Maishiy gaz ballonlari aholi ehtiyojini to‘liq qoplaydi

Viloyat Matbuot uyida “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali direktori Olim Isaqulov ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minotida avtomatlashtirilgan tizimning joriy etilishi hamda aholini tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlash bo‘yicha o‘tgan 6 oyda viloyatda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berildi. 

Ta’kidlandiki, 2016 yildan buyon tabiiy gaz iste’molchilari soni viloyatda 53 021 taga oshdi. 2016 yilda 255 766 tani tashkil etgan bo‘lsa, bugunga kelib ularning soni 308 787 taga yetdi. O‘z navbatida iste’molchilarga yetkazib beriladigan tabiiy gaz fondi o‘sha davrga nisbatan 403 million 172 ming metr/kubga oshgan. Ya’ni, bugunga kelib, yiliga 1 milliard 610 million metr/kubga yaqin tabiiy gaz yetkazib berilmoqda.

Prezidentimizning 2020 yil 24 sentyabrdagi “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish loyihasini amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan xonadonlarga elektron gaz hisoblagichlarni o‘rnatish ishlari davom etmoqda.

- Hisoblagich o‘rnatish ishlari boshlangandan buyon viloyat miqyosida 76 765 nafar iste’molchi xonadoniga “aqlli” gaz hisoblagichlari o‘rnatildi. 71 891 ta iste’molchi “BillingGaz” dasturiga ulandi, - deydi O.Isaqulov. – Joriy yilning 6 oyida 55 764 ta aholi xonadoniga “aqlli” gaz hisoblagichlari o‘rnatildi, 54 393 ta hisoblagich “BillingGaz” dasturiga ulandi.

Bugungi kunda viloyatda tabiiy gaz yetkazib berishning imkoniyati bo‘lmagan 815 ta mahalladagi 487 105 nafar iste’molchiga imtiyozli narxlarda suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda. So‘nggi 5 yilda suyultirilgan gaz iste’molchilari soni 175 447 taga oshdi.   

Maishiy gaz ballonlarning barchasiga maxsus shtrix kodli stikerlar o‘rnatilib, ID-kartalar tarqatildi. Hozircha Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlarida suyultirilgan gaz mahsulotlarini to‘liq ID-kartalar orqali sotish yo‘lga qo‘yildi. Qolgan tumanlarda ikkitadan mahallada ID-kartalar tajriba tariqasida muomalaga kiritildi.

Dilmurod To‘xtayev.