Laziz Tangriyev, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bosh direktori: Kitob va matbuot — millat saviyasi mezoni
– Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, yurtimizda 1991 yilga nisbatan ommaviy axborot vositalari soni qariyb 4 marta, nashriyotlar soni 13 karra va matbaa korxonalari soni 12 barobar ko‘paygan. O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi – ular berayotgan mahsulotlarning sifat darajasi ham shunga munosibmi?
– Darhaqiqat, bu sohada o‘sish sur’ati ancha salmoqli. E’tiborli jihati, bu o‘sish ko‘proq xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. 2017 yil 3 avgust kuni davlatimiz rahbari ziyolilar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ommaviy axborot vositalari, nashriyotlarning ko‘p bo‘lgani yaxshi, lekin ularning sifati ham tubdan o‘zgarishi lozim, deya ta’kidlagan edi. Aynan shundan kelib chiqqan holda nashriyotlar va matbaa korxonalari eng zamonaviy asbob-uskunalar va chop etish dastgohlari bilan modernizatsiya qilinmoqda.
Bunga «O‘zbekiston» nashriyot-matbaa ijodiy uyida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Germaniyaning «KVA» kompaniyasida ishlab chiqarilgan 8 bo‘yoqli chop etish uskunasi, G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida «Heidelberg» kompaniyasining «Speedmaster» ofset usulida chop etish uskunasi va ish jarayonlarini boshqarishda qulaylik yaratadigan boshqa bir qancha zamonaviy asbob-uskunalar o‘rnatilganini misol tariqasida keltirish mumkin. Ular mahsulotlar sifatining yaxshilanishiga xizmat qilmoqda. Xususan, kitoblarga bo‘rtma naqsh solish, muqovalarning dizaynini ko‘rkam qilish uchun ayrim tasviriy elementlarga lok surish kabi yangiliklardan keng foydalanish yo‘lga qo‘yildi.
Kitobxonlarimiz, ayniqsa, o‘quvchi-yoshlarimiz 3D formatli, integral muqovali, shuningdek, ta’bir joiz bo‘lsa, «gapiradigan» kitob va daftarlarning beqiyos imkoniyatlaridan foydalanmoqda.
«A2 Digital» , «Kolor Pak» , «Niso Poligraf» , «Ofset Print» , «Sano-standart» , «Credo print group» kabi xususiy korxonalar ham ishlab chiqarishni modernizatsiya qilib, matbaa bozorida o‘z o‘rnini kengaytirmoqda. Ularning mahsulotlari nafaqat ichki, balki tashqi bozorda ham xaridorgir.

Ushbu yangilanishlar samarasi o‘laroq, keyingi yillarda noshirlarimiz Rossiya, Xitoy, Turkmaniston, Turkiya, Germaniya va boshqa ko‘plab davlatlarda tashkil etilayotgan xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkalarida qatnashib, yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritmoqda. Masalan, shu yilning aprel oyida Qozog‘istonning Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo va Yevropaning 150 dan ziyod noshirlari ishtirok etgan «III Yevroosiyo xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi»da O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligining «O‘zbekiston», «O‘qituvchi», G‘afur G‘ulom va Cho‘lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uylari, «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» davlat ilmiy nashriyoti, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, shuningdek, «Sharq» nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi, «Yangi asr avlodi» nashriyot-matbaa markazi, «Hilol nashr» nashriyot-matbaa majmuasi besh yuzdan ortiq nomdagi mingga yaqin ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy, ilmiy-ommabop, bolalar va badiiy adabiyotlar bilan ishtirok etdi.
Ko‘rgazmada «O‘zbekiston» nashriyot-matbaa ijodiy uyida nashr etilgan Nursulton Nazarboyevning «XXI asr bo‘sag‘asida» nomli kitobi oliy mukofotga sazovor bo‘ldi. Cho‘lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi «Vneklassnoye chteniye» (1-4-sinflar) darsdan tashqari mutolaa kitobi uchun «Eng yaxshi o‘quv adabiyoti» nominatsiyasi, G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi «Namangan» albomi uchun «Eng yaxshi o‘lkashunoslik adabiyoti» nominatsiyasi bo‘yicha maxsus diplomga loyiq deb topildi. «Sharq» nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi esa «Alisher Navoiy qomusiy lug‘ati» kitobi uchun «Fan va innovatsiya» nominatsiyasida birinchi darajali diplom bilan taqdirlandi.
Ayniqsa, mazkur anjuman doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar Dasturi to‘g‘risida»gi qarori taqdimotini o‘tkazganimizda, ko‘rgazma qatnashchilari bizni katta havas, hayrat va hayajon bilan olqishlashdi. O‘rni kelganda aytish joizki, rossiyalik va qozog‘istonlik hamkasblarimiz ushbu tarixiy qarordan nusxa ham ko‘chirib olishdi va «Biz ham bu hujjatni o‘zimizning rahbarlarga ko‘rsatib, shunday ezgu ishlarni boshlaymiz», degan fikrlarni aytishdi.
Oktyabr oyining 10-14 kunlari Germaniyaning Frankfurt shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro an’anaviy kitob va noshirlik ko‘rgazma-yarmarkasi ham nashriyotlarimiz uchun samarali bo‘ldi. Unda 50 dan ortiq foydali kelishuvlarga erishildi.

Xususan, «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» davlat ilmiy nashriyoti bilan Belgiyaning «Caramel» nashriyoti o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolanib, 18 ta bolalar adabiyotiga ixtisoslashgan kitobning original maketlarini sotib olish bo‘yicha 40 ming yevrolik kelishuvga erishildi. Buyuk Britaniyaning «Account executive» nashriyoti bilan 50 dan ortiq ensiklopedik tusdagi bolalar kitoblari bo‘yicha mualliflik huquqini olish va O‘zbekistonda nashr etish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Avstriyaning «TBC global» nashriyoti bolalar innovatsion kitoblarini O‘zbekistonda nashr etish, jumladan, kitob tayyorlash texnikasini o‘rganish bo‘yicha kelishuvga keldi.
«Frankfurter Buchmesse» ko‘rgazmasi prezidenti Yurgen Boss bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yurtimizdagi nashriyot-matbaa korxonalariga investitsiya jalb etish, mahsulotlar eksportini yo‘lga qo‘yish, hamkorlikda turli ko‘rgazmalar tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Ushbu tadbirlar doirasida Xalqaro noshirlar assotsiatsiyasi (IPA) Bosh kotibi Xose Borginio bilan ham muzokaralar o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston noshirlari IPAga a’zo bo‘lishi bilan bog‘liq ishlarning holati bo‘yicha ma’lumotlar almashildi. Tashkilotda yurtimiz noshirlari nomidan O‘zbekiston noshirlari va kitob savdosi tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi ish olib borishi ma’lum qilindi.
«Keyingi ikki yil ichida yurtingizda ro‘y bergan o‘zgarishlardan mamnunmiz. Ayniqsa, so‘z va matbuot erkinligi, mualliflik huquqini himoya qilishga katta e’tibor qaratilayotgani quvonarli. Shu bois O‘zbekistonni MDH davlatlari orasida birinchilar qatorida tashkilotimizga a’zo bo‘lishini ijobiy baholamoqdamiz», – deya ta’kidladi Xose Borginio o‘zaro muloqot chog‘ida.
Bir so‘z bilan aytganda, bugun noshirchiligimiz jahonga yuz tutmoqda.
– Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan kitob mutolaasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Kitobxonlik umuman, aholining savodxonligi va bilim saviyasini oshirish muhim vazifalarimizdan biriga aylandi. O‘tgan davrda nashriyotlar yaxshi kitoblar bilan birga milliy qadriyatlarimizga zid, g‘oyaviy hamda matbaa sifati past mahsulotlarni ham chop etganiga misollar yetarli. Buning oldini olish borasida amalga oshirilgan va kelgusida qilinishi rejalashtirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tsangiz?
– Bu masala O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligining doimiy e’tiborida. Ayni paytda Prezidentimiz qarori asosida Ommaviy kommunikatsiyalar sohasidagi monitoring markazi ham Agentlik tasarrufiga o‘tkazildi. Endi kitob mahsulotlarining monitoringi izchil va tizimli yo‘lga qo‘yildi. Buni, aytish joizki, shu yilning o‘tgan 9 oyi davomida 1479 ta kitob o‘rganilib, ularda yo‘l qo‘yilgan 479 ta qonunbuzilish holati bo‘yicha tegishli nashriyotlarga taqdimnoma va ko‘rsatmalar kiritildi. Shuningdek, amaldagi qonunchilik doirasida faoliyat yuritmagan yoki jiddiy xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 10 ta nashriyot faoliyati belgilangan tartibda tugatildi. Nashriyotlar faoliyatining qonunchilik doirasida bo‘lishini ta’minlash yuzasidan monitoring ishlari muttasil davom ettirilishi shubhasiz.
