Mahalliy byudjetda erkin qoldiq mablag‘lari ko‘p, ammo uni sarflashning talablari bor 

Shu yil 7 iyun holatiga Samarqand viloyati mahalliy byudjetida 147 627,5 million so‘m qo‘shimcha manba shakllangan bo‘lib, shundan erkin qoldiq mablag‘lari 95 677,8 million so‘m va joriy yil birinchi chorak daromadlar rejasining orttirib bajarilgan qismi 51 949,7 million so‘mni tashkil qildi, deya xabar berdi viloyat moliya bosh boshqarmasi.

Shunga ko‘ra, xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi joylardagi muammolarni hal etish, korxona-tashkilotlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, aholiga qulayliklar yaratish kabi ezgu maqsadlar uchun bu mablag‘larni qo‘shimcha tadbirlarga yo‘naltirdi. Ya’ni, bu bo‘yicha jami 143 744,5 million so‘mni turli foydali tadbirlarga sarflash uchun qarorlar qabul qilindi. Shundan erkin qoldiq mablag‘lari hisobidan 94068,6 million so‘m va joriy yil birinchi chorak daromadlari rejasining orttirib bajarilgan qismi hisobidan 49 675,9 million so‘m hisob-kitob qilindi.

Qabul qilingan qarorlar ijrosi tahlil qilinganda 30 324,8 million so‘mlik tadbirlarga yo‘naltirilgan mablag‘lar o‘zlashtirilmagani aniqlandi. Xo‘sh, nega?

Gap shundaki, mahalliy byudjetning erkin qoldiq mablag‘larini sarflashning ham o‘z talablari bor. Ya’ni, yo‘naltirilgan pul aniq, maqsadli ishlatilishi kerak. Aks holda ajratilgan mablag‘ noqonuniy sarflangan hisoblanadi.

Shu kabi talablarni bajarishning “uddasidan chiqmagan”ligi bois viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi 2021 yil 12 fevralda mahalla rislariga planshet sotib olish uchun ajratilgan 2 420,0 million so‘m mablag‘ni o‘zlashtira olmagan. Bunga sabab tender savdolari o‘tkazilmagan. Oqibatda 19 fevralda planshetlarga simkarta sotib olish uchun ajratilgan 385,0 million so‘m mablag‘ ham ishlatilmay turibdi.

Yoki viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasiga Narpay tumanida joylashgan ko‘p xonadonli uylarni ta’mirlashdan vujudga kelgan qarzdorlikni qoplash uchun 89,8 million so‘m ajratilgan. Hozirgacha bu mablag‘ning 62,8 million so‘mi ishlatilgan. Ammo qolgan 27,0 million so‘mi o‘zlashtirilmagan.

Shuningdek, shu yil 28 may kuni Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasiga Samarqand shahar Mirsaid Baraka ko‘chasi 47-uyda joylashgan binoda tashkil etilayotgan Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyini ta’mirlash bilan bog‘liq xarajatlar uchun 735,0 million so‘m ajratilgan. Garchi viloyat moliya bosh boshqarmasi tomonidan mablag‘lar dasturga kiritilib, smetasi rejalashtirilgan bo‘lsa-da, tender savdolari o‘tkazilishi bilan bog‘liq masala tufayli ishlatilmay turibdi.