Maktabda o‘quvchilar harbiylikka qanday tayyorlanyapti?

Mustaqillikning dastlabki yillariga to‘g‘ri kelgan o‘quvchilik yillarimda chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik darsi futbol stadionida kechgan. Rost, bu keyinchalik muddatli harbiy xizmatni o‘taganimda salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Eng yomoni shundaki, keyinchalik maktablarda 10-11 sinflar qisqarib, bu fan dars jadvalidan olib tashlandi. Harbiy o‘quv qurollari tarqalib ketdi, o‘q otish joylari buzildi.

Ammo bugun davr o‘zgardi, bu fanga, ya’ni yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga e’tibor birmuncha oshdi. Xususan, 2017 yilda umumiy o‘rta ta’lim tizimida 10-11 sinflar qayta tiklanib, bu yo‘nalishda alohida dars mashg‘ulotlari yo‘lga qo‘yildi.

Ajratilgan soatlar yetarlimi?

Yoshlarni chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik yo‘nalishida ham muayyan normativ hujjatlar talab qilinadi. Afsuski, bu borada hali qilinadigan ishlar ko‘p. Ammo arzirli ishlar ham yo‘q emas.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda 1247 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabining 1239 tasida yoshlarni chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchilari faoliyat olib bormoqda.

- Hamkasblarimiz tayanch o‘quv rejasi asosida 10-11 sinflarda haftasiga bir soatdan dars o‘tadi, - deydi Samarqand shahridagi 33-umumiy o‘rta ta’lim maktabi yoshlarni vatanparvarlik ruhida tayyorlash bo‘yicha direktor o‘rinbosari Tursun Bo‘riyev. - Mashg‘ulotlar sifatli tashkil qilinishi uchun har bir maktabda sinfxonalar zarur ko‘rgazmali vositalar bilan jihozlangan. Shuningdek, xotira burchak­lari tashkil qilinib, bu yerda Vatanimiz sarhadlari daxlsizligini ta’minlashda halok bo‘lganlar to‘g‘risida fotolavha va ma’lumotlar joylashtirilgan. 

- Mashg‘ulotlar sifatini oshirish, jumladan, yoshlarda harbiylikka havasni kuchaytirish maqsadida harbiy qismlar va tegishli boshqarmalar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan, - deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi amaliy fanlar metodisti Nurali Ibragimov. – Masalan, “Yosh qutqaruvchi”, “Temurbeklar” singari tanlovlar orqali o‘quvchilarimiz egallayotgan bilimlar sinovdan o‘tkaziladi. Bundan tashqari, har yili o‘tkaziladigan harbiy vatanparvalik oyligida harbiy o‘quv dala maydonlari, qismlarga o‘quvchilarning sayohati tashkil qilinadi. Harbiy xizmatchilar hayoti bilan yaqindan tanishtirish maqsadida ochiq eshiklar kuni o‘tkaziladi. 

Albatta, bu borada haftada bir soat dars orqali o‘quvchilarga yetarli ma’lumot va ko‘nikma berish qiyin. Shu bois, maktablarda yosh merganlar, yosh topograflar va boshqa to‘garaklar tashkil qilingan. Qolaversa, dars mashg‘ulotlarini ko‘paytirish masalasi ham ayni paytda keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan milliy dasturda o‘z ifodasini topadi, deb o‘ylayman.

Boshqarma metodisti va amaliyotchi o‘qituvchilar chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani aynan qancha bo‘lsa yetarli bo‘lishini aytmagan bo‘lsalar-da, bu borada tegishli takliflar bildirilayotganini qayd etishdi.

Nochor moddiy-texnik baza 

- 1990-1993 yillarda ham maktabda chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fanidan dars berganman, - deydi Jomboy tumanidagi 51-umumiy o‘rta ta’lim maktabi yoshlarni vatanparvarlik ruhida tayyorlash bo‘yicha direktor o‘rinbosari Anvar Farmonov. – O‘sha payt, umuman o‘zimiz o‘qigan vaqtlarda ham maktablarda qariyb barcha jangovar qurollar bo‘lardi. Bugun ham qurollar masalasi bosqichma-bosqich ko‘rib chiqilyapti. Lekin bizni qiynagan eng og‘riqli masala bu jismoniy tayyorgarlik maydoni yo‘qligi. Lekin biz masala markazlashgan tartibda yoki qachondir hal etilishini kutib turganimiz yo‘q. Maktabimizda homiylar ko‘magi bilan gimnastika maydoni tashkil qilib, zarur jihozlar bilan ta’minlaganmiz. Bugun bu joy o‘quvchilarimizning sevimli maskaniga aylangan.

- Darhaqiqat, chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani bo‘yicha moddiy-texnik baza maqtagulik darajada emas, - deydi N.Ibragimov. – Umumiy o‘rta ta’lim maktablari 18 nomdagi plakatlar bilan ta’minlangan. Har bir tumanga 4 donadan o‘quv avtomati tarqatilgan.

Albatta, chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik ko‘proq amaliyot va ko‘rgazmali vositalar bilan bo‘lsa, kutilgan natijani beradi. Bu borada gap ketganda tegishli hujjat asosida viloyat, shahar va tuman xalq ta’limi bo‘limi boshliqlari hokimlarning maslahatchisi etib belgilanganini aytib o‘tish lozim. Endi bu bilan joylardagi rahbarlarga bevosita maktablar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha taklif va tavsiya kiritish uchun vakolat berildi.

