Mahalla - uch tomonga tortqilanayotgan arava

Rus yozuvchisi Krilovning bu masalini eslatib o‘tirishning hojati yo‘q: uning o‘zini ko‘pchilik eslamasa-da, ammo juda ko‘p maqolalarda uning mazmuni ko‘tarilgan mavzuga qiyoslanadi. Yaqinda bir guruh mahalla faollari, raislari bilan suhbatlashgach, men ham beixtiyor shu masalni yodga oldim. Bir guruh deganda o‘n chog‘li odamni tushunmasligingizni so‘rayman. Kamida yuzga yaqin mahalla raislari mahalla instituti rivojiga ularning nazdida to‘siq bo‘layotgan muammolarni bayon qilishdi.

Mahallaning, mahalla raislarining statusini ko‘¬tarish uchun uzoq yillar davomida ko‘p ishlar amalga oshirildi. Natijada mahallada ish tizimi aniq mexanizm asosida tashkil etildi. Ammo ba’zi o‘zgarishlar haqida mahalla raislarining e’tirozlarini tinglasangiz, ularning gapida jon bor, degan fikrga kelasiz.

Keyingi paytlarda mahallada faoliyat ko‘rsatayotgan bir necha shtat birligi boshqa tizimga o‘tib ketganligini ko‘pchilik yaxshi biladi. Jumladan, xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassis to‘g‘ridan-to‘g‘ri xotin-qizlar qo‘mitasiga, posbon esa profilaktika inspektori yordamchisi sifatida ichki ishlar tizimi bilan bevosita ishlaydigan xodimlarga aylanishdi. Bir qaraganda hammasi to‘g‘ridek, sababi, xotin-qizlar bo‘yicha mutaxassis bevosita qo‘mita nizomidagi ishlarni bajaradi. Posbon esa mahalladagi tartibni saqlashi kerak, vazifasi bevosita ichki ishlar tizimi bilan bog‘liq. Mahallada ishlaydigan, mahalla ishini yuritadigan ikki xodimning boshqa tashkilotga biriktirib qo‘¬yilishi bir qaraganda oddiy holdek, ammo har bir rahbar biladi, qozoni bosh¬qa bo‘l¬gan xodim ishi bir bo‘lgan odamga hech qachon bo‘y¬sun¬maydi. Gap faqat bo‘y¬sun¬maslikda emas. Keling, ba’zi mahalla raislarining fikrlarini bayon etsak.

- Xotin-qizlar bilan ishlaydigan mutaxassisning asosiy vazifasi oilalar bilan ishlash, ulardagi notinchliklarni bartaraf etishdan iborat, - deydi oqsoqollardan biri. - Ammo ular deyarli mahallada o‘tirmaydi, har ikki kunning birida yig‘ilish, tadbir, anjumandan bo‘shamay qolishdi. To‘satdan yuz beradigan oilaviy mojarolarga ham ba’zida o‘zimiz borib, hal qilishimizga to‘g‘ri kelmoqda. Ularning asosiy vazifasi xonadonma-xonadon yurish, oilalardagi haqiqiy ahvolni o‘rganish emasmi? Afsuski, ular bu vazifani amalga oshirmayapti.

- Faqat mening mahallamda emas, boshqa mahallalarda ham posbonlar boshqa hududdan kelib ishlayapti, - deydi yana bir mahalla raisi. - Na mahalla ahlini, na bu yerdagi shart-sharoitni yaxshi biladigan posbon qanday qilib aholi tinchligiga mas’ul bo‘lishi mumkin axir?! Posbon shu mahallada tug‘ilib o‘sgan, uning past-balandini tushunadigan, kimnidir uyiga borganda ham bemalol kiradigan odam bo‘lishi kerak emasmi? Ayniqsa, Samarqand shahridagi mahallalarni bilasiz, bitta hududda turli millat vakillari istiqomat qiladi. Posbon ularning tilini, yashash tarzini tushungan bo‘lishi kerakku.

Ular yana ko‘p muammolar haqida o‘z fikrlarini bildirishdi. Xususan, yig‘ilishlarning ko‘p o‘tkazilishi, soliq to‘lovlarini ham aholidan mahalla raislari yig‘ib yurishi, oylik-maoshlarning pastligi kabi muammolar bugun mahalla raislari, umuman, mahalla tuzilmasi sha’niga soya solayotgan jihatlar, nazarimda.

Ko‘pchilik mahallada obro‘li, xalqning hurmatiga sazovor bo‘lgan kishilar ishlashi kerak, bir paytlar ular bepul ham shu vazifani bajargan, degan fikrlarni bildirishdan charchamayotir. Bugun afsuski, buning iloji yo‘q ekanligini mahallada bir kun o‘tirgan odam tushunib oladi. Jamoatchilik asosida ishlash tizimini tashkil qilishda hali qa-tor oqsoqliklarimiz borligini ko‘pchilik yaxshi bilsa kerak. Shuning uchun odamlarning faolligini oshirish kerak, jamoatchilikni qiziqtirish kerak, degan fikrlar ham balandparvoz, ammo amalda isbotini topishi qiyin bo‘layotgan gaplardir.

Garchi mahalla raislari saylovi yaqindagina bo‘lib o‘tdi, munosib nomzodlar saylandi, deyishimizga qaramay, ko‘p hududlarda munosiblar saylanmaganiga guvoh bo‘lyapmiz. Buning sabablari yuqoridagi muammolarda emasmikan? Va muammolarni tinglab, tahlil qilarkanmiz, mahallani uch, ba’zida to‘rt-besh tomonga tortqilanayotgan, shuning uchun ham joyidan siljishi qiyin bo‘layotgan aravaga qiyoslagim keldi.

Gulruh MO‘MINOVA.