Mamlakatimiz hududiga salqin havo oqimi kira boshladi
Bugun mamlakatimiz hududiga Volgabo‘yi rayonlaridan salqin havo oqimi kira boshladi, deb xabar berdi O‘zgidromet.
Bu havo oqimi butun ish haftasi davomidagi ob-havoni belgilaydi. Respublika hududining katta qismida ob-havo yog‘ingarchiliksiz bo‘ladi. Faqat 16-17 iyunda tog‘li hududlarda ayrim joylarga qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
16-17 iyunda respublikaning ayrim joylarida shamolning tezligi sekundiga 15-20 metrgacha kuchayishi, shiddat bilan esganda sekundiga 23-28 metrgacha yetishi mumkin.
16 iyunda Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida kunduzgi harorat 30-35 darajagacha pasayadi. Respublikaning qolgan hududlarida issiq ob-havo saqlanib turadi, kechasi 17-22 daraja, kunduzi 34-39 daraja, janubda va cho‘l zonasida 40-42 darajagacha issiq bo‘ladi.
17-19 iyunda salqin havo butun respublika hududiga tarqaladi, harorat qulay ko‘rsatkichlargacha pasayadi, kechasi 15-20 daraja, kunduzi 30-35 daraja atrofida bo‘ladi, bunday harorat me’yorga yaqindir.