Mahalliy shartnomalardagi ayrim holatlar palata tomonidan tasdiqlanadi
Davlatimiz rahbarining joriy yil 20 avgustda tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalardan kelib chiqib qabul qilingan farmonda ilk bor Savdo-sanoat palatasiga mahalliy shartnomalar doirasida yuzaga keladigan yengib bo‘lmaydigan kuchlar (fors-major) holatlarini tasdiqlash vakolati berildi.
Gap Prezidentimizning 2021 yil 15 sentyabrdagi “Tadbirkorlik sub’yektlari uchun ma’muriy va soliq yukini yanada kamaytirish, biznesning qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni haqida bormoqda. Ushbu hujjat bilan tadbirkorlarning imkoniyatlari yanada kengaytirildi.
Ilgari bu masala Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 15 fevraldagi 63-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Yengib bo‘lmaydigan kuchlar (fors-major) holatlarini tasdiqlash tartibi to‘g‘risidagi Nizom" asosida amalga oshirilardi. Shuningdek, Adliya vazirligi, Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil hamda Savdo-sanoat palatasining takliflari asosida 2021 yil 1 oktyabrdan davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining nazorat funksiyalarini 16 holatda, ya’ni tashuvchilar tomonidan sanitariya qoidalarining buzilishi holatlariga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan tizimli nazorat tashkil etiladi. Mulkchilik shaklidan qat’i nazar ekin maydonlarida, tomorqa yerlarida, issiqxona xo‘jaliklarida fitosanitariya holati ustidan doimiy kuzatuv va nazorat olib boriladi. Aksiz markalaridan foydalanish va ularni sotish, shuningdek, aksiz markalari bilan markalanmagan tamaki mahsulotlari va spirtli ichimliklarni savdo tarmog‘i (chakana, ulgurji) orqali sotish nazorat qilinadi. Qurilishda metall prokatining qo‘llanilishi yuzasidan tegishli nazorat ta’minlanadi. Kommunal xizmatlar to‘lovi va majburiy badallarni to‘lash bo‘yicha qarzlarni undirish to‘g‘risida da’volar bilan sudga murojaat qilish va boshqa davlat boshqaruv organlari va mahalliy davlat organlarining nazorat funksiyalari bekor qilindi.
Bundan tashqari, Farmon bilan Savdo-sanoat palatasi a’zosi bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlarida 2022 yil 1 yanvardan nazorat qiluvchi organlar tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini belgilangan tartibda tasdiqlangan savolnoma bo‘yicha tekshiradi. Savdo-sanoat palatasi a’zosi bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektining faoliyatini tekshirishda ushbu tadbirkorlik sub’yekti roziligi bilan palata xodimlari ishtirok etilishi ta’minlanadi.
Tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida tekshiruvlarni o‘tkazishda qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilishining oldini olish bo‘yicha profilaktika tadbirlari belgilangan tartibda o‘tkazilgandan so‘ng yo‘l qo‘yiladi. Shuningdek, tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobining nazorat qiluvchi organlar tomonidan emas, kelgusida uning hisobi elektron tarzda Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan yuritiladi.
2022 yildan boshlab tadbirkorlik sub’yektlariga ma’muriy bosim darajasini aniqlash va yengillashtirish, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan Tadbirkorlik faoliyati erkinligi indeksi joriy etiladi.
Egamberdi RO‘ZIYeV,
Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari.