Maktab direktori xonasida o‘qituvchini pichoqladi

Ijtimoiy tarmoqlarda 2020 yil 7 iyun kuni “Andijonda dahshatli qotillik direktor o‘qituvchini pichoqladi” sarlavhasi ostida videolavha tarqaldi.

Ushbu videolavhada aks etgan holatlar Andijon viloyati IIB tomonidan atroflicha o‘rganildi.

Aniqlanishicha, 2020 yil 25 may kuni soat 09:00 larda Paxtaobod tumani Chorsu MFYda yashovchi fuqaro N.Z. o‘zi bilan birga ishlab kelayotgan Paxtaobod tumani Chorbog‘ MFY hududida joylashgan 25-musiqa va san’at maktabida direktor lavozimida ishlovchi D.I.ning xizmat xonasiga ukasi J.O. va M.U.lar bilan birga oylik maoshi haqida ma’lumot olish maqsadida kelib o‘zaro janjallashib ketishadi. Shu vaqtda D.I. xonasida bo‘lgan xo‘jalik pichog‘i bilan N.Z.ning yuzi va tanasiga urib, unga ish bo‘yicha o‘tkazilgan sud tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, “chap yuzida, ko‘krak qafasi chap yonida va o‘ng qo‘li kafti ichida kesilgan jarohatlar” kabi sog‘liqning buzilishiga olib kelgan yengil tan jarohati yetkazganligi aniqlangan.

Hodisa joyini ko‘zdan kechirish davomida bir dona xo‘jalik pichog‘i daliliy ashyo tariqasida olingan. Mazkur holat Paxtaobod tumani IIB navbatchilik qismining 1-shakl kitobidan 2020 yil 25 mayda ro‘yxatdan o‘tgan. To‘plangan tergovga qadar tekshiruv hujjatlari hamda sud tibbiy ekspertiza xulosasiga asosan 2020 yil 4 iyunda Paxtaobod tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmokda.

Yuqorida ko‘rsatilgan holatda gumon qilinuvchining harakatlarida qotillikka suiqasd qilish alomatlari bor-yo‘qligiga tergov harakatlari davomida baho beriladi.