– Kitoblarni imtiyozli chop etish masalasi qanday ahvolda? Xususan, o‘zbek mumtoz adabiyotini keng targ‘ib qilish maqsadida imtiyozlar belgilash zarur emasmi?
– Nashriyotlar mavzu rejalarini tuzish va ijodiy jarayonlarda to‘liq erkin. Albatta, ularning marketologlari doimiy ravishda o‘quvchi-kitobxonlarning talab va ehtiyojlarini o‘rganib boradi. Nashriyotlarimizda milliy adabiyotimizning eng sara, mumtoz asarlarini nashr etish hamisha e’tibor markazida bo‘lib kelgan. Xususan, keyingi yillarda bu borada O‘zbekiston Fanlar akademiyasi bilan hamkorlikning yanada mustahkamlanishi natijasida G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida Alisher Navoiyning 10 jildlik mukammal asarlari to‘plami, 100 jilddan iborat «O‘zbek xalq og‘zaki ijodi durdonalarining dastlabki 12 jildi, qariyb 30 yildan buyon qayta nashr etilmagan Mahmud Koshg‘ariyning «Devonu lug‘atit turk» asari yoki zakiy kitobxonlarimiz sog‘inib qolgan Lutfiyning «Devoni» , Fuzuliyning g‘azallar to‘plami nashr etildi. Zahiriddin Muhamad Bobur, Ogahiy, Amiriy, Huvaydo, Maxtumquli (bu ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin) va boshqa mumtoz shoirlarning asarlari katta adadda nashr etilmoqda.
Shu o‘rinda alohida ta’kidlash joizki, keyingi yillarda mumtoz adabiyotimizni jahon miqyosida keng targ‘ib qilishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida Navoiyning «Xamsa» asari to‘liq ingliz tiliga o‘girildi. «Mantiq ut tayr» dostoni ingliz tilida chiqdi. Cho‘lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida «O‘zbek xalq ertaklari» nemis tilida, «Akademnashr» nashriyotida Abdulla Qahhor hikoyalari nemis tilida nashr etildi. Bularning barchasi sohamizda yuz berayotgan yangilanishlardan dalolatdir.
Bu borada, shubhasiz, Vazirlar Mahkamasining «Jahon adabiyotining eng sara namunalarini o‘zbek tiliga hamda o‘zbek adabiyoti durdonalarini chet tillariga tarjima qilish va nashr etish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori muhim ahamiyat kasb etdi.
Ushbu qarorda belgilab berilgan vazifalarni samarali ijro etish maqsadida Agentlik qoshida «Xalqaro kitob savdosi markazi» faoliyat boshladi.
– Matbuotda «Kitob javoningizga» deb nomlangan rukn bor. Turli kitoblarning taqdimoti haqida maqolalar shu ruknda beriladi. Ayrim kitoblar sifatli qog‘ozda, muqovasi qalin, rangli bezaklar bilan chop etilgani kitob javoniga juda mos tushadi. Lekin ularning mazmuni va saviyasi o‘ta sayoz. Rostini aytganda, bunday kitoblar nihoyatda ko‘payib ketdi. Bularni ham muayyan tizimga solish vaqti kelmadimikan? Axir, odamlarning umuman kitob o‘qiyotgani emas, balki qanday kitob o‘qiyotgani ham ahamiyatli emasmi?
– Guruch kurmaksiz bo‘lmaydi… Qolaversa, ushbu og‘riqli masala birgina noshirlarning zimmasida emas, avvalo, asarni yaratuvchi ijodkorlar, ya’ni ijodiy tashkilotlar, jumladan, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining ham bevosita ishtirokini taqozo etadigan jarayondir. Ayni paytda Agentlik nashriyotlarning badiiy kengashlari hamda uyushma bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Aksariyat asarlar uyushma tavsiyasiga muvofiq nashr etilmoqda. Qolaversa, bu muammolarga nashriyotda faoliyat yuritayotgan yosh muharrirlar malakasini yuksaltirish, mahoratini oshirish va birinchi galda keng o‘quvchilarning adabiy didini shakllantirish orqali yechim topiladi, deb o‘ylayman.
