Mashhur shoir nima uchun Erkin Qaytarovni surishtirgandi?

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Erkin Qaytarov Zarafshon vohasining taniqli hofizi. Bugungi kun qo‘shiqchiligi haqda san’atkor bilan suhbatlashdik.

– Bir she’r turli shaklda qo‘shiqqa aylanadi yoki turli hofizlar tomonidan kuylanadi. Albatta, hofiz istagan she’rni qo‘shiq qilishi mumkin. Ammo shunisi aniqki, qo‘shiqning haqiqiy bahosini xalq beradi.

– Albatta! Bir paytlar ustoz shoir Abdulla Oripovning “Sen qaydan bilasan?” she’rini ashula qilgandim. Bir kuni radioga borsam, “Abdulla aka seni so‘radi, uchrashar ekansan”, deyishdi. Bu xabardan biroz hushyor tortdim. She’rni Abdulla akadan so‘ramagandim-da. Ammo Yozuvchilar uyushmasiga bir necha marta borsam ham u kishi bilan uchrasholmadim. Doim ish bilan safarda edi.

Bir kuni Samarqandda tadbirdan endi chiqib ketayotgandim Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Normurod Narzullayev va Usmon Azim suhbatlashib turgan ekan. Yaqinroq borib, Abdulla aka bilan gaplashish imkonini topdim. Avval uzrimni aytdim, so‘ng sizning she’ringizni qo‘shiq qilgan Erkin Qaytarov bo‘laman, dedim. Abdulla akaning yuzi yorishdi. Meni o‘zlarining davrasiga olib borib, “Erkin aka, shu hofizni bir duo qiling. She’rimni qaysidir guruh qo‘shiq qilganida qanchalik xafa bo‘lgan bo‘lsam, mana shu yigitning ijrosini eshitib, shuncha xursand bo‘lganman”, dedi.

Erkin Vohidovning “Do‘st bilan obod uying” she’rini ko‘p ustoz san’atkorlar qo‘shiq qilgan. Men ham uni o‘z talqinimda ijro qilib yurardim. Paytdan foydalanib, Erkin akadan ham ruxsat oldim. “Hozir eshitamiz”, dedi u kishi. Zalga qaytdik, barchasini o‘z talqinimda ijro etdim. Ular ham, tomoshabinlar ham olqishladi.
– Mumtoz qo‘shiqlarning targ‘ibotiga, zamondosh hofizlarning san’atdagi o‘rniga e’tibor kamdek. Bu esa yengil-yelpi qo‘shiq ijrochilariga qo‘l keladi. Ular o‘zlarining “ijod mahsuli” bilan yosh avlod ongini osongina egallab olyapti.

– To‘g‘ri, ba’zan shunday bo‘ladiki, tinglovchilik madaniyati yo‘q, ayniqsa, yoshlar tashkil qilayotgan davralarda. Bunday vaziyatda tinglovchi e’tiborini jalb qilish hofizning o‘ziga ham bog‘liq. Ishining chinakam ustasi bo‘lsa, har joyda o‘z o‘rnini topadi. Nazarimda, yoshlarni ayblashdan avval, ularga o‘rnak bo‘lishimiz kerak. Avval ulug‘ ustozlarni tanitishimiz, oz bo‘lsa-da, iste’dodli yoshlarni tayyorlab, olib chiqishimiz, yosh hofizlarga yo‘l berishimiz lozim. O‘z tengqurlari maqomlardan ijro etayotganini ko‘rsa, ular tinglaydi, o‘rnak oladi, estrada bilan solishtirib, mumtoz ashulaning vaznini his qiladi.

E’tirof etish kerak, keyingi yillarda mumtoz qo‘shiqchilik, baxshichilik, umuman, milliy an’analarimizga e’tibor oshdi. Hukumat darajasida alohida chora-tadbirlar belgilanyapti. Yaqinda Prezidentimizning bu bo‘yicha qarorlari chiqdi. Unda san’atkorlarga ko‘p imtiyozlar, jonli ijroda konsert dasturini olib boruvchi san’atkorlarga chegirmalar nazarda tutilgan. Endi maktablarda har bir o‘quvchi bitta musiqa asbobini chalishni o‘rganishi lozim. Har qanday kishi rubobni qo‘liga ushlagandan keyin milliy kuylarni chaladi, albatta. Qolaversa, ushbu qaror bilan xodimlarning konsert dasturlariga borishini tashkil qilish, xarajatlarini qoplash uchun tashkilot rahbarlariga ham alohida mas’uliyat yuklatildi. Bu ishlar mumtoz qo‘shiqchilik rivojiga katta turtki bo‘lishi shubhasiz.

– Konsert dasturingizni “Dunyo, dunyo” deb nomlabsiz...

– Xalqning e’tiborini qozonish uchun ijod qilishdan to‘xtamaslik kerak. O‘tgan konsertimni, xabaringiz bor, “Onamga o‘xsha, qizim” deb nomlagan edim. Qizim bir kuni she’riy kitob ko‘tarib keldi. Kitobni ochishim bilan “Onamga o‘xsha, qizim” nomli she’rga ko‘zim tushdi. Konsertimning nomlanishiga shu sabab bo‘ldi. Onam menga ulg‘ayganimda ham g‘amxo‘r edi. Kichik xatolarimni ham aytib turardi. Shundan qizimning ham onamga o‘xshashini istagandirman.

Kelgusi konsertimning nomlanish tarixi ham bir voqea bilan bog‘liq. Ulug‘ hofiz Nazirjon Nazarov vodiydan konsertimga keldi. U kishining kelganidan xursand bo‘ldim. Men ularga biror asaringizni ayting, men uni siz istaganday ijro qilay, dedim. Shu nomdagi ashulasini aytib ko‘rishimni maslahat berdi. Uni yangicha talqinda aytdim. Shundan so‘ng konsertimni ham “Dunyo, dunyo” deb nomlash o‘zimga ma’qul tushdi.

Hozir ushbu konsertoldi ishlari bilan bandman. 25 fevralda bo‘ladigan konsert dasturimg Zarnews.uz sayti muxlislarini va barcha qo‘shiq ixlosmandlarini taklif qilaman.

Sulaymon Mardiyev suhbatlashdi.