Mahallaga munosib raisning saylanishi jamiyatga faqat naf keltiradi
Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi Respublika komissiyasi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev fuqarolar yig‘inlari raislari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan videolektor yig‘ilish o‘tkazdi.
Tadbirni viloyat, tuman va shahar hokimliklari zalidan saylovni tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi hududiy komissiyalar raisi va a’zolari, nomzodlarni saralab olishga ko‘maklashuvchi ishchi guruhlar rahbarlari hamda tegishli tashkilot hamda muassasalar mutasaddilari kuzatib bordi.
N.Yo‘ldoshev saylovni tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi 214 ta hududiy komissiya, ishchi guruhlar bugungi kunda saylovni yuksak darajada o‘tkazish uchun muayyan ishlarni amalga oshirib kelayotganini e’tirof etish asnosida hududlarda saylov bevosita o‘tkaziladigan manzil va ob’yektlar ro‘yxatini shakllantirish ishlari sustkashlik bilan olib borilayotganini tanqid ostiga oldi.
Ta’kidlanishicha, saylovni tashkil etish va o‘tkazishga mas’ul bo‘lgan viloyat va tuman, shahar darajasidagi komissiyalarning e’tiborsizligi oqibatida aksariyat ishchi guruhlar rahbarligiga saylov qonunchiligidan, bu tadbirning mohiyatidan deyarli bexabar shaxslar tayinlangan. Viloyat, tuman va shaharlarda shu paytga qadar tegishli komissiyalarning mas’ul kotiblari (Nurobod, Urgut, Paxtachi tumanlari va Samarqand shahrida) tayinlanmagan.
Yig‘ilishda har bir komissiya a’zosiga joylarda aniqlangan muammolarni bartaraf etish choralarini ko‘rish, amalga oshirilgan ishlar haqida Respublika komissiyasini joriy yilning 15 apreliga qadar xabardor etish topshirig‘i berildi. Mutasaddilarga saylovni tashkil etish va o‘tkazishda yanada faollik ko‘rsatish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
Abdug‘ofur ShERXOLOV.