– Bugun bozor iqtisodiyoti davrida yashamoqdamiz. Erkin valyuta siyosati sababli qog‘oz narxi va bosmaxona xarajatlari oshdi. Bosma ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlashga qanday choralar ko‘rilmoqda? Ular uchun qog‘oz va bosmaxona mahsulotlarini olib kirishda imtiyozlar berish, grantlar tashkil etish borasida fikringiz qanday?
– Mamlakatimizda barcha sohada real bozor iqtisodiyotiga keng yo‘l ochildi. Hozir har bir sohada faoliyat yurituvchi sub’yekt uchun bir xildagi sharoit yaratildi. Xo‘sh, hammada bir xil imkoniyat va sharoit bo‘lgach, kimga va nima sababdan imtiyoz berish kerak? Agar kimgadir imtiyoz berilsa, yana real iqtisodiyotdan uzoqlashib ketamiz. To‘g‘ri, davlat matbuotni qo‘llab-quvvatlaydi, sharoit yaratadi, lekin kimgadir imtiyozlar berish bilan shug‘ullanmaydi. Har bir ommaviy axborot vositasining egasi uning muassisi hisoblanadi. Farzandning otasi uning taqdiriga javobgardir. Gazetaning otasi esa muassis. Shu sabab muassis ham ommaviy axborot vositasini moddiy qiyinchilik paytida o‘zidan nari qilmasligi kerak.
– Muassislar xususida gap ketganda xohlaymizmi-yo‘qmi, «majburiy obuna» degan masala tilga olinadi. Matbuotni rivojlantirish, istiqbolini belgilash, kerak bo‘lsa, saqlab qolish lozim. Buning uchun gazeta va jurnallarning o‘zlari talabga to‘liq javob berishi zarur, albatta. Shunday sharoitda ularning o‘qishli, mediamarketing ta’biri bilan aytganda, xaridorgir bo‘lishi uchun nimalar qilish kerak? O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi ularga qanday uslubiy yordam bera oladi? Tizimning samarali faoliyati uchun nimalar qilish kerak deb o‘ylaysiz?
– Ommaviy axborot vositalari, xususan, gazetalar obunasi haqida ketganda, birinchi galda sohada yuz bergan tub o‘zgarishlarni tilga olishni istardim. Hech kimga sir emaski, 15-20 yil mobaynida gazetalarimizning hammasi deyarli bir xil rangda, bir xil ko‘rinishda edi. Ushbu rangning nomi maqtov edi. Gazetalarning hammasi go‘yo inkubatordan chiqqan jo‘jalardek bir xil tusda, bir xil gaplarni yagona shakl va uslubda takrorlar edi. Bugun OAVga tom ma’noda erkin faoliyat yuritishi uchun sharoit yaratildi. Shu sababli jamiyatdagi muammolar, kamchiliklar ro‘y-rost tilga olina boshladi. Afsuski, mana shunday sharoitda veb-saytlar uloqni ilib ketyapti. Odamlarning dard-u tashvishlari, hayotimizdagi kamchilik va nuqsonlarni birinchi ko‘rsatib, kerak bo‘lsa, bu borada hukumatga yordam beryapti. OAVdagi birxillik yo‘qoldi. Endi odamlar ularni solishtira boshladi. Bu taqqoslash, qiyoslash jarayonida kimning kimligi, qaysi ijodiy jamoaning nimaga qodir ekani oshkor bo‘lib qoldi. Ilgarilari «Ha, endi shu ekanda…» deb faqat maqtov o‘qib kelgan odamlar hozir veb-saytlar orqali haqiqiy voqelik bilan tanishyapti. Matbuotning ijtimoiy ta’sir kuchi va qudratini ko‘ryapti. Xalq oqil, odamlar haqiqat bilan xo‘jako‘rsinga aytiladigan soxtagarchiliklarni darrov payqaydi va rostni yolg‘ondan ajratib oladi. Masalan, majburiy mehnat, «Oqqo‘rg‘ondagi oltovlon» yoki Samarqanddagi Diana Yenikeyevaning o‘limi bilan bog‘liq masalalar haqida veb-saytlar har kuni bong urgan bir sharoitda nega birorta bosma axborot vositasi «lom-mim» demadi? Bunga bosma ommaviy axborot vositalaridagi jurnalistlarning jur’ati, malakasi yo tajribasi yetmadimi? Yo‘q, unday emas. Nazarimda, ularda hamon ichki senzura mavjud, kimdandir, nimadandir cho‘chish, andisha qilish bor.
