Ko‘zi ojizlik unga XX asrning nufuzli shaxsiga aylanishiga to‘sqinlik qilmadi
14 yoshida Lev baxtsiz hodisa tufayli ko‘rish qobiliyatini yo‘qotdi: portlab ketgan primus pechkasi (isitish va ovqat pishirish moslamasi) uning yuzini qattiq kuydirdi. Muvaffaqiyatsiz jarrohlik operatsiyasidan keyin bola butunlay ko‘r bo‘lib qoldi.
Uning otasi Semyon Akimovich uchun bu haqiqiy fojia edi. Lyova maktabni tark etishga majbur bo‘ldi, biroq Pontryaginlar oilasi bola sinfdoshlarining unga nisbatan qilgan munosabatidan hayratda qolishdi.
Do‘stlari uni har kuni uydan olib chiqib, maktabga olib borar, o‘rganilgan darslarni aytib berib, keyin yana uyiga keltirib qo‘yishardi. Lev maktabni oltin medal bilan tugatdi va institutga o‘qishga kirdi. U yerda ham uning ko‘zlariga aylangan do‘stlari topildi.
Otasining o‘limidan so‘ng Lyovaning onasi Tatyana Pontryagina o‘zini o‘g‘liga bag‘ishladi. U o‘g‘li bilan birga maktab darsliklarini o‘zlashtirdi, keyin institutning tayyorlov kurslariga o‘qishga kirdi. O‘g‘li 1925 yilda Moskva universitetining fizika-matematika fakultetiga o‘qishga kirganidan so‘ng, u talaba o‘g‘liga yordam bera boshladi va maxsus u uchun nemis tilini o‘rgandi va kechqurunlari o‘g‘liga ovoz chiqarib o‘qib berardi.
Mexanika sohasidagi olim va o‘qituvchi Andrey Minakov u to‘g‘risida shunday eslaydi: “Professor Nikolay Buxgolsning ma’ruzasi bo‘lib o‘tardi, talabalar diqqat bilan tinglayapti, to‘satdan Pontryaginning ovozi eshitildi: “Profesor, siz chizmada xato qildingiz!”. U ko‘zi ojiz bo‘la turib chizmadagi harflarning tartib joylashishi almashganini “eshitib”, tushunib oldi”.
U Brayl alifbosi yoki ko‘zi ojizlar uchun yordamchi vositalardan foydalanmagan, biroq ma’ruzalarni faqat eshitib yodlagan. Kechalari esa u eshitganlarini takrorlardi. Shuningdek, chang‘i va konkida uchishni, baydarkada suzishni ham yaxshi ko‘rardi.
Lev Semyonovich Pontryagin uzoq mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tib, XX asrning eng buyuk matematiklaridan biriga aylandi. Pontryagin maktabining ishi butun dunyo bo‘ylab o‘zgaruvchanlik va boshqaruv nazariyasining rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatdi.
Professor shogirdlarining xotiralariga ko‘ra, u ajoyib do‘st bo‘lgan. Har doim yordam qo‘lini cho‘zgan – boshqa odamlarning muammolarini o‘zinikidek bilib, ularni qanday hal qilish haqida o‘ylardi, hatto nufuzli odamlar bilan munosabatlarni buzishdan qo‘rqmasdan turli yo‘llarni sinab ko‘rar, bu uchun kuchini ham, asabini ham ayamasdi.
Lev Pontryagin umrining oxirida o‘zi guvohi va ishtirokchisiga aylangan voqealarga baho berilgan, ko‘plab olimlarga tavsiyalar qilingan va xotiralari batafsil tasvirlangan “L.S.Pontryaginning tarjimai holi, uning o‘zi tuzgan matematikasi” yodnomasini yozdi...
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.