Kremldan ikkinchi jahon urushi davrida portlamay qolgan bomba topildi

Moskvadagi Kremldan Ikkinchi jahon urushi davrida portlamay qolgan bomba topildi, Kreml komendanti Sergey Xlebnikov  Rossiya axborot agentligi TASSga voqea xususida ma’lumot berdi, deb yozadi Human.uz.
Xlebnikovning aytishicha,bomba qurilish ishlari olib borilayotgan paytda yerto‘ladan topib olingan va Kreml majmuasidan tashqariga olib chiqilgan.
Vladimir Putin rahbariyati vakilining so‘zlariga ko‘ra,bu hodisa prezidentning kunlik ish taqvimiga ta’sir ko‘rsatmagan.
1941 yil fashistlar Sovet Ittifoqini istilo qilishni boshlaydi, Rossiya shaharlari qamal qilinadi va rus askarlari o‘z yerlarida jang olib borishga majbur bo‘ladi. Kreml Gitler bombardimonchilari uchun yo‘q qilinishi kerak bo‘lgan eng asosiy nishon hisoblangan va ikkinchi jahon urushi paytida Germaniya tomonidan sakkiz marta nishonga olingan. 
Birinchi urinish 1941 yil 22 iyul tunda amalga oshirilgan, 250 kg og‘irlikdagi bomba Katta Kreml Saroyi tomini yorib o‘tadi, ammo portlamaydi.
Eng vayronkor hujum 1942 yil 12 avgustining  tunida sodir bo‘lgan, o‘shanda bir tonna og‘irlikdagi bomba Arsenal binosining sharqiy qismiga katta zarar yetkazgan. 1941-1942 yillardagi bombardimonlar natijasida majmuada 94 kishi vafot etgan va 164 kishi jarohatlangan. So‘nggi bombardimon 1942 yil 29 martda amalga oshirilgan va bu safargi hujumda hech kim jarohatlanmagan.