Madaniy almashinuvlar xalqlarimizni yaqinlashtiradi, Falastin-Isroil muammosini tinch yo‘l bilan hal qilish muhim sanaladi
Shu yilning 6-7 iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasiga rasmiy tashrifi amalga oshirildi.
Ikki kunlik tashrif davomida O‘zbekiston-Turkiya Strategik hamkorlik kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, Keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini chuqurlashtirish to‘g‘risida deklaratsiya imzolandi. Ikki mamlakat o‘rtasida ilmiy almashinuv, shu jumladan boshqa sohalarda hamkorlikka doir hujjatlar almashildi.
Ushbu oliy darajali uchrashuvning ikki jihati haqida to‘xtalmoqchiman.
Birinchisi, Prezidentlar dastlab Turkiya xalq amaliy san’ati va taomlari ko‘rgazmasida ishtirok etishdi. Ta’kidlash o‘rinliki, bunday madaniy almashinuvlar qardosh xalqlarimizni yaqinlashtirish va do‘stligini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi.
Sir emas, Turkiya va O‘zbekistonni ko‘p asos — o‘xshash til, o‘xshash an’ana va tutumlar, yagona din, azaliy do‘stlik va uyg‘un madaniy aloqalar bog‘lab turadi. Ikki xalq tamadduni geosiyosiy joylashuv va tarixiy taraqqiyotdan tortib, hozirgi rivojlanish bosqichida kechayotgan islohotlarning o‘ziga xosligigacha bo‘lgan ko‘p umumiy jihatlarga ega. Ikki qardosh davlat fuqarolari 31 yildan buyon o‘zaro hamjihatlikda, do‘stona hamkorlik qilib keladi. Xususan, mamlkatimizda, jumladan, Samarqandda turk milliy-madiniy markazining faoliyat yuritayotgani, ularning viloyatimizda mahalliy aholi bilan teng imkoniyatlarga ega fuqarolar sifatida umrguzaronlik qilib kelayotgani, milliy bayram va urf-odatlarni birgalikda o‘tkazib kelayotgshani fikrimiz dalilidir.
Shu jihatdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga «Turkiya Respublikasi nishoni»ning berilishi turk og‘alarimiz tomonidan davlatimiz rahbariga katta ehtirom va e’tibor namunasidir.
Bu bejiz emas. Zero, Turkiya Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq mazkur oliy mukofot Turkiya bilan do‘stona munosabatlarni rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan davlat arboblariga beriladi.
– Biz chin qardosh va yaqin do‘st sifatida Turkiya xalqi erishayotgan olamshumul yutuqlardan nafaqat quvonamiz, balki behad faxrlanamiz. Biz oldimizga qo‘ygan niyatlarimiz va istaklarimiz bir, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Biz hamkorlikning yangi, yanada mustahkam ko‘priklarini quryapmiz.
Ikkinchisi, Prezidentlar G‘azo sektorida zo‘ravonliklarni zudlik bilan to‘xtatish va Falastin-Isroil muammosini tinch yo‘l bilan hal qilish zarurligini yana bir bor ta’kidladilar.
O‘zbekiston va Turkiya prezidentlari Anqaradagi muzokaralar yakunida OAV uchun bayonot bilan chiqdi. Unda Shavkat Mirziyoyev G‘azoda kechayotgan fojialarga alohida to‘xtaldi.
Davlatimiz rahbari G‘azo sektorida 8 oydan beri qonli urush davom etayotgani, natijada 40 mingga yaqin aholi, xususan, ayollar va bolalar halok bo‘layotganini chuqur iztirob bilan qayd etib, yaqinlarini yo‘qotganlarga hamdardlik bildirdi.
Prezidentimiz G‘arb davlatlarining fojiaga bo‘lgan munosabati O‘zbekiston va Turkiyani qattiq xavotirga solayotgani, amalda ikkiyoqlama standartlar kuzatilayotganini ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston ana shu o‘tkir muammo bo‘yicha Turkiya Prezidenti bildirayotgan adolatli tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.
- Biz muqaddas dinimizning asl insonparvarlik mohiyatini keng targ‘ib etish borasida olib borayotgan ishlarimiz bo‘yicha hamkorlikni davom ettiramiz. O‘zbekiston zaminida tug‘ilib, kamol topgan, musulmon olamida yuksak e’tirof etilgan mutafakkirlar – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abduxoliq G‘ijduvoniy va Bahovuddin Naqshband kabi ulug‘ zotlarning bebaho ma’naviy-madaniy merosiga qardosh turk xalqining diqqat va e’tibori tobora ortib borayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladik. Hurmatli Erdo‘g‘an janobi oliylarining Islom diniga qarshi har qanday salbiy harakatlarga nisbatan qat’iy pozitsiyasi ham alohida ehtirom va e’tirofga loyiqdir. Biz hozir murakkab vaziyatda dinimizga qarshi yovuz kuchlarning turli xuruj va bosimlariga birgalikda javob qaytarishga kelishib oldik, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Shu ma’noda Prezidentimiz gaplaridan keyin har bir kishi o‘ziga xulosa qilishi talab etiladi: Hayot sur’atining tezlashuvi deb atalayotgan bugungi globallashuv sharoitida ma’naviy tarbiya, ilmiy tafakkur, ma’rifiy yetuklik kabi tushunchalar yetakchi o‘ringa ega bo‘lmayaptimi? Bu borada biz nima qilyapmiz? Boshqa yurtlarda bo‘layotgan voqealarni qanday tahlil qilyapmiz, o‘zimizga qanday xulosalar chiqaryapmiz? Shular haqida odilona fikr qilaylik!
Dilshod Ismoilov,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari.