Ma’naviy jasorat jamiyat evrilishining birinchi sharti

Jasorat – hamma qila olmaydigan ishni mardlik, dovyuraklik va shiddat bilan ijro etish. Bir paytlar Onore de Balzak “Fuqarolik jasoratining ham, harbiy jasoratning ham kelib chiqish manbai bir” deganda ming karra haq edi. Negaki, jasoratning manbai – aniq maqsad va fidoyilik. Kezi kelganda sabr ham jasoratdir.

Keling, gapni ommaviy jasoratdan boshlaylik. Ko‘pchilik jasorat deganda urushda dushmanga qarshi dadil borishni, jamiyatda esa hayotdagi illatni baralla aytishni tushunadi. Bu holat istaymizmi-yo‘qmi, turmushda nohaq zarbaga duch kelgan, himoya topolmagan kishilarda ro‘y beradi. Bu jamiyatning barcha bosqichlarida, hamma davlatlar uchun ham tabiiy hol.

Ammo xalq jasorati hamma vaqt ham inqilob, namoyish bilan belgilanmaydi. Bunday jasorat millat birligida, ibratli an’ana, urf-odatning davomiyligida ko‘zga tashlanadi. Misol uchun, Xitoyda ishlamagan odam shuhratga ham, daromadga ham domongir bo‘lmaydi. Hindistonda menga uy-joy, imtiyozli uy bering, degan da’vogar yo‘q. Yaponiyada hech kim bir-biriga baland ovozda gapirmaydi. Nemislar vaqtni behudaga sarflamaydi. Buni chinakam xalq jasorati deyish mumkin. Bu – ma’naviy jasorat!

Ma’naviy jasoratning mashaqqati shundaki, atrofdagilar nuqtai nazarini o‘zgartirish lozim. Minbarlarda chiroyli gapirish, odamlarga yaxshi ko‘rinish uchun kamchiliklarni pesh qilish jasorat emas. Ma’naviy jasoratning hazm bo‘lishi og‘ir kechadi. Ma’naviy jasoratda tushuntirish emas, ishontirish muhim.

Endi keling, hech bo‘lmaganda hayotimizning keyingi 4-5 yilini bir tahlil qilib ko‘raylik.

Mayli, hamma emas, hech bo‘lmaganda shu masalada yillab iztirob chekkanlar aytsin. Sal oldinroq ular garchi 10-15 yildan beri O‘zbekistonda yashasa-da, shu davlat fuqaroligini olishga ishonisharmidi? Yo‘q, albatta. O‘z Vatanida musofir edi ular. Endi-chi? O‘zbekiston fuqaroligini olgan 100 ming nafarga yaqin inson, hujjati qisqa muddatda tayyorlanib, pasport olish arafasida turganlar aytsin...

Xo‘sh, Toshkent shahriga “propiska”ning ochilishi jasorat emasmi? Endi respublikaning istalgan joyidan uy-joy olish, mulk qilish huquqiga ega bo‘ldik. Bu masalada nuqtai nazarimiz o‘zgargani rostmi?

Paxta, g‘alla monopoliyasi davrida oromu sog‘lig‘idan, bor-u yo‘g‘idan judo bo‘lganlar, ularning farzandlari aytsin. Muallimlar, shifokorlar, bolakaylar aytsin, davlat rahbari bu boradagi nuqtai nazarimizni o‘zgartira oldimi?

Biz daromad beradigan, o‘zimizga foydasi tegadigan ekin ekish huquqiga ega bo‘ldik. Har yili Samarqand viloyati bir necha yuz ming tonna qishloq xo‘jalik mahsulotini eksport qilmoqda. 4-5 yil avval bu narsa orzu edi, xolos.

Tadbirkorni tekshirishga moratoriy e’lon qilinishi oson deb o‘ylaysizmi? Yillar davomida ko‘plab korchalon va nazoratchilar ular hisobidan yashab kelganlar. Tabiiyki, ular bu siyosatga jon-jahdi bilan qarshi turdi, turli bahonalar topdi. Ammo mana, shu holatga erishdik-ku! Bu ma’naviy jasorat emasmi?

Anjumanda, matbuot tizimini takomillashtirish yuzasidan fikr aytib, quvg‘in-u tazyiqqa uchraganlar aytsin, yaratilgan turli minbarlardan xalq o‘z so‘zini ayta olishi hayolimizga kelganmidi? Bugun ijtimoiy tarmoqlarda “O‘zbekistonda demokratiya yo‘q” deb uvvos solayotganlar, aynan demokratiya, so‘z erkinligi, oshkoralik tufayli “uvvos” solishmayaptimi? Xalqimiz dono – bu gaplarning sarasini sarakka, puchagini puchakka ajratib oladi.

Ta’limdagi qonunbuzilishlar, poraxo‘rlik, adolatsizlik esimizdan chiqyapti shekilli. Qanchalab ilmga tashna, zakovatli o‘g‘il-qizlarimiz aziyat chekdi. Ota-onaning tizimga ishonchi yo‘qolgandi. Shunday paytda davlat rahbari avvalo akademiklar duosini oldi. Bolalar bog‘chalari, maktablar, hunar maktablari, oliy o‘quv yurtlariga qo‘l urdi. Eh-he, bu harakatga qarshi bo‘lganlar, to‘sqinlik qilmoqchi bo‘lgan, ishonmaganlar qancha edi. Bundaylar hozir ham topiladi.

Yaqindagina pensiya pulini ololmay sarson qariyalar bugun pensiyasini uyida o‘tirib naqd pulda olayotganidan ko‘z yumib bo‘ladimi? Naqd pul olishda, valyuta almashtirishda birorta ham ariza tushmaganiga nima deysiz? Biz og‘ir kunlarni unutadigan xalq emasmiz, shukronasi bor xalqmiz. Axir bu katta jasorat, mashaqqatli mehnat, tashvishli onlar samarasi emasmi?

Yillar davomida shakllangan to‘rachilik, korrupsion holatlarga barham berish oson kechmayapti. Ammo ochiqlik siyosati qamrovi kengayib bormoqda. Oson emas, deganimning sababi shuki, eski ko‘nikmadan voz kechish, birovning hisobidan kun ko‘rishdan mosuvo bo‘lish juda qattiq botadi. Shu sababli har bir tizimda muammolar paydar-pay, bosqichma-bosqich hal qilib borilmoqda. Mana-man degan davlatlar ham bu bosqichni o‘z boshidan o‘tkazgan.

Ming afsuski, bu jarayonlar bizda dunyo miqyosida murakkab vaziyat davom etayotgan paytga to‘g‘ri keldi. Ayniqsa, pandemiya kuchli, rivojlangan davlatlarni ham katta sinovdan o‘tkazmoqda. Ming shukrki, Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan xalq e’tiboriga havola etilgan va ma’qullangan Harakatlar strategiyasi bugun chinakam hayotiy reja ekanini isbotladi. Oqil, o‘z turmushiga teran nazar sola oladigan kishi hayotimiz kundan kunga yaxshilanib borayotganini sezadi, anglaydi.

Ma’naviy jasoratning tomiri ma’naviy komillikda. Ma’naviy komillikning ifodasi esa o‘z xalqi, Vatanini sevish, hurmat qilish, qadrlash, el g‘ami yo‘lida fidoyi bo‘lishda. Jasoratning qadri odamlarning bugungi siyosatga ishonchidir. Bu ishonch bizda shakllangan. Demak, oqil sarbon boshqargan karvon sobitqadamlik bilan ilgari boraveradi.

Farmon Toshev.