sayyora qutblarida muzliklar bo‘lishi mumkin.

Kosmonavtlar kosmik kemada «suzib yuradi»(mi?)

Xalqaro kosmik stansiyadan translyasiyalar va kosmos haqidagi filmlarda biz kosmonavtlarning kosmik stansiya bo‘linmalari bo‘ylab tom ma’noda suzib yurishini ko‘ramiz. Aslida, ular doimiy “pastga tushish” holatida, chunki Yerdan 350 kilometr uzoqlikda joylashgan parvoz balandligidagi XKSda sayyoradagi tortishish kuchi yer sirtdagidan atigi 10 foizga kam. Masalan, parashyutchilar parvozning birinchi soniyalarida parashyut ochilguncha taxminan shunga o‘xshash his-tuyg‘ularni boshdan kechirishadi.

Yupiter, Uran, Saturn va Neptun butunlay gazdan iborat(mi?)

Zamonaviy nazariyaga ko‘ra, yerga o‘xshash (Mars, Venera va Merkuriy) sayyoralaridan farqli o‘laroq, boshqa gaz gigantlari qattiq materiallardan emas, balki gazdan iborat. Bundan tashqari, sayyoralar qa’riga chuqurroq o‘rganilganda, bosim ta’sirida ulardagi gaz suyuqlik bosqichiga o‘tishi va keyin allaqanday erigan metallga aylanishi aniqlangan. Gaz gigantlarining ichida taxminan tosh yoki metall yadro bor. Lekin, bu hali oxirigacha o‘rganilmagan.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.