Ma’naviyat qalbdan boshlanadi
Jomboy tumanida viloyat fuqarolari yig‘inlarida ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni o‘rganish maqsadida tashkil etilgan respublika ishchi guruhi tarkibida Samarqandga kelgan respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, Oliy Majlis Senati a’zosi, shoir Minhojiddin Hojimatov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida tuman hokimi Qayum Sobirov Davlatimiz rahbarining o‘tgan yilning dekabr oyida bo‘lib o‘tgan respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida soha xodimlari oldiga qo‘ygan vazifalari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samaralari, tuman mehnatkashlarining ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha jabhalarida erishayotgan yutuqlari, madaniy hayotda amalga oshirilayotgan loyihalar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tdi.
– O‘tgan uch yilda tumanda axborot-kutubxona markazining yangi binosi, «Zarafshon» kinoteatri, «Ko‘kgumbaz» va «Qangli» mahalla fuqarolar yig‘inlari hududlarida joylashgan madaniyat uylari binolari kapital ta’mirdan chiqarildi, nashriyot tashkil etildi, – dedi Q. Sobirov. – Bularning barchasi ma’naviy-ma’rifiy muhitga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, o‘g‘il-qizlarimizning ijodiy salohiyatini yuksaltirishga turtki bo‘lmoqda.
Tadbir ishtirokchilari avvaliga mahalliy Kengash deputatlari ushbu yig‘ilishga nega taklif qilinganidan hayratda qolishdi. Ma’lum bo‘lishicha, bu bejizga emas ekan.
– Birinchidan, odamlarni o‘ylantirayotgan ko‘plab ijtimoiy muammolarni hal etishda xalq vakillarining o‘rni katta. Ikkinchidan, ma’naviyat va ma’rifat xalq vakillarining dunyoqarashidan boshlanadi, - dedi M.Hojimatov. – Agar deputat uyda oilaviy kutubxona yaratishda namuna bo‘lsa, boshqalar ham ularga albatta ergashadi. Zero, insonning shakllanishida badiiy adabiyotning o‘rni beqiyos. Shuning uchun kitobxonlikni sevish oiladan boshlanishi kerak. Davlatimiz rahbarining respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida oldimizga qo‘ygan vazifalardan birining mazmun-mohiyati ham aynan shundan iborat. Zero ma’naviyat qalbdan boshlanadi. Va yana bir gap. To‘g‘risi, bu tumanda ijtimoiy soha, madaniyat, ma’naviyat va ma’rifat rivojiga bu qadar katta e’tibor berilishini kutmagandim.
Tumandagi «Umid» ijodiy klubi a’zolari va yosh shoirlarning chiqishlari yig‘ilish ishtirokchilari va mehmonlarini mamnun qildi. 14-umumta’lim maktabining 5-sinf o‘quvchisi Bosimxon Abdullayevning o‘zbek mumtoz qo‘shiqlari – maqomlarini ijro etishi ham olqishlar bilan kutib olindi.
Tadbirda M.Hojimatov o‘zining yangi she’rlarini o‘qib, respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rejalari bilan o‘rtoqlashdi va jurnalistlarning ko‘plab savollariga javob qaytardi.
- Yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasini targ‘ib qilish, ular ongini internetning salbiy, zararli ta’siridan asrash doimo diqqatimiz markazida, - deya davom etdi u. - Jumladan, o‘tgan yili xodimlarimiz ushbu mavzuda ko‘p videoroliklar tayyorlab, ayrim internet saytlarida e’lon qilishdi. Bu yil ham eng yaxshi videoroliklar yaratish uchun tanlov e’lon qildik. Bundan tashqari, plakatlar, stendlar va broshyuralar tayyorlash ustida ham ishlayapmiz.
Yormamat RUSTAMOV.