“Mahalla” xayriya jamoat fondi 6 oyda qanday ishladi?

Samarqand shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida “Mahalla” xayriya jamoat fondining dastlabki 6 oy davomida amalga oshirilgan ishlar hamda fuqarolar yig‘inlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbir davomida “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi, tizimda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rish bo‘yicha rejalar belgilab olindi.

Shuningdek, viloyatdagi fuqarolar yig‘inlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida 31 ta mahalla fuqarolar yig‘iniga 13 ta mebel to‘plamlari, 16 tadan kompyuter va printer qurilmalari topshirildi.

Ma’lumki, joriy yilning dastlabki 6 oyida yuzdan ortiq mahallalarda bosqichma-bosqich xizmat binolari qurilib, foydalanishga topshirildi. Shu kuni ham Urgut tumanidagi “Beshkapa” mahalla fuqarolar yig‘ini xizmat binosining ochilish tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbir davomida ushbu mahallada yashovchi kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 2 nafar farzandining sunnat to‘yi o‘tkazib berildi. Fondning respublika boshqaruvi raisi D.Usmonov rahbarligida tumandagi kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda “Temir daftar”da ro‘yxatda turgan 16 nafar fuqaro xonadoniga borilib, fond tomonidan homiylik asosida oziq-ovqat mahsulotlari berilib, ular holidan xabar olindi.

Ta’kidlash lozimki, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi hamda tuman, shahar bo‘linmalari tomonidan 2022 yilning shu davrigacha aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida bayramlarda 300 ta oilaga oziq-ovqat mahsulotlari, 60 nafar oilaning yashash sharoitini yaxshilash, uy-joylarini ta’mirlash va sog‘liklarini tiklash uchun qo‘shimcha homiylarni jalb qilgan holda 100 million so‘mga yaqin bir martalik beg‘araz moddiy yordam ko‘rsatildi. Yong‘indan jabr ko‘rgan oilalarga fond tashabbusi bilan qurilish mollari va 57,5 million so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam ajratildi.

“Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi tomonidan “Temir daftar”da ro‘yxatida turgan 13 ming 474 nafar fuqaroning muammolari ijobiy hal etilib, 3875 nafar fuqaroning bandligini ta’minlashda asbob-uskunalar uchun 8,7 milliard so‘m, 709 nafar fuqaroga yashash sharoiti va sog‘ligini tiklash uchun 2,5 milliard so‘m, 8890 ta oilaga kundalik iste’mol tovarlari va boshqa mahsulotlar uchun 3,4 milliard so‘m ajratildi.

“Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi axborot xizmati.