Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mardikor emas, olim bo‘lasan, deng

"Qara, o‘g‘lim, bu yer - Toshkent. Mana bu - “Ippodrom” bozori. Katta bo‘lsang, shu yerlarga kelasan. Mardikorlik qilasan!"...

Qishloqda 5-6 nafar sinfdosh do‘st tez-tez yig‘ilib turamiz. Bu qadrdonlarning ayrimlari oliy ma’lumotli bo‘lmasa-da, qo‘lida hunari bor, shuningdek, kitobga mehr qo‘ygan. Kimnikida to‘planishimizdan qat’i nazar, dasturxon oddiygina bo‘ladi. Har kim topganini qo‘yadi.  Ahamiyatlisi, dasturxonda spirtli ichimliklar bo‘lmaydi. Suhbat mazmunli o‘tadi.

Ba’zida farzandlarimizning ham bir-birlari bilan tanishishlari va oqibatli bo‘lishlarini istab, oilaviy tadbirlar tashkil etamiz. Ammo shu paytgacha bolalarni yig‘ib, ularning kelajakdagi orzu-umidlari haqida so‘ramagan ekanmiz. Yaqinda o‘tkazilgan ana shunday do‘stlar uchrashuvida farzandlarimizning maktabda o‘qiydiganlarini bir joyga to‘plab, har birining qiziqishlari haqida so‘radik. Ular kelajakda qaysi kasb egasi bo‘lishni istayotgani, ayni paytda qaysi to‘garaklarga qatnab, vaqtini nimalarga sarflayotgani xususida gapirib berdi. Qiziqqonligim tufayli ularga o‘tilgan darslaridan birin-ketin savol bera boshladim. Javoblar esa meni qoniqtirmadi. Ammo ularning o‘qishga, ayniqsa, ingliz tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi borligi quvonarli edi.

Bir o‘rtog‘im davlat tashkilotlarida ishlayotgan do‘stlarimiz haqida iliq so‘zlar aytib, agar vaqtini behudaga sarflamasdan ko‘proq kitob o‘qisa, ular shu amakilaridek bo‘lishini aytdi.

- Masalan, Akmal oliy o‘quv yurtida o‘qimagan bo‘lsa ham birovdan kam emas, - dedim. – Qo‘lida hunari bor. Vaqtida juda yaxshi o‘qigan. Turizm kollejini tamomlab, Samarqand davlat arxitektura va qurilish institutiga shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan. O‘sha paytdagi iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli o‘qiy olmagan. Kollejni bitirganlarga esa ish topish oson bo‘lmagan. Shundan so‘ng pul topish ilinjida xorijga ketgan. O‘sha paytdagi qiyin sharoit ko‘pgina yoshlarning orzusini chippakka chiqargan. Qobiliyatini, shashtini so‘ndirgan.

- Akrom do‘stimiz-chi? – suhbatga qo‘shildi o‘rtog‘im Dilshod. – Maktabda biologiya va kimyo fani bo‘yicha undan o‘tadigani yo‘q edi. Hamma uning shifokor bo‘lishiga ishonardi. Barcha o‘qituvchilarning undan umidi juda katta edi. O‘sha paytdagi oliy ta’lim muassasalariga kirishda “shpargalka”dan foydalanish, birovning o‘rniga birov imtihon topshirishi va boshqa shu kabi qing‘ir ishlar tufayli tibbiyot institutiga davlat granti asosida o‘qishga kirolmagan. “Kontrakt”da o‘qish esa qiyin masala edi.

- Eslaringdami? – dedi do‘stim Ilhom. – Bir qop un topish uchun bir oy qora mehnat qilardik. Aynan biz maktabni bitirayotgan paytda go‘shtni qo‘ya turing, nonga pul topish muammo edi. Yozgi ta’til paytida ukam bilan Jizzax viloyatida, bir rais buvanikida loyhandaqda ishlaganmiz. Ikkovlon 3 oy davomida qiynalib topgan pulimiz 500 kilo bug‘doyga yetgan. Uni tegirmondan un qilib chiqarib kelganmiz. 50 kilosini tegirmonchi xizmat haqiga olib qolgan. Oilada ko‘pchilikmiz. Qishdan chiqib olish uchun yana shuncha bug‘doy kerak bo‘lgan. O‘qishga ketsak, uydagilar qiynalib qolishini o‘ylaganmiz.

- Xullas, har biringizning otangiz o‘qishga intiluvchan, kitobxon bo‘lgan, - dedim bolalarga. – Bugun esa o‘zlarining armonga aylangan orzularini siz, farzandlari orqali ro‘yobga chiqarishga intilyapti. Mana, har biringiz qo‘shimcha to‘garaklarga boryapsiz. Sizdan faqat o‘qish talab qilinyapti. Har qanday kishida qobiliyat, iste’dod bo‘ladi, uni rivojlantirish uchun esa harakat qilish kerak, xolos. Hozir yoshimiz 40 dan oshgan, ammo hech birimiz o‘qishdan, izlanishdan to‘xtaganimiz yo‘q. Ahror do‘stim yaqinda chilangarlik bo‘yicha 6 oylik kursda o‘qib keldi. Nurmuhammad ko‘p hunarli bo‘lsa ham ikkita chet tilini o‘rganyapti.

Xoh tashkilot rahbari bo‘lsin, xoh oddiy ishchi, do‘stlarimning har biri farzandining kelajakda kamida ikkita chet tilini o‘rganishini, nufuzli oliy ta’lim muassasasida  o‘qishini istaydi. Buning uchun har biri jon kuydirib, mehnat qilyapti. Ro‘zg‘ordan orttirgan pulini kitob sotib olish, qo‘shimcha to‘garaklar uchun sarflashga harakat qilyapti. Bundan xursand bo‘laman.

Aslida aksariyat ota-onalar farzandining o‘qimishli bo‘lishini xohlaydi, ammo ayrimlarini bolalarining kelajagi deyarli qiziqtirmaydi.

Hech esimdan chiqmaydi. Poytaxtdagi katta bozor darvozasi yaqinida bir tanishim bilan suhbatlashib turgandik. Sal narida oddiy kiyingan, chamasi 7-8 yoshli o‘g‘lini yetaklagan bir kishi e’tiborimizni tortdi.

- Qara, o‘g‘lim, bu yer - Toshkent, - dedi u. – Mana bu - “Ippodrom” bozori. Katta bo‘lsang, shu yerlarga kelasan. Mardikorlik qilasan!

To‘g‘risi, ustimdan kimdir bir chelak suv quygandek bo‘ldi. Tilimni tiyib turolmadim.

- Aka, - dedim baland ovozda. – Bu gapingizning o‘rniga “Kelajakda shu shaharda o‘qiysan, oliy ma’lumotli bo‘lasan. Nufuzli tashkilotlarda ishlaysan”, desangiz bo‘ladi-ku!

U qizarib ketdi. Xato qilganini sezdi...

Farzandlarimizning kelajagi uchun qayg‘urishimiz shart. Ularning kelajagi bizning bugunimizdan ko‘ra anchagina yorqin bo‘lishi mumkinligini anglatishimiz kerak. Chunki, bugun o‘qish istagida bo‘lganlarga imkoniyatlar keng. Ularga boridan oqilona foydalanish, o‘tayotgan har daqiqaning o‘z vaqtida qadriga yetish zarurligini uqtirish lozim.

To‘lqin SIDDIQOV.