- Hukumatnig tegishli qarorida 11-sinf o‘quvchilarining 3 kunlik taktik-amaliy mashg‘ulotlarini o‘tkazish belgilangan, - deydi T.Bo‘riyev. - Nazarimda, bu masala ham yaqin vaqt ichida o‘zining amaliy yechimini topadi. 

Malakani qayerda oshirgan ma’qul?

Garchi, xalq ta’limi tasarrufida bo‘lsa-da, mantiqan olib qaraganda mudofaa tizimiga yaqin bo‘lgan chaqiriqqa qadar tayyorgarlik fani o‘qituvchilarining hammasi ham yetarli darajada malaka va ko‘nikmaga ega, deb bo‘lmaydi. Qolaversa, shiddat bilan rivojlanayotgan bugungi davrda mazkur fan o‘qituvchilarining xalq ta’limi tizimida malaka oshirishlari mantiqan to‘g‘ri emasdek.

- Tizim xodimlari, shu jumladan, chaqiriqqa qadar tayyorgarlik fani o‘qituvchilarining har uch yilda malaka oshirishlari va qayta tayyorlovdan o‘tishlari belgilangan, - deydi N.Ibragimov. - Shu bois, o‘qituvchilarimiz boshqarma qoshidagi institutda kurslarda o‘qib, o‘z malaka va ko‘nikmalarini oshirib kelmoqda. Bu yerda mashg‘ulotlar zamonaviy axborot texnologiyalari asosida tashkil qilingan.

- Bir oyda bitta o‘qituvchi malaka oshirganda Jomboydagi birinchi navbatdagi o‘qituvchiga yana besh yilda navbat keladi, - deydi A.Farmonov. - Shu bois, maktabimizda har hafta o‘zaro tajriba almashish mashg‘ulotlarini tashkil qilganmiz. Deylik, kimdir topografiya bo‘yicha yaxshi bilim va ko‘nikmaga ega, o‘sha yo‘nalishda mashg‘ulot o‘tkazadi. O‘z navbatida, bugungi kunda sohadagi yangilik va o‘zgarishlar bilan tanishtiradi.

Bundan tashqari, fan o‘qituvchilarining telegram guruhini tashkil qilganmiz. Bugungi kunda nafaqat viloyatimiz, balki boshqa hudud o‘qituvchilari ham a’zo bo‘lgan ushbu guruhda sohaga oid yangiliklar va zarur hujjatlar e’lon qilib boriladi, amaliy tajribalar o‘rtoqlashiladi.

Albatta, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi qoshidagi malaka oshirish institutida darslar namunaviy asosda tashkil qilingan, - deydi T.Bo‘riyev. – Ammo bu yerda amaliy mashg‘ulotlar uchun imkoniyat deyarli yo‘q. Shuning uchun Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi bilan hamkorlikda fan o‘qituvchilarining 3 kunlik dala-o‘quv mashg‘ulotlari tashkil qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Ustozlarga e’tibor zarur

Bugun o‘qituvchilarning jamiyatdagi obro‘sini oshirish, ularning moddiy ta’minotini yaxshilash choralari ko‘rilmoqda. Shu jumladan, chaqiriqqa qadar tayyorgarlik fani o‘qituvchilariga bo‘lgan e’tibor ham ortib boryapti.

Xalq ta’limi vazirligining 2019 yil 28 dekabrdagi buyrug‘iga asosan ChQBT rahbari lavozimi vatanparvarlik ruhida yoshlarni tayyorlash bo‘yicha direktor o‘rinbosari etib belgilangan. Taassufki, oylik maoshida o‘zgarish yo‘q.

- Albatta, bu masala vazirligimiz tomonidan o‘rganib chiqilib, zarur choralar ko‘rilmoqda, - deydi N.Ibragimov. - Bunda birinchi navbatda, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha direktor o‘rinbosarining oylik ish haqi maktabdagi oliy ma’lumotli o‘qituvchilarning ish haqiga tenglashtiriladi. Keyinchalik bosqichma-bosqich oshirib boriladi.

- Faoliyatim davomida ko‘plab yosh ChQBT rahbarlari bilan suhbatlashishimga, ularning oilaviy sharoitlarini o‘rganishimga to‘g‘ri keladi, - deydi A.Farmonov. – Ularning aksariyati oila boshlig‘i va asosiy boquvchi hisoblanadi. Shu bois, 1 million 200 ming so‘m, balki undan sal ko‘proq ish haqi yetarli bo‘lmayotganini his qilganman. To‘g‘ri, biz singari asosiy kontingentning 25-30 foizini tashkil qiluvchi zaxiradagi ofitserlar hisoblangan direktor o‘rinbosarlari uchun ish haqining qanchaligi muhim ahamiyatga ega emas. Ammo boshqa yo‘nalishlardagi oliy o‘quv yurtlarini tugatib, faoliyat olib borayotgan o‘qituvchilarning ish haqini oshirish kerak. Chunki, ular endi nafaqat 10-11 sinflarga dars o‘tadi, balki barcha maktab o‘quvchilarini harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishiga mas’ul etib belgilandi.

Davra suhbatimiz davomida yana bir holat e’tiborimni tortdi: zaxiradagi ofitser yoki serjantlar tarkibiga kiruvchi ChQBT rahbarlarining harbiy unvoni deyarli o‘zgarmaydi. Nazarimda, bu masala ham tegishli tashkilotlar tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak.

Yoqubjon MARQAYeV.