Maqola yozib beraman
Maktabda devoriy gazeta chiqarishda o‘quvchilarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, ayrim narsalarni o‘zim yozib berishimni hamkasblarim yaxshi bilardi. Shuning uchun bir kuni direktorimiz xonasiga taklif qilib, "Bir-ikkita yaxshi maqola yozib berasan, uka", dedi.
Bizniki shunchaki havas, katta gazetalarga maqola yozmaganman, desam ham unamadi, "Salgina ega-kesimini kelishtirib, qog‘oz qoralab bersang bo‘ldi, uyog‘ini o‘zim hal qilaman", deb turib oldi. Maktabda ishlashim kerak, qolaversa, direktor fondi degan gaplar bor – rozi bo‘lib qo‘ya qoldim.
Direktorning o‘g‘li Toshkentdagi katta universitetlardan birida o‘qiydi. Nufuzli stipendiyaga hujjatlarini topshirayotgan ekan. Ana shu hujjatlar orasida gazeta-jurnallarda chiqqan maqolalari ham bo‘lishi kerak ekan. Xullas, ikki kundan keyin 3-4 qog‘ozni qoralab berdim.
Direktorimiz aytganini qiladigan odam-da. Haqiqatan ham men yozgan o‘sha "maqolalar" bir haftada ikkita gazetada birozgina o‘zgarishlar bilan chiqib keldi-da.
Ana shundan keyin maktabimizdan kimga toifa kerak bo‘lsa yoki malaka oshirish kursida o‘qimoqchi bo‘lsa, menga iltimos qiladi. Albatta, shunchaki iltimos emas, "mukofot"i bor. Yozib beraman, ro‘zg‘orga harna-da.
Maqola degani aslida dars konspektining o‘zginasi. Faqatgina boshida va oxirida bitta-ikkita rasmiy gap yozilsa bo‘ldi. Ayrim muallimlar shuni ham bilmaydi-da.
Keyinchalik qo‘shni maktablardan ham maqola yozdirgani keladigan bo‘lishdi. Hozir butun tumanda meni yaxshi bilishadi. Bir nechta Zulfiyachi qizlarga, notariuslar, ZAGS mudiralari, hatto, organ xodimlariga ham maqola yozib beryapman. Ularning hisoboti yoki mavsumga qarab, navbatga yozib qo‘yaman.
Shu kecha-kunduzda talabalar bilan ishlayapman. Yoshlar ittifoqi kontrakt pulining bir qismini to‘lab berishi uchun o‘sha talabaning maqolasi gazetada chiqqan bo‘lishi kerak ekan. Biram maza qilyapman, har kuni to‘rt-beshtagacha maqola yozaman.
O‘zlari kelishadi yoki qo‘ng‘iroq qilib, mavzuni, muallifning ism-sharifini aytishadi. Kompyuterimda mavzularga mos bir nechta "papka" ochib qo‘yganman. Bitta "poisk" beraman, aytilgan mavzu shundoq chiqib keladi. Bir-ikki satrni o‘zgartiraman-u, muallif ismini yozib, chiroyli qilib chiqarib qo‘yaman. Kelib, rozi qilib, olib ketishadi. Xullas, ishim besh.
Yaqinda direktorimiz bilan gazeta ochmoqchimiz. Shu maqolalarni boshqa gazetalarga olib borib yurishadimi, o‘zimiz chiqaramiz. Foydasi haqida gapirgandim, u kishi rozi bo‘ldi. Faqatgina direktorimizning nomidan ota-onasi haqidagi kitobni yozib tugatganimdan so‘ng bu ishni boshlaymiz.
Ha, darvoqe, hozir kitob yozishga kirishyapman. Bir-ikki puldorlar ota-bobolari, qilayotgan ishlari haqida kitob yozishni niyat qilganligini aytyapti. Mayli-da, niyatlariga yetsin, deb yozib beryapman.
Agar siz ham maqola yoki kitob yozdirmoqchi bo‘lsangiz, tortinmay aytavering, kelishamiz. Lekin aytib qo‘yay, men yozgan maqolamning chiqishiga yoki kitobning chop etilishiga kafolat bermayman, faqat yozib beraman. Manzilim, telefon raqamimni tahririyatda qoldirganman.
"Pocherkim" ko‘pchilikka tanish bo‘lgani uchun ushbu maqolaga imzo qo‘ymadim.