Kuchli shamol sabab Samarqand viloyatida 141 ta xonadon vaqtincha gazsiz qoldi

Joriy yilning 27 aprel kuni kechqurun Buxoro viloyatida sodir bo‘lgan kuchli shamol va yomg‘ir oqibatida gaz quvurlari va gaz ta’minoti tizimining boshqa ob’yektlarida 120 dan ortiq avariya holatlari aniqlandi, deb xabar berdi “Hududgazta’minot" AJ matbuot xizmati.

Xususan, “Shofirkon-1”, “Shofirkon-2”, “Peshku-1”, “Peshku-2”, “Romitan-2”, “Romitan-3”, “Romitan-4”, “Jondor-1”, “Izvestkoviy”, “G‘ijduvon” kabi gaz taqsimlash stansiyalari (GRS) va “G‘ijduvon”, “Olot” va “Qorako‘l” kabi yo‘nalishlar favqulodda o‘chirilgan.

138 mingdan ortiq xonadon vaqtincha gaz ta’minotidan uzilgan. Jumladan, Navoiy viloyatining Konimex, Navbahor, Qiziltepa, Karmana tumanlarida 21 557 ta, Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida 6100 ta, Buxoro viloyatining Buxoro, Kogon, Romitan, Peshku, G‘ijduvon, Shofirkan, Qorovulbozor, Vobkent, Jondor, Qorako‘l va Olot tumanlarida 110 490 ta, Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on, Paxtachi, Ishtixon, Narpay tumanlarida 141 ta xonadon vaqtincha gazsiz qoldi.

“Hududgazta’minot” AJning hududlardagi tarkibiy bo‘linmalarining tezkor tiklash guruhlari tabiiy ofat sababli zarar yetgan joylarda ta’mirlash ishlarini boshlab yuborishdi. Hududlar kesimida aholiga tabiiy gaz yetkazib berishni qayta tiklash to‘g‘risidagi ma’lumot qo‘shimcha ravishda taqdim etiladi.

Shuningdek, “Hududgazta’minot” AJ aholidan tabiiy gazdan foydalanish qoidalariga rioya qilishni, gaz ta’minoti tizimida nosozliklar, gaz sizib chiqishi yoki boshqa favqulodda vaziyatlar aniqlanganda, darhol avariya-dispetcherlik xizmatining 104 yoki 1104, 71 200-08-04 raqamlariga xabar berishlarini so‘ragan.