Odamlarni fikrlashga chorlaydigan, o‘ylantirishga undaydigan chiqishlar hamon yetarli darajada emas. Hayot haqiqatlari, kelajak orzu-umidlar to‘g‘risidagi mushohadalar, teran tahliliy chiqishlarsiz bugungi matbuotni tasavvur qilish qiyin.
– Shu o‘rinda matbuot nashrlarini tarqatish masalasiga to‘xtalib o‘tsangiz. Mantiqan olib qaraganda, bu muammo O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligiga tegishli emasdek, ammo mahsulot matbuotniki. Shunday ekan, o‘quvchini saqlab qolish ham matbuotning tashvishi. Bugun nashr etilgan gazeta bir necha kun, ba’zan haftalardan so‘ng mushtariyga yetib borsa, bu ham matbuotning oyog‘idagi tushov emasmi? Bu jabhada hamkor tashkilotlar bilan tegishli choralar ko‘rishning vaqti kelmadimikan?
– Matbuot tarqatish sohasini litsenziyalash tarafdoriman. Istagan odam matbuot tarqatish bilan shug‘ullanishi mumkin emas, deb hisoblayman. Bu masalani chuqurroq o‘rganib tahlil qilganimizda, ayni kunda viloyatlarda juda ko‘p xususiy matbuot tarqatuvchi tashkilotlar mavjud ekani, ular faqat obunachilarning pulini o‘zlashtirayotgani aniqlandi… Aksariyat hollarda ular tahririyatlar oldidagi majburiyatlarini bajarmay, nashrlarni o‘z vaqtida o‘quvchilarga yetkazib bermay, iste’molchilar huquqlarini poymol qilyapti, OAVning ijtimoiy ahamiyatiga, qadriga putur yetkazyapti. Bugungi kunda ayrim OAVning o‘zlari mahsulotini obunachilarga yetkazib berishni yo‘lga qo‘ygan. Qolaversa, har bir ommaviy axborot vositasi o‘z reytingini oshirishni istasa, elektron versiyasiga ham ega bo‘lishi kerak.
– «O‘zdavkitobsavdota’minoti» degan tashkilot ba’zi o‘qishli kitoblarning yozuvchisidan ham, uni nashr etuvchidan ham ko‘proq foyda ko‘radi. Bu haqda fikringiz?
– Bugun yurtimizda nafaqat «O‘zdavkitobsavdota’minoti» tashkiloti, balki bundan boshqa ham ko‘plab xususiy kitob savdosi majmualari faoliyat yuritmoqda. Har qanday savdo tashkiloti o‘z faoliyatidan foyda topishni ko‘zlaydi. Bilasiz, savdoning ikki xil turi bor: ulgurji va chakana savdo. Barcha mahsulotlar savdosida bo‘lgani kabi kitob savdosida ham chakana savdo bilan ulgurji savdoning narx-navosida farq bo‘ladi. Busiz iloji yo‘q. Bu – iqtisodiyotning ham, bozorning ham o‘zgarmas qonuniyati. Uzoq yillar mobaynida noshirlik bilan shug‘ullanib, bir narsani ko‘p kuzatdim: odamlar doim kitob mahsulotlarining narxidan norozi bo‘lgan. Narx qimmat deymiz, xo‘sh, nimaga nisbatan qimmat? O‘ylab ko‘ring, bitta kitobning tayyorlanishi va chop etilishi uchun uning muallifidan tashqari nashriyot va bosmaxonada qancha kishi mehnat qiladi? Lekin biz kitob qimmat-qimmat deyaveramiz…
Aslida, kitobning narxini tushirib, unga hurmatsizlik qilib qo‘ymayapmizmi, uning ijtimoiy, ma’naviy qadrini yerga urmayapmizmi?..
Yana bir xulosa shuki, ko‘pchilik kitob sotib olishni ikkinchi darajali ish, hatto, eng oxirgi o‘rinda qilinadigan ish deb biladi. Ularga qolsa, har qanday kitob tekinga berilsa… Hali aytganimdek, bir kitob peshtaxtaga yetib borguncha qancha mehnat sarf bo‘ladi, qancha mutaxassis zahmat chekadi? Qolaversa, bugun hamma nashriyotlar xo‘jalik hisobida ishlamoqda. Matbaachilar ham, noshirlar ham oylik olishi, mehnatlariga yarasha moddiy qo‘llab-quvvatlanishi kerak-ku?!
Men kitob savdosi bilan shug‘ullanayotganlarga rahmat aytaman, ularga ta’zim qilaman. Issiqni issiq, sovuqni sovuq demay, xalqimizga ma’rifat, ziyo tarqatishmoqda ular. To‘g‘ri, kitob savdosi sohasida ham muammolar yig‘ilib qolgan. Ularning ham tashvish-u dardlari bor… Shularni bamaslahat yechish, sohani yangicha tizimga o‘tkazish uchun yaqinda O‘zbekiston noshirlari va kitob savdosi tashkilotlari milliy assotsiatsiyasini tashkil qildik. O‘ylaymanki, bu tashkilot ish boshlasa, ko‘pgina muammolar o‘z ijobiy yechimini topadi.
– Bir qator nashriyotlar shu paytgacha tizimdagi ishlarning tashkil etilishida Agentlikni muvofiqlashtiruvchi sifatida ayblab keldi. Bu gap buyurtmalarni taqsimlash masalasiga tegishli.
– Bu fikrga qo‘shila olmayman. Chunki Agentlik nashriyotlarning xo‘jalik va ijodiy faoliyatiga aralashmaydi. To‘g‘ri, nashriyotlar faoliyatini tahlil qilamiz, o‘rganamiz, ularning o‘z litsenziya bitimlarida qayd etilgan yo‘nalishlariga muvofiq, sohaga oid amaldagi qonunchilik hujjatlari asosida ish yuritishlarini ta’minlashda ko‘maklashamiz, turli tadbirlar, ijtimoiy loyihalar yordamida ularga yordam beramiz, tanlovlar orqali yaxshi ijodiy jamoalarni rag‘batlantirib boramiz, lekin to‘g‘ridan-to‘g‘ri ularning mavzu rejalarini, chop etiladigan matbaa mahsulotlariga buyurtmalarni shakllantirish bilan shug‘ullanmaymiz. Bugungi kunda nashriyotlar o‘z faoliyatini erkin, bir xildagi iqtisodiy sharoit va bir xildagi huquqlarga ega bo‘lgan holda yuritishi uchun barcha sharoit mavjud. Ta’bir joiz bo‘lsa, «o‘gay ko‘z» bilan qaraladi», degan gaplarda mutlaqo asos yo‘q.
Endi faqat ijodiy, innovatsion fikrlab, yangicha ishlash lozim. Jadal sur’atlar bilan ketayotgan islohotlarga munosib tarzda, zamon talabiga mos ravishda ishlashni o‘rganishimiz, bugungi yosh kitobxonlarning ma’naviy-intellektual ehtiyojlarini qondiradigan nashrlarni ko‘paytirishimiz, bu borada jahonning ilg‘or mamlakatlari tajribalarini o‘zlashtirishimiz taqozo etilmoqda, xolos. Keyingi yillarda noshirlarimizning turli xorijiy mamlakatlarda malaka oshirishlari, nufuzli anjumanlarda ishtirok etishlarining ham asl maqsadi shunda. Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro anjumanda biz Qozog‘iston, Rossiya, Belgiya, Turkiya, Eron, Hindiston kabi o‘nga yaqin mamlakatlar bilan o‘zaro hamkorlik kelishuvlarini imzoladik. O‘ylaymanki, bunday hamkorliklar nashriyotlar faoliyatida, umuman, yurtimizning ma’naviy-madaniy hayotida, jamiyatda kitobga bo‘lgan munosabatni tubdan o‘zgartirishda, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishda ijobiy natijalarni beradi.
Cuhbatdosh:
Anvar QULMURODOV.
Manba: www.ishonch.uz