Larisa Savitskaya: 5200 metr balandlikdan qulab tirik qoldim
Ikki samolyot besh kilometrdan ziyod balandlikdan Taygaga qulab tushdi. Og‘ir "Tu-16" bombardimon va "An-24" yo‘lovchi samolyotlari to‘qnashuvi ikkalasi uchun ham halokatli kechdi. Harbiy uchuvchilar shu zahoti halok bo‘ldi – soniyasiga 20 aylanish tezligida aylanadigan layner vinti bombardimon samolyot kabinasini kesib bo‘lakladi.
Tabiatning barcha qonunlariga ko‘ra 5 kilometr balandlikdan tushgan 38 kishidan hech kim omon qololmasdi. Sakkiz daqiqalik erkin qulash Larisa Savitskayadan tashqari barcha uchun o‘lim jazosiga aylandi – taqdirning shafqatsiz bevafoligi uning asal oyini dahshatli falokat va aql bovar qilmaydigan najot bilan yakunladi.
***
Larisa Andreyeva va Vladimir Savitskiy 1981 yilning bahorida turmush qurdi. Yoshlarning ikkalasi ham Blagoveshenskdagi turli oliy o‘quv yurtlari talabasi bo‘lganligi sababli, asal oyi sayohatini yoz oxiriga qoldirishdi. Avgust oyida ular avval Larisaning qarindoshlari yashaydigan Vladivostokka, keyin erining ota-onasi turadigan Komsomolsk na Amur shahriga borishdi. Sayohatchilar 24 avgustda Komsomolsk-Blagoveshensk reysiga o‘z uyiga qaytishi kerak edi. Havoga ko‘tarilgan samolyotdagi 47 o‘rindan 20 tasi bo‘sh edi.
Dispetcher xizmati Amur viloyati janubi-sharqidagi Zavitinsk tumani Baxirevo qishlog‘i osmonidagi falokatni mahalliy vaqt bilan soat 15.21 da qayd etdi. To‘qnashuv "An-24" yo‘lovchi samolyotining qanoti va fyuzelyajining bir qismini yulib oldi.
Hammasi yashin tezligida sodir bo‘ldi, keyinroq Larisa bu dahshatni quyidagicha tasvirlab berdi: “Men dahshatli zarba va kuyish, harorat bir zumda 25 daraja issiqdan minus 30 ga tushishini, dahshatli qichqiriqlar va havoning guvillashini sezdim. Erim shu zahotiyoq vafot etdi – unga qaradim, yuzi qonga belangan. U endi yo‘qligini angladim. Hamma narsa menga befarq bo‘lib qoldi, o‘sha paytda hayotim men uchun tugadi, hatto qichqirmadim. Qayg‘u tufayli qo‘rquvni anglashga ulgurmadim, samolyot tushardi, men Volodyadan oshib, kursidan uloqtirildim va yo‘lakda polda uyg‘onib ketdim. Aftidan polga urilganda, o‘ng qo‘lim singan. Lekin zarbaning o‘zini eslolmayman”.
5220 metr balandlikdan qulash uzoq 8 daqiqa davom etdi. Keyinchalik Larisa o‘zining instinktiv harakatlari va qariyb bir yarim ming soniyalik his-tuyg‘ularini tushunib yetishga harakat qildi: “Men kursi yondorini ushladim va bor kuchim bilan pol va o‘rindiqdan oyoqlarim bilan itarilishga harakat qildim. Buni menga hech kim o‘rgatmagan, qayerdan kelganini bilmayman. Keyin aniqlanishicha, to‘g‘ri ish tutgan ekanman”, esladi Larisa yigirma yil o‘tgach.
Oxiri baxtsiz samolyotning dumi qulab tushdi va Larisa g‘ayritabiiy kuch bilan yopishgan stul 3 ga 4 metrlar atrofida bo‘lgan samolyot parchasi ustida u bilan birga aylana boshlandi. Unga yana omad kulib boqdi: uning bo‘lagi daraxtdan uzilgan bargga o‘xshab tom ma’noda egri-bugri chiziqda yerga qarab siljirdi.
Qutqaruv ishlari faol olib borilmadi. Barcha aviahalokat qurbonlari uchun qabrlar qazib qo‘yilgan edi. Larisa Taygada uch kun samolyot qoldiqlari va halok bo‘lgan yo‘lovchilar jasadlari orasida o‘ziga chayla yashab jon saqladi.
Larisa Savitskaya ikki marta - katta balandlikdan yiqilib omon qolgan odam va aviahalokatda jismoniy shikastlanish uchun minimal tovon puli olgan shaxs sifatida (1981 yil hisobi bilan 75 rubl) "Ginnesning rekordlar kitobi"ga kiritilgan.
Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.