Kun tartibida aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish va suv resurslari masalasi

Xalq deputatlari viloyat Kengashining o‘ttiz to‘rtinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiyani Kengash kotibiyati mudiri Sh.Yo‘ldoshev boshqardi.
Deputatlar dastlab sessiya kun va ish tartibini tasdiqlab oldilar.
Sessiya ishida Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i M.Qurbonovning fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.
Qayd etilishicha, 2021 yilning 1 iyun holatiga davlat xizmatlari markazlari tomonidan 373 211 ta, shundan internet orqali 40 094 ta davlat xizmatlari ko‘rsatilgan.
Shaharlar, shaharchalar, qishloqlar va ovullardagi mahallalarda yuridik shaxs tashkil etmagan holda davlat xizmatlari markazlari filiallarini bosqichma-bosqich tashkil etish choralari ko‘rilmoqda. Xususan, bugungi kungacha Kattaqo‘rg‘on shahar (Ingichka qo‘rg‘oni), Samarqand (“Qaynama” mahallasi), Past Darg‘om (“Olti qahramon”), Urgut (“Jartepa”), Nurobod (“Sahoba”) va Qo‘shrabot (“Jonbuloq”) tuman davlat xizmatlari markazlarining filiallari tashkil etilgan. 2021 yil 1 iyun holatiga filiallar orqali 3 ming 207 ta xizmatlar ko‘rsatilgan.
Shuningdek, davlat xizmatlari markazlari tomonidan aholiga qulayliklar yaratish maqsadida haftaning dam olish kunlari (shanba va yakshanba) joylarga chiqqan holda sayyor tartibda 11 ming 234 ta xizmat ko‘rsatilgan.
- Mas’ul xodimlar tomonidan davlat xizmatlari markazlari hamda FHDYo bo‘limlarida "Sirli mijoz" va reyd tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda, - dedi M.Qurbonov. - Jumladan, o‘tgan 5 oy davomida 32 marta reyd, bir marta "Sirli mijoz" tadbiri o‘tkazildi. Bu tadbirlar natijasida 1 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi, 9 nafar xodimga intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi, 12 nafar xodimga rasmiy ogohlantirish berildi.
Deputatlar davlat xizmatlari ko‘rsatishning shaffofligini ta’minlash borasidagi masalalar haqida so‘z yuritib, tizimdagi ayrim kamchiliklarni tanqid qildi. Tizimda sifat va samaradorlikni oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalarini bildirdilar.
Sessiya ishida shuningdek, “Zarafshon” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i F.Rajabov viloyatda 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan irrigatsiya va melioratsiya ob’yektlarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda melioratsiya ob’yektlarini ta’mirlash-tiklash dasturi doirasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan hisobot berdi.
F.Rajabovning ma’lum qilishicha, 2021 yil 1 iyun holatiga dastur doirasida 13 ta loyiha bo‘yicha 79,2 milliard so‘m kapital mablag‘lardan 51,9 milliard so‘m yoki yillik limitning 65 foizi o‘zlashtirilgan.
Viloyat Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlar guruhi rahbari B.Xo‘jayorovning fikriga ko‘ra, Zarafshon daryosida tartibsiz ravishda noqonuniy tosh-shag‘al qazib olinishi oqibatida daryo o‘zani chuqurlashib bormoqda. Bu gidrologik, ekologik xavfdan tashqari katta texnogen xavf-xatarni ham yuzaga keltirishi mumkin. Deputat shuning uchun turli tarmoq vakillaridan iborat komissiya tuzib, daryo o‘zani va undagi gidrotexnik inshootlarni himoya qilish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish va amalga oshirish taklifini bildirdi.
B.Xo‘jayorov Urgut tumani “Mergancha” mahallasida qurilgan ko‘p qavatli uylarning oqova suvlari tuman hududidan o‘tuvchi Yangiariq kanaliga tashlanayotgani aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotganiga to‘xtalib, suratlar va videolavhani taqdim etdi.
Deputat ko‘targan ushbu masala qizg‘in muhokama qilinib, bu borada zarur choralar belgilandi.
Sessiya davomida deputatlar viloyat bosh arxitektori H.Mirzoyevning 2021 yilda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida viloyatda aholi punktlarining ishlab chiqilgan bosh reja sxemalari yuzasidan taqdimoti bilan tanishib, o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi.
Shuningdek, sessiyada xalqaro moliya institutlari ishtirokida Kattaqo‘rg‘on shahrida ichimlik va oqova suv tizimlarini modernizatsiya qilish va viloyatning 6 ta tumani markazi va shaharchalarida oqova suv tizimlarini qurish loyihalarini tasdiqlash, viloyat hokimligi boshqaruv apparatining tashkiliy tuzilmasiga o‘zgartirish kiritish hamda xalq deputatlari viloyat Kengashida bo‘shab qolgan o‘rinlarga saylov o‘tkazish to‘g‘risidagi masalalarni ko‘rib chiqdilar.
Sessiyada Kengash vakolatiga tegishli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.