Mamlakatlar ramzi bo‘lgan hayvonlar
Azaldan hayvonlar doimo odamlar bilan yonma-yon yurgan. Ularning fe’l-atvori, xususiyatlari inson harakatlari bilan taqqoslanadi, tasvirlari kiyimlarda qo‘llaniladi. Dunyoga birinchi bo‘lib “Totem hayvoni” tushunchasini hindular kiritgan. Keyinchalik hayvonlar gerb, bayroq kabi mamlakatlarning rasmiy belgilarida tasvirlana boshlandi. Qizig‘i, har doim ham gerbda tasvirlashga qaror qilingan hayvonlar mamlakatlarning ramzlari bo‘lmagan, ko‘p hollarda mamlakat aholisi tomonidan qadim zamonlardan chuqur hurmatga sazovor bo‘lgan hayvonlar ularning timsoliga aylandi.
Avstraliya – kenguru va emu qushi
Avstraliya deganda birinchi navbatda xayolimizga janjalchi kenguruning surati keladi. Mamlakat faunasi shunchalik turli tumanki, hatto ba’zi odamlar u yerga borishga qo‘rqadi. Lekin faqat kenguru mamlakatning asosiy ramziga aylanishga muvaffaq bo‘ldi. Qizig‘i, gerbda kenguru bilan bir qatorda emu qushi ham tasvirlangan.
Avstraliyaliklarning ta’kidlashicha, bu ikkovlonni aholining o‘zi mamlakat ramzi sifatida tanlagan, chunki kenguru ham, emu ham orqaga yurishni bilmaydi – faqat oldinga! Ana shunday qiziqarli va ruhni ko‘taradigan ramz.
Mongoliya – ot
Mongoliya davlati gerbiga qarasangiz, markazida Mongoliyaning ozodligini eslatuvchi ayg‘ir otini ko‘rishingiz mumkin. Bu mamlakat aholisi uchun ot – yordamchi, sodiq do‘st va energiya ramzi hisoblanadi.
Rossiya - ayiq
Davlat gerbida ikki boshli burgut tasvirlangan. Biroq norasmiy, ammo umumiy qabul qilingan ramz, bu ayiqdir. Uni mamlakat logotiplari va shaharlar gerblarida ko‘rish mumkin. Eng mashhuri – Olimpiya ayiqchasi.
Bir qarashda maymoq oyoq, lavang bu hayvon g‘azablantirilsa... u o‘z o‘ljasini suvdami, daraxtdami, qayerda bo‘lmasin, tutib oladigan epchil yirtqichga aylanadi.
Qozog‘iston - ilvirs
Bu noyob, yovvoyi tabiatda kamdan-kam uchraydigan hayvonni qor qoploni deb ham atashadi. Ilvirs qadimdan e’zozlanib kelingan, u badiiy san’at va afsonalarning ajralmas qismiga aylangan. Qizig‘i, qor qoploni gerbda gul ushlab turgancha xayrixoh, tish va tirnoqsiz tasvirlangan.
Tailand - fil
Tailandda fillar muqaddas hayvon hisoblanadi. Ularni hamma joyda, hatto tangalarda ham uchratish mumkin. Tailandliklar fillar omad keltiradi, deb hisoblaydi. Bu yerda ular uchun hatto bayramlar uyushtirilib, tantanali tadbirlarda fillar odamlar bilan bir qatorda ishtirok etadi.
Fillar qadim zamonlardan beri xonakilashtirilgan va parvarishlangan – ular yuk tashishda, qurilishda, hatto urushlarda ham qatnashib, o‘z egalariga yordamlashgan. Hozir ular turizmni rivojlantirishda xizmat qilmoqda.
Buyuk Britaniya - sher
Aslida bu hayvon tasviridan Keniya, Finlandiya, Belgiya, Singapur, Gruziya kabi ko‘plab mamlakatlar ramz sifatida foydalanishadi. Biroq Angliya qiroli Genrix I davridan buyon sher qirol qalqonini bezash uchun ishlatilgan.
BAA - lochin
Jasur lochin Birlashgan Arab Amirliklarining an’anaviy ramzi bo‘lib, mamlakatning har bir badavlat aholisida bu qush bo‘lishi shart. To‘tiqushga o‘xshagan “uy hayvoni”ning bahosi juda baland, u mashina yoki yaxtadan qimmatroq turadi. Mamlakatda lochinlar kasalxonalari, ko‘nalg‘a, bozor va hatto ularga bag‘ishlangan muzey bor.
Xitoy - panda
Beso‘naqay, kulgili pandalar Xitoyning milliy boyligidir. Bu muloyim ayiqpolvonlarni xitoyliklar o‘z ramzlari deb biladi. Ular bir qarashda o‘ta xotirjam ko‘rinadigan darajada ahmoq emas. Tibet donishmandlari momiq hayvonlarda o‘z hayot tamoyillarining aksini topa olgan. Dunyoda juda kam panda hayvonlari bor va ularning aksariyati Sichuanda yashaydi.
AQSh – oqsoch burgut
Shimoliy Amerikada yashaydigan oqsoch burgut 1782 yilda Qo‘shma Shtatlar gerbida paydo bo‘lgan – u erkinlik ruhi va qudratni ifodalaydi.
XX asrning oxirida Amerikada bu qushlar yo‘qolib ketish xavfi ostida deb e’lon qilindi, biroq mamlakatning tabiatni muhofaza qilish siyosati sa’y-harakati tufayli burgutlar turi populyasiyasi tiklandi.
Shveysariya – sigir
Syurix aeroportida qo‘ng‘iroqlar chalinishi va sigirlarning ma’rashi ovozini eshitishingiz mumkin – mamlakatda mehmonlar shunday kutib olinadi. Shveysariyaliklar sigirlarni yaxshi ko‘radi va bu qo‘shtuyoqlilar ularning ramziga aylangan.
Yoqimtoy qo‘ng‘iroqchali, yaxshi parvarishlangan sigir, bu albatta – Shveysariya! Bu yerda har bir sigirning o‘z sartaroshi bor va ma’ragich go‘zallar uchun go‘zallik tanlovlari o‘tkaziladi. Mamlakat aholisi sigirlarga mehr bilan munosabatda bo‘lishadi, axir ular mazali sut beradi, undan esa mashhur Shveysariya pishlog‘i tayyorlanadi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.