Maktab o‘quvchilari davlat tilida imtihon topshiradi: Bu qanday amalga oshiriladi?

Bugun viloyatdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida jami 776905 nafar o‘quvchi ta’lim olsa, ulardan 62607 nafari rus, 7171 nafari tojik sinflarda o‘qiydi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2025 yil 20 fevraldagi tegishli buyrug‘iga binoan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari 9- va 11-sinf bitiruvchilari uchun joriy yilgi yakuniy davlat attestatsiyasi imtihonlari 26 maydan boshlanadi.
Joriy o‘quv yilidan boshlab ta’lim o‘zbek tilida olib borilmaydigan sinf bitiruvchilari uchun davlat tili fani majburiy imtihon sifatida belgilanmoqda. Xo‘sh, ta’lim o‘zbek tilida olib borilmaydigan sinf bitiruvchilari uchun davlat tili fanidan imtihonlar qay tartibda olinadi?
- Bu yil rus sinflar ikkinchi yil davlat tilidan yozma imtihon topshirishadi, - deydi Samarqand shahar 33-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘zbek tili fani o‘qituvchisi Mastura Abdurahimova. - Imtihon biletlaridagi savollarning barchasi o‘tilgan mavzular bo‘yicha tayyorlangan. Savollar qiyin emas, o‘quvchi yaxshi tayyorlansa, imtihondan bemalol o‘tib ketadi. Faqat muammo ayrim bolalarning o‘qishga qiziqmasligida. Afsuski, imtihon mas’uliyatini sezmaydiganlar ham bor.
9-sinflar uchun imtihon qay tartibda o‘tkaziladi?
Ta’lim boshqa tillarda olib boriladigan maktablarning 9-sinf o‘quvchilariga imtihonda berilgan topshiriqlar bo‘yicha 120 daqiqa vaqt beriladi. O‘quvchilarga taklif etilgan baza savollaridan tashkil topgan 2 ta bilet taqdim etiladi. Biletda o‘quvchiga bitta matn va 5 ta topshiriq beriladi.
Topshiriqlarning 2 tasi bilishga, 2 tasi qo‘llashga, 1 tasi mulohazaga oid bo‘ladi. Yozma savollarga javoblarni yozish uchun maktab tomonidan oldindan tayyorlab (maktab shtampi bosilgan) qo‘yilgan A4 formatdagi qog‘ozlar beriladi. Bilet savollariga tayyorgarlik ko‘rish va javob berishi uchun umumiy 120 daqiqa vaqt beriladi.
11-sinflarga imtihon qanday olinadi?
Imtihon ishining har bir varianti shakli va murakkablik darajasi turlicha bo‘lgan 20 ta savoldan iborat bo‘lib, qisqa javobli, ko‘p javobli, taqqoslama va bir javobli topshiriqlardan iborat bo‘ladi. Shulardan 3 topshiriqqa yozma javob beriladi. Bir javobli savollarga tanlash uchun variant berilmaydi.
Har bir imtihon biletining savol va topshiriqlari o‘zbek tili fani bo‘yicha umumta’lim maktablarining o‘zbek tili fani dasturini qamrab olgan. Shuningdek, tavsiyada bilishga oid savollar, qo‘llashga va mulohazaga oid topshiriqlar bo‘yicha baholash mezonlari keltirilgan.
Biletda o‘quvchiga 17 ta qisqa javobli, ko‘p javobli, taqqoslama va bir javobli, 3 ta yozma shaklda topshiriqlar beriladi. Bilet savollariga javob berishi uchun 150 daqiqa vaqt beriladi.
- Bilet savoliga javob bera olmagan bitiruvchiga yakuniy attestatsiya komissiyasi tomonidan ikkinchi marotaba bilet olishga ruxsat beriladi, - deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish shu’basi boshlig‘i Roziq Fayziyev. - Bitiruvchi olgan ikkinchi biletga ham javob bera olmasa, unga yakuniy attestatsiyaning bahosi sifatida «qoniqarsiz» baho qo‘yiladi va uchinchi marotaba bilet olishga ruxsat berilmaydi.
Maktab pedagogik kengashining qarori asosida unga yakuniy attestatsiya tugagan kundan keyin ikki hafta o‘tgach, mazkur fandan qayta yakuniy attestatsiyadan o‘tishga ruxsat berilishi mumkin.
Bir yoki ikki fandan o‘tkazilgan yakuniy attestatsiyada qoniqarsiz baho olgan bitiruvchilarga oxirgi yakuniy attestatsiyadan keyin ikki hafta o‘tgach, qoniqarsiz baho olgan fanidan qayta yakuniy attestatsiyadan o‘tish huquqi beriladi.
Umumiy o‘rta ta’lim oluvchilarning yakuniy davlat attestatsiyasi to‘g‘risidagi Nizomga asosan yillik baho va yakuniy attestatsiyadan «qoniqarsiz» baho olgan bitiruvchilar shu sinfda qayta o‘qishga qoldiriladi.
Xurshida ERNAZAROVA.