Ma’naviyat o‘g‘rilari kim, ularga necha chora ko‘rilmaydi?

Samarqand viloyati hokimligida 15 iyul kuni o‘tkazilgan apparat yig‘ilishida tuman, shahar gazetalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash borasida olib borilayotgan ishlar va gazeta-jurnallarni obunachilarga o‘z vaqtida yetkazib berish masalalari muhokama etildi.

Muhokama davomida gazetalar muassislari – tuman, shahar hokimliklarining o‘z nashriga e’tiborsizligi tanqid qilindi. Ayniqsa, bu borada Bulung‘ur tumani hokimligi va “Bulung‘ur hayoti” gazetasining munosabatlari, faoliyati mutlaqo qoniqarsiz, deb ta’kidlandi.

Shu bilan birga gazetalar mazmun-mundarijasini boyitish, tahririyatlarning zamon bilan hamnafas bo‘lib ishlashi kerakligi qayd etildi.

Viloyatda matbuot tarqatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonalar tomonidan gazeta-jurnallar o‘z vaqtida obunachilarga yetkazilmayotgani, shuningdek, obuna pullarining tahririyatga o‘tkazib berilmayotgani ta’kidlanib, prokuratura organlariga ular faoliyatiga huquqiy baho berish ko‘rsatib o‘tildi.

– Nega tovuq o‘g‘irlagan odamga javobgarlik belgilanadi-yu gazetalarini obunachilarga yetkazmayotgan yoki tahririyat pulini bermayotgan matbuot tarqatuvchi tashkilotga, ma’naviyat o‘g‘risiga chora ko‘rilmasligi kerak – dedi E.Turdimov. – Huquq-tartibot idoralari, avvalo prokuratura organlari matbuot tarqatuvchi va tahririyat o‘rtasidagi shartnoma shartlarni bajarilishini o‘rganib, ular faoliyatiga huquqiy baho berishi zarur.