Mahsulotlarimizga o‘zbekona nom beraylik!

"Zarafshon" gazetasining 2018 yil 27 dekabr, 156-sonida chop etilgan "O‘zbek tilida gaplashamizmi?" maqolasida shu kunning dolzarb mavzusi tilga olingan.

Hozirgi paytda muassasa  va do‘kon peshtaxtalarida yozilgan yozuvlar, do‘konlarning  "Super-market", "Giper-market", "Mini-shop" deb nomlanishi o‘zimizning o‘zbekcha nomlarni muomaladan chiqarmoqda. "Oziq-ovqat", "Xo‘jalik mollari" deb yozilgan do‘konlar deyarli yo‘qolib ketdi.

Vaholanki, "7ya"(Semya) deb nomlangan savdo shoxobchasini "Oila" deb atash mumkin. Yoki "777", "555", "1001" degan nomlardan biror  ma’no topish qiyin.

Yana bir holat, o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari va kiyim-kechaklarga ham ajnabiy nom berish ko‘paymoqda. Emishki, ana shunday nomdagi tovarlarning xaridori ko‘p.

Xalqaro standartlarga javob beradigan mahsulotlarimizga ham o‘zbekona nom berib, brend darajasiga ko‘tarish nafaqat tadbirkorlarning, qolaversa, xalqimizning ham mas’uliyati.

Umar XUDOYBERDIYEV,

SamISI dotsenti.