Mars jumbog‘i

Mars Quyosh tizimida Yerdan keyin to‘rtinchi sayyora, ikki yo‘ldosh – Fabos va Daymosga ega. O‘z o‘qi atrofida aylanish vaqti salkam Yer bilan barobar – 24 soat 37 minut.

Yerdan ko‘rinadigan Quyosh tizimidagi sayyoralar orasida aynan Mars doimo astronomlar diqqatini jalb qilib kelgan. Uning qizil rangdaligi etiborni tortgan va shu bois qadimgi xalqlar Marsni urushlar xudosi, deb hisoblashgan.

Marsni tadqiq qilishga urinish qadimgi Misr va Bobilda 3,5 ming yil avval boshlangan va astronomlar sayyorani joylashgan o‘rnini oldindan aytish uchun matematik usullar ishlab chiqishgan.

Marsni birinchi teleskopik kuzatuv 1610 yilda italyan olimi Galileo  Galiley tomonidan amalga oshirilgan. XVII asrda astronomlar sayyorada bir-biridan yorqinligi bilan ajralib turadigan qutb muzliklar qalpog‘ini va Katta Sirt deb nom olgan ulkan qora dog‘ni aniqlashgan.

XIX asr boshlarida teleskoplarning takomillashuvi Mars yuzasini xaritaga tushirish imkonini berdi. Birinchi xarita 1840 yilda e’lon qilingan. Keyinchalik astronomlar tomonidan Qizil sayyorada suv molekulalarining spiralsimon chizig‘i aniqlangach, odamlar o‘rtasida Marsda hayot bo‘lishi ehtimol, degan fikr uyg‘ongan. 1877 yilda amerikalik astronom Persivol Louell Marsda sun’iy kanallar tarmog‘i borligini ko‘rganligini aytgach, sayyoraga qiziqish yanada kuchayib ketdi.

Qizil sayyorani tadqiq qilishning yangi bosqichi 1960 yilda boshlandi. Sovet kosmik apparatlari “Mars”lar ketma-ket sayyora tomon uchirildi. O‘shandan buyon ko‘plab sovet, amerika kosmik apparatlari Mars tomon uchirildi va ular sayyora haqida qimmatli malumotlar, suratlarni Yerga uzatdi. Mars atmosferasini o‘rganish hozir ham davom etmoqda. Amerikaning “Viking- I”, sovet “Marsaxod”lari Mars atmosferasi va tuprog‘i haqida juda ko‘p qimmatli ma’lumotlarni Yerga uzatgan. Bu tadqiqotlarga hozirda Xitoy, Hindiston kabi davlatlar ham faol qo‘shilgan. Albatta, Marsni o‘rganish jarayonida sayyora haqida ma’lumotlar ko‘paymoqda. Biroq tadqiqotlar chuqurlashayotganiga qaramay, Mars jumboq sayyoraligicha qolmoqda.

Amerikalik milliarder Ilon Mask kompaniyasi yaqin yillarda Marsga turistik parvozlarni yo‘lga qo‘ymoqchi. Ehtimol, o‘shanda bizga jumboq bo‘lib kelayotgan yaqin sayyora o‘z sirlarini ochar...

T.Shomurodov tayyorladi.