Mardikor bozoridagi «o‘yin»lar. Bunga kim barham beradi?
Soat ertalabki o‘n bo‘lishiga qaramay tumonat odam. Ishlayman deb kelgan odamlarning birortasi shu paytga qadar ish topmaganday go‘yo.
- Bu yog‘i qish, ish kam, shunga odam ko‘p, - deydi ulardan biri.
- Demak, qishda ish haqiyam kamroq bo‘larkan-da?
- Albatta. Qish oylarida boshqa fasllarga qaraganda ish ham kam, narx ham shunga yarasha bo‘ladi.
- Tumandan qatnasangiz kerak, qishda har kuni kelib ketasizmi?
- Narpaydanman. Ammo yotoqxonada turaman, har kuni qatnashga yo‘l pulim «chaqib ketadi»ku.
Suhbatga qiziquvchilar ko‘payib, o‘z fikrlarini bildirish istagidagilar topildi.
- Ishini bilgan, yo‘l-yo‘riqni tushungan odam bu yerda qoqilmaydi, mardikor bozori ko‘ngilchanlarga to‘g‘ri kelmaydi. Turli vaziyatlar bo‘ladi, haqingni talab qilib olishing kerak.
- Turli vaziyatlar deganda nimani nazarda tutyapsiz? Ishini qildirib, keyin pulini bermaydiganlar ham bormi? Yoki ish izlovchilar orasida turli nizolar bo‘lib turadimi?
- Ikkalasiyam bo‘ladi.
- Ishini qildirib, keyin haqini bermaganda qanday yo‘l tutasizlar?
O‘zini Komil aka, deb tanishtirgan, shu yerdagi 150 chog‘li ishchilarga rahbar deb hisoblanadigan kishi bu masala bilan ko‘p shug‘ullangan, shekilli, fikrlarini jahl aralash jonkuyarlik bilan bildira boshladi.
- Bunaqa holatlar ko‘p bo‘lgan, albatta! Mardikor odam qanday yo‘l tutadi, deysizmi? Nima qilardi, nima qila olardi? Bo‘shroqlari indamay qarg‘ab ketaveradi. Jahlini jilovlay olmaydiganlari o‘sha yerning o‘zida «razborka» qilib, mushtini ko‘rsatib keladi.
- Shunday holatlar yuz berganda hech kimga murojaat qilmaganmisizlar?
- Murojaat qilganmiz, «uchastkovoy»ga borsak, shartnoma tuzganmisan, deydi. Qanaqa shartnoma? Qachon mardikor bozorida shartnoma tuzilgan? Bu yerda qoida yo‘q, faqat ish bor, ishni bajaruvchi bor. Endi bu yog‘i har kimning insofiga bog‘liq.
- Har kuni qancha odam keladi mardikor bozoriga?
- Mingga yaqin odam keladi. Qish oylarida ko‘pchiligi ish topolmasligi mumkin. Ammo yozda odam yetmay ketadi. Ishning ko‘zini bilgan odam ishsiz qolmaydi, har holda.
- O‘rtacha bir oyda qancha mablag‘ topasizlar o‘zi?
- Uch million so‘mgacha topamiz. Yoz oylarida ko‘proq bo‘lishi mumkin.
- Keyingi paytlarda mardikor bozorlarida mehnat yarmarkasi o‘tkazilyapti, ammo ular bu korxonalarda ishlashni xohlashmayapti, degan fikrlar paydo bo‘lyapti. Shundaymi?
- To‘g‘ri tomoni shundaki, rostdan ham yarmarkalar tashkil etilyapti, ammo ularning ish haqi ko‘pi bilan bir million so‘m. Tabiiyki, bu pulga erkak kishi oilasini boqa olmaydi. Ehtimol, ayollar ishlashi mumkindir, lekin oila boshlig‘iga bu maosh to‘g‘ri kelmaydi-da. Men ko‘pdan buyon bozordaman. Ming xil fe’lli odam, necha xil maqsadlilarini ko‘rdim. Umumiy xulosalarimga tayanib aytishim mumkinki, bu yerga kelayotganlarning 30 foizining maqsad-muddaosi yo‘q, ichkilikka berilgan, bir so‘m topsayam aroqqa ketkazadigan, na jamiyatga, na oilasiga foydasi tegadiganlar. Shunchaki, ermak uchun kelayotganlar ham bor. Ammo 70 foizi oilam, bolam-chaqam deydigan kishilar, haqiqatan shu mehnati orqali qora qozoni qaynab turgan odamlar ular.
Yoki mardikor bozoridan yetishib chiqqan korchalonlar ham bor. Ya’ni shu yerda ish boshlab, shu yerning o‘zida ish beruvchilar bilan kelishib, bir guruh yigitlarga rahbarlik qiladi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Bunday kimsalarning «qo‘l ostidagi» yigitlar kimdir kelib, mehnat bozoridan ish taklif qilsa ishonmasligi mumkin, ammo o‘sha «rahbar»iga albatta bo‘ysunadi…
Xullas, hayotning mavjud qoidalariga, bugungi jamiyatga unchalik ham mos bo‘lmagan o‘z qoidalari bor, mardikor bozorida bilakda kuchning o‘zi kamlik qiladi. Ish izlayman, deb kelgan yigitlarga qarar ekansiz, navqiron yoshida turmush tashvishlari qaddini bukib qo‘yganini darhol his qilasiz. Ammo qaddi bukilsa-da, g‘ururi, ori bukilmaganday ularning. «Muammolaringiz bormi?» deb so‘raganlarga «Muammo yo‘q, halol mehnat qilamiz, uni qadrlashsa bo‘ldi», deyishdi. «Sog‘ligingizni tekshirtirib turasizmi?» deb so‘rasak, «Mehnat qilgan odam kasal bo‘lmaydi» deyishdi hozirjavoblik bilan.
Afsuski, juda ko‘p tilga olinsa-da, bu maskanni o‘zgartirish, zamonaviylashtirish masalasida ishlar siljimagan ko‘rinadi. Huquqiy maqomga ega mehnat byurolari tashkil etilishi esa hamon paysalga solinmoqda. Jamiyat emas, hayot qoidalari bilan yashayotgan, ishlayotgan ibtidoiy tuzum sharoitlari bilan kun ko‘rayotgan bu insonlarning haq-huquqlarini himoyalash, mazkur mehnat turini tizimga solish qachon ro‘yobga chiqarkan? Axir mamlakatning qudrati ham undagi sog‘lom ishchi kuchining ko‘pligida emasmi?
Gulruh MO‘MINOVA.