"Kunimiz o‘tib turibdi-ku": Avvalo, bunday qarashlarni o‘zgartirish zarur

“Qo‘limda biror hunarim yo‘q, na tuzuk o‘qishni yo yozishni bilaman. Bolalikda hayot shunday ekan, deb mol yetaklab yuravergan ekanmiz. Endi uyimga kelayotgan mas’ullardan nima so‘rashni ham bilmayman. Kasbga o‘qiy desam, savodim yo‘q, uyalaman. Tadbirkorlik qo‘limdan kelmaydi. Nima qil, deysiz?”.

Oqdaryo tumanidagi mahallalardan biridamiz. Kambag‘al, deb topilgan oilalardan birini o‘rganish davomida berilgan ketma-ket savollardan keyin oila boshlig‘i oxiri "yorildi..."

- Nega uyalasiz? Qo‘lida diplomi bo‘la turib, ikki qator jumlani kelishtirib yozolmaydiganlar bor. Ana shular uyalsin. Siz berilayotgan imkoniyatdan foydalanib qolishingiz kerak. Biror qiziqqan kasbingiz yo ishingiz bormi?

- Bilmasam? Ish chiqsa, ishlayapman. Bo‘lmasa, hovlida u-bu ekib, sotamiz. Kunimiz o‘tib turibdi-ku.

Joriy yil boshida tumandan 6112 ta oila ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan. Shundan nisbatan og‘irroq ijtimoiy ahvoldagi 440 ta oila tanlab olinib, 88 nafar mas’ulga biriktirilgan. Tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Umar Majidovning ma’lum qilishicha, har bir xonadon xatlovdan o‘tkazilib, natijasi bo‘yicha individual dasturlar ishlab chiqilmoqda. Yil yakunigacha tumanda 1950 ta oilani kambag‘allikdan chiqarish rejalashtirilgan.

Misol uchun, Galaravot mahallasida 4 mingga yaqin oila istiqomat qilsa, shundan 48 tasi kambag‘al, deb topilgan. 10 ta og‘ir vaziyatdagi oilaga 3 nafar mas’ul biriktirilgan. Har biri uchun kambag‘allikdan chiqarishning alohida yo‘nalishi belgilangan. Kimdir tadbirkorlikka qiziqsa, boshqalari uyida, hovlisidagi bo‘sh joydan unumli foydalangan holda daromad qilishni istaydi.

- Ularning ichida boqimandalikka moyillari ham yo‘q emas, - deydi mahalladagi hokim yordamchisi Muhammad Mo‘minov. – Bundaylarga qancha yordam bermang, kam. Hayot tarzini yaxshilashni istamaydi. Ular bilan ishlashda birinchi navbatda dunyoqarashi, fikrini o‘zgartirishga harakat qilyapmiz. Yaratilgan imkoniyatdan unumli foydalanayotganlari ham bor. Ular hayotini yaxshi tomonga o‘zgartirishmoqda.

Shu mahallada istiqomat qiluvchi Javlon Sobirov ikkinchi guruh nogironi. Shunday bo‘lsa-da, mehnatdan qochmaydi. Hokim yordamchisining tavsiyasi asosida kreditga olgan elektr skuterida mahallalarni aylanib, ustachilik qiladi. Bundan tashqari, o‘tgan yil oxirida unga subsidiya asosida bir sotixli issiqxona qurib berildi. Oila unda sholg‘om, sabzi va ismaloq yetishtirib, qo‘shimcha daromad qilyapti.

Biz bu xonadonga borganimizda issiqxonadan mahsulotlar yig‘ishtirib olinib, yer keyingi ekinga tayyorlanayotgan ekan. Qiziq tomoni, yerga boshqa bir kambag‘al oila vakili subsidiya asosida olgan motokultivatorida ishlov bermoqda. Uni ham gapga tutdik. U mavsumiy ishlarda ishlashi, bo‘sh vaqtida motokultivator yordamida qo‘shimcha pul topayotganini aytdi.

Tumanning Yangihayot mahallasida ham 15 ta oila kambag‘allik muammosiga duch kelgan. Ularga "Sayxunobod tajribasi" asosida turli sohalarni qamrab olgan holda daromad topish yo‘llari o‘rgatilmoqda. Jumladan, Shahnoza Qamarova oilasi bugungi kunda nonvoylik bilan shug‘ullanmoqda. Tez orada imtiyozli kredit olib, mashina xarid qilishmoqchi. Bu mahsulotni yanada uzoqroq joylarga yetkazish imkonini beradi.

- Bu ishni 2022 yilda 33 million so‘m imtiyozli kredit olib boshlagan edik, - deydi onaxon. – Uch yil ijarada turib ishladik, daromadimiz yaxshi emasdi. Yig‘inib, uyimizda nonvoyxona qurdik. Hokim yordamchisining yordami bilan zamonaviy pechlar oldik. Natijada xorijda ishlab yurgan o‘g‘limni qaytarib, ish bilan ta’minlash imkoni yaratildi. Korxonamiz sekin-sekin rivojlanyapti. Maqsadlarimiz katta.

Hokim yordamchisi Bobomurod Nurboyevning aytishicha, bu oilaning hovlisiga suv chiqarishga ham yordam berilgan. Endi bo‘sh turgan yerdan unumli foydalanishga ko‘maklashilyapti.

- Biz aynan shunday oilalarni ko‘proq qo‘llab-quvvatlashimiz kerak, - deydi Bobomurod Nurboyev. – Chunki ular harakatda, bu esa albatta, o‘z samarasini beradi. Tadbirkor bo‘lding, deb e’tiborni to‘xtatib qo‘ysak, ular yana kambag‘allikka tushishi mumkin. Aksi bo‘lsa, guvohi bo‘lganingizdek, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilyapti. Maqsadimiz yordam ko‘rsatildi, deb hisobot yopish emas, balki natijaga erishish.

Oilalarga biriktirilgan mas’ullar masalasiga kelsak, ular har oyda ikki marta xonadonlarga borib, fuqarolar bilan uchrashishi, ularning muammolarini o‘rganib, hal qilish bo‘yicha ishni tashkil etishi kerak. Bu jarayon “Onlayn mahalla” platformasida nazorat qilib boriladi. Ya’ni, mas’ul joylardagi hokim yordamchisining plansheti orqali barmoq izi yordamida o‘ziga biriktirilgan xonadonga kelganligini tasdiqlashi kerak.

Jarayonni o‘rganish davomida ba’zi fikrlar paydo bo‘ldi. Misol uchun, har bir rahbar o‘ziga berilgan oila bilan 6 oy davomida ishlashi kerak. Agar bu oila shu muddatda kambag‘allikdan chiqa olmasa-chi? Aytaylik, yuqorida keltirilgan suhbatdagi kabi berilayotgan imkoniyatdan unumli foydalanish salohiyatiga ega bo‘lmasa yoki kambag‘allikdan chiqishni istamasa, nima bo‘ladi? Rahbar odam qanday qilib bo‘lmasin o‘z ko‘rsatkichini yaxshilashga harakat qilmaydimi? Bundan boqimandalar foydalanib qolishi aniq. Reyestrdan chiqish uchun “savdo” boshlanib ketmasa bo‘ldi. Buning oldini olish uchun esa barcha hududda ijtimoiy shartnoma tuzilishini ta’minlash, uning shartlarini aniq ko‘rsatib, fuqarolarga tushuntirish kerak. Shunda yordam olayotgan ham mas’uliyat sezadi.

Yana bir masala, bu savodi yaxshi bo‘lmagan fuqarolar bilan bog‘liq. O‘rganishlarimiz davomida bu kabi holatlarni ko‘p uchratyapmiz. Lekin shu vaqtgacha birorta kambag‘alning chala qolgan savodi chiqarilgani, ular bilan psixolog yo pedagog ishlagani haqida fakt ko‘rmadik. Ha, ayni vaziyatda ham pedagog, ham psixolog kerak. Boisi, o‘z kuchiga ishonmaydigan, jamiyatdan ajralib qolgan kishilarning, birinchi navbatda dunyoqarishini o‘zgartirish, tezkor zamonga psixologik moslashtirish lozim. Hayotining asosiy qismini bekorchilik bilan yo kun o‘targa ishlab o‘tkazgan odamga o‘qi, boyib ketasan, deya nasihat qilishning samarasi kam. Kambag‘allikni yo‘qotmoqchi ekanmiz, muammoning ildiziga e’tibor qaratishimiz lozim.

Asqar Barotov.