Maqsad – bayramni ko‘ngildagidek o‘tkazish, jinoyatchilikning oldini olish
Samarqand viloyati aholisining turmush tarzi va muammolarini o‘rganish, yoshlar orasida jinoyatchilikning oldini olish maqsadida shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Sh.Sobirov, Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.Valiyev va Davlat xavfsizlik xizmati raisining o‘rinbosari G‘.Yoziyev boshchiligidagi respublika ishchi guruhi tomonidan joylarda uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

Jumladan, Past Darg‘om tumanining Qo‘shchinor, Kattaqo‘rg‘on shahrining Balandchordara, Jomboy tumanining Zarafshon, Bulung‘ur tumanidagi Istiqlol va Samarqand tumanidagi Konigil mahallalarida o‘tkazilgan uchrashuvlarda mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligini munosib nishonlash, jinoyatlarning barvaqt oldini olish va hududdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat barqarorligini ta’minlash yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olishda jamoatchilik bilan o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish zarurligi qayd etilib, “qizil” toifaga kiritilgan mahallalarda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar va chora-tadbirlar belgilab olindi.