Masala ko‘p, ammo natija muhim

Xalq deputatlari viloyat Kengashining o‘ttiz yettinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiya ishini xalq deputatlari viloyat Kengashi kotibiyati mudiri Sh.Yo‘ldoshev boshqardi.
Deputatlar dastlab sessiya ish va kun tartibini tasdiqlab oldi.
Kamchiliklarni hal etishga bir oy muddat
Sessiya ishida Samarqand tumani hokimi N.Mavlonovning qayd etishicha , hududda tadbirkorlik sub’yektlari soni 5 344 tani (o‘tgan yilga nisbatan 127 foiz), shundan kichik biznes sub’yektlari 3567 tani tashkil etmoqda.
Xorijiy tillar qanday o‘qitilyapti?
Sessiyada muhokama qilingan ushbu masala bo‘yicha Samarqand davlat chet tillar instituti rektori I.To‘xtasinov va viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Z.Shodiyevaning hisoboti tinglandi.
Qayd etilishicha, viloyatdagi ixtisoslashtirilgan maktablarda xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha Samarqand davlat chet tillar instituti tayanch oliy ta’lim muassasasi etib tasdiqlangan.
Mavjud umumta’lim maktablari negizida xorijiy tillarni o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etish bo‘yicha viloyatimizdan 18 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi institutning 13 ta mutaxassislik kafedralariga biriktirilgan. Ushbu maktablarni texnik vositalar bilan jihozlash maqsadida 2 milliard 322 million so‘m ajratiladi.
- 2020/2021 o‘quv yilida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida 734 ming 398 nafar o‘quvchiga 5 ming 404 nafar chet tili o‘qituvchilari dars berdi, - deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Z.Shodiyeva. – Xorijiy tillar o‘qituvchilarining 97,6 foizi oliy, 2,4 foizi esa tugallanmagan oliy ma’lumotli.
Qayd etish lozimki, joriy yilda umumiy o‘rta ta’lim maktablarini 11-sinfini bitirayotgan 199 nafar o‘quvchi muddatidan oldin xorijiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi. 147 nafar bitiruvchi esa xalqaro sertifikat (IELTS bo‘yicha 141 nafar, CEFR bo‘yicha 6 nafar) oldi.
Bunday muvaffaqiyatlar ko‘lamini kengaytirish maqsadida Nurobod, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on va Payariq tumanlariga boshqa viloyatlardan o‘qituvchilar (Buxorodan 2, Navoiydan 2, Jizzaxdan 2, Qashqadaryodan 2 nafar) ishga qabul qilindi. Biroq maktablarimizda yangi o‘quv yili uchun yana 95 nafar ingliz, 10 nafar nemis va 4 nafar fransuz tili o‘qituvchilariga ehtiyoj mavjud.
Sessiya ishida ushbu ehtiyojni qondirish, umuman, xorijiy tillarni o‘qitishni chuqurlashtirish borasida rejalar atroflicha muhokama qilindi. Mutasaddilarga bu borada zarur tavsiyalar berildi.
Haq to‘lanadigan jamoat ishlari
Sessiyada viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘ining haq to‘lanadigan jamoat ishlarini tashkil etish borasida yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan chora-tadbirlar yuzasidan hisoboti eshitildi. Hisobotda qayd etilishicha, joriy yilda 18 ming 205 nafar fuqaroni haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilish va buning uchun 19,1 milliard so‘m mablag‘ ajratish bo‘yicha xarajatlar smetasi tuzilgan.
Biroq o‘tgan 6 oy davomida buyurtmachi-ish beruvchilarning buyurtmalariga asosan 8 ming 448 nafar ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolarni jamoat ishlariga jalb etish uchun 8 milliard 239,4 million so‘mlik yig‘ma buyurtmanomalar shakllantirilgan.
Prezident topshiriqlari amalda (mi?)
Sessiya ishida mazkur masala yuzasidan viloyat hokimligi tashkiliy-nazorat guruhi rahbari B.Rahmatullayev hisoboti ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanishicha, davlatimiz rahbarining 2017 yil 9 avgustdagi “Ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishi bilan “Ijro.gov.uz” elektron tizimi joriy qilingan. Tizim orqali viloyatga 869 ta hujjat asosida 5 ming 954 ta topshiriq kelib tushgan. Ushbu topshiriqlarning 4 146 tasi ijro etilgan, lekin 724 tasi ayrim sabablarga ko‘ra muddatidan kech bajarilgan, 1796 ta topshiriq ijro etilayotgan bo‘lsa, 12 ta topshiriq qo‘shimcha muddat talab qilinayotganligi sababli bajarilmagan.
Ijrosi kechikayotgan Prezident topshiriqlari yuzasidan deputatlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytarildi. Bu borada galdagi vazifalar belgilanib, tegishli qaror qabul qilindi.
Deputatlar shuningdek, xalq deputatlari viloyat Kengashining joriy yil II yarim yilligiga mo‘ljallangan ish rejasini tasdiqlab oldilar.
Bundan tashqari, viloyatni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining turmush tarzi va ijtimoiy muhofazasini yaxshilash bo‘yicha ishlarni tashkil etish yuzasidan ishlab chiqilgan chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi. Muhokamalardan so‘ng tegishli tuzatishlar kiritilib, “Yo‘l xarita”lari tasdiqlandi.
Sessiyada viloyat hokimining o‘rinbosarlari tasdiqlandi .