Maktab o‘quvchilari kasb-hunarga o‘qitiladi

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 30 dekabrda “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 9-11-sinflari o‘quvchilarini kasb-hunarga tayyorlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 9-11-sinflari o‘quvchilarini kasb-hunarga tayyorlash 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab 9-10-sinflarda, 2023-2024 o‘quv yilidan - 11-sinflarda tashkil etiladi.

Kasb-hunarga tayyorlash bo‘yicha umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga biriktirilgan yaqin hududda joylashgan kasb-hunarga o‘qitish markazlari, mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskanlari va qisqa muddatli kurslar ochilgan ta’lim muassasalarining o‘quv binolari, shu jumladan, sinf xonalari va ustaxonalaridan bepul foydalaniladi.

Maktab psixologi 7-sinfdan boshlab o‘quvchilar o‘rtasida interaktiv so‘rovnomalar o‘tkazib, ularning kasb-hunarga bo‘lgan qiziqishini aniqlaydi.

9-sinf o‘quvchilarining kasbiy moyilligi bo‘yicha o‘tkazilgan psixologik tashxislar natijalari asosida kelgusida aniq ishchi kasblar bo‘yicha kasb-hunar maktablarida ta’lim olishi yoki kasb-hunarga tayyorlash markazlarida kasbga tayyorgarlikni davom ettirishlari uchun o‘quvchilarni o‘quv yili davomida muayyan kasbga yo‘naltirish ishlari olib boriladi.

Kasb-hunarga tayyorlash markazlarida o‘quvchilar uchun haftasiga kamida bir marta belgilangan soatlar doirasidan chiqmagan holda o‘qish tashkil etiladi.

Vazirlar Mahkamasining ushbu qarori asosida Nizom tasdiqlangan bo‘lib, unda o‘quvchilar uchun kasb-hunar yo‘nalishini ixtiyoriy tanlash, bepul ta’lim amalga oshirilishi belgilangan.

O‘quvchilarni kasb bo‘yicha ijodiy fikrlaydigan, tashkilotchilik, tadbirkorlik ko‘nikmalariga ega bo‘lgan shaxsni tarbiyalash hamda ularning qiziqish va qobiliyatlaridan kelib chiqib kasb-hunarga tayyorlanadi.

Shuningdek, viloyat hokimining 2022 yil 7 yanvardagi 4-7-0-Q/22 qaroriga asosan, viloyatda umumiy o‘rta ta’lim muassasalari bitiruvchilarining egallagan kasblari bo‘yicha mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun zarur ish o‘rinlarini yaratish, ularning bandligini ta’minlash choralari ko‘riladi.