"Maniobod"da hozircha oilaviy bog‘chalar, 2025 yilda davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etiladi

Bugun Zarnews.uz saytida "Uch mas’ulda uch xil javob, bog‘chasi yo‘q mahalla bolalari esa dasturdan umidvor" nomli tanqidiy maqola e’lon qilindi.
Unda "Maniobod" mahallasida maktabgacha davlat ta’lim tashkiloti yo‘qligi, bu bo‘yicha ishlar ortga surilayotganligi tanqid ostiga olingan.
Ayni paytda “Maniobod” mahallasida 3-7 yosh bolalar soni 400 nafarni tashkil qiladi. Shundan mahalladagi 2 ta 50 o‘rinli oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga 50 nafar, “Choshtepa” mahallasidagi 30-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga 20 nafar, “Ernazarqo‘rg‘on” mahallasida joylashgan 39-DMTT tasarrufidagi “Maniobod” mahallasida joylashgan 83-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tashkil etilgan 4 ta majburiy bepul bir yillik guruhlarga 94 nafar, jami 164 nafar bola maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingan.
“Maniobod” mahallasiga yaqin hududlarda “Xo‘ja Ismoil” mahallasidagi 41-DMTTga oraliq masofa 1 kilometr, “Choshtepa” mahallasidagi 30-DMTTga oraliq masofa 2 kilometr, “Oqqo‘rg‘on” mahallasidagi 44-DMTTga oraliq masofa 3 kilometrni tashkil etadi.
Tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi tomonidan 2025 yil Davlat dasturi asosida davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilishi bo‘yicha viloyat iqtisodiyot boshqarmasiga taklif berilgan.
Shuningdek, "Maniobod" mahallasida 3-7 yosh bolalar qamrovini oshirish maqsadida oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotini ochish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.
Payariq